Noshirlik (nashriyot ishi) – nashriyotlar tashkil etish, kitoblar, gazeta, jurnallar, tasviriy sanʼat asarlari va boshqalar. Bosma mahsulotlarini tayyorlash, nashr qilish va uni tarqatishga oid soha. Nashriyotlar chiqaradigan mahsulotining turiga qarab – kitob nashriyoti, kitob-jurnal nashriyoti, gazeta-jurnal nashriyoti va boshqalar, qanday oʻquvchilarga moʻljallanganligiga koʻra – ilmiy adabiyot, ommaviy adabiyot, bolalar adabiyoti, oʻsmirlar adabiyoti nashriyotlari va hokazoga boʻlinadi; mavzusiga koʻra – universal va muayyan sohaga ixtisoslashgan nashriyotlar bor. Universal nashriyotlar (Mas, „Oʻzbekiston“ nashriyoti) barcha xil yoki koʻp turdagi, ixtisoslashgan nashriyotlar (Ibn Sino nomidagi nashriyot va b.) muayyan soha boʻyicha kitoblar nashr etadi.
Kitobchilik ishi kitob bosish paydo boʻlishidan bir necha ming yillar oldin mavjud boʻlgan. Xususan, Oʻrta Osiyoda miloddan avvalgi asrlardayoq kitobchilik ishlari bilan shugʻullanganlar. Bu yerda arablar istilosiga qadar anchagina nodir kitoblar yaratilgan (qarang: Kitob). Arab xalifaligi davrida ham bu ish taraqqiy etdi. Tarixchi, xushnavis, qogʻozchi, muqovasoz, bezovchi (lovah) va shahri k. kasb egalari yetishdi. Tarixchi-yozuvchilar asarlarini ilgarigidek oʻzlari koʻchirib oʻtirmasdan bu ishni ulardan tez va yaxshiroq bajara oladigan mutaxassislarga topshiradigan boʻldilar. Kitoblarni, asosan, qoʻlda maxsus xushnavislar koʻchirib koʻpaytirganlar. Shu tariqa xattotlik sanʼati (kalligrafiya) yuzaga keldi va takomillashib bordi. Kitob betlarini turli oʻlchamdagi kataklarga boʻlish, sahifalarning chetlariga rang-barang chiziqlar, naqshlar chizish, kitob nomini muqovasiga va zarvaraqlariga oltin harf bilan yozish kitob bezagining odatdagi uslubiga aylandi. Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy va b.ning asarlari faqat mazmun jihatidan emas, kitobat sanʼati bilan ham nodir hisoblanadi. Ularning koʻplari jahondagi yirik kutubxonalarda qimmatli yodgorliklar sifatida saqlanadi.
Oʻrta Osiyoning moʻgʻullar tomonidan bosib olinishi (XIII asrning 1-yarmi) butun madaniy hayotda boʻlgani kabi kitob yaratish va tarqatish ishlarini ancha sustlashtirdi. Temuriylar hukmronligi davrida u yana rivojlandi. Ayniqsa, Shohrux, Ulugʻbek davrida adabiy faoliyatda, xususan, kitobchilik ishlarida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Shohruxning oʻgʻli Boysungʻur tashabbusi bilan Hirotda katta bir kutubxona-ustaxona tashkil etilib, unga oʻz davrining mashhur kotiblari, mukrvasozlari, rassom-naqqoshlari va b. kitobsoz mutaxassislar jalb etilgan. Ularga zarur kitoblarni koʻchirib yozish va koʻpaytirish vazifasi yuklangan edi. Ustaxonada har bir qoʻlyozma kitob bir necha mutaxassis qoʻlidan oʻtardi. Alisher Navoiy oʻzbek xalqi maʼnaviy xazinasini boyitgan asarlar yozish bilan birga badiiy qoʻlyozma sanʼatini yanada rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi. XV asr va XVI asrning 1-yarmidagi badiiy qoʻlyozma sanʼatining uslub va anʼanalari keyingi yillardagi kalligrafiya sanʼatining asosini tashkil etdi. Minglab xattotlar shu davrning ustalaridan namuna oldilar, ularga ergashdilar (yana qarang Kitobat sanʼati).
Nashriyot bosma mahsulotlari chiqaradigan korxona, muassasa sifatida Yevropada XVI asrda paydo boʻldi. Bosmaxonalarning yiriklashishi, ayrim kitoblar nashri ustida uzoq, muddat ishlash, ishlab chiqarishni texnika va mablagʻ bilan taʼminlash, kitob savdosini tashkil etish zaruriyati maxsus kasb egalari – matbaachi-noshirlar paydo boʻlishini taqozo qildi. XIX asrga qadar nashriyotlar kitobchilik ishining barcha jarayonlari (tahririy ish, bosmaxona, reklama tarqatish va b.)ni oʻz ichiga olgan. XIX asr oʻrtalarida poligrafiya sanoati oʻsib, yangi, kuchli texnika bazasining vujudga kelishi bilan noshirlik ishida nashriyot va poligrafiya korxonalarining ixtisoslashish jarayoni boshlandi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida nashriyotlar yalpisiga aksiyadorlik jamiyatlari kabi tashkilotlarga aylandi, keyinroq kitob va gazeta-jurnal nashriyotlari trestlari vujudga keldi. Rossiyada ham noshirlik ishi bilan shugʻullanadigan bir qancha firmalar boʻlgan.
XIX asrning 2-yarmida Rossiyaning chekka oʻlkalarida, jumladan, Turkistonda ham noshirlik ishi yuzaga kela boshladi. Turkistonda kitob nashr etish bilan dastlab podsho Rossiyasi statistika qoʻmitalari shugʻullandi. Bu qoʻmitalar Turkiston oʻlkasiga oid turli maʼlumotlarni, keyinchalik turkistonshunos rus olimlarining ilmiy ishlarini nashr qildirgan. 1868-yildan 1910-yilgacha Turkistonda nashr etilgan kitoblarning asosiy qismini ruscha kitoblar tashkil etgan. Turkistonda kitoblar nashr etishda Toshkentdagi O. A. Porsev, V. M. Ilin, Samarqanddagi G. I. Demurov bosmaxonalari mashhur boʻlgan. 1910—17 yillarda oʻzbekcha nashr qilingan kitoblarning koʻplari shu bosmaxonalardan chiqqan. 1874-yil Xivada Muhammad Rahimxon II (Feruz) tomonidan tashkil etilgan bosmaxona to 1910-yilga qadar kitob nashr etgan. Oʻlka aholisi oʻrtasida nodir qoʻlyozma asarlarni koʻplab nusxalarda nashr etib tarqatishda, ayniqsa, Toshkentda „Gʻulomiya“, Namanganda „Is’hoqiya“ nomi bilan maʼlum boʻlgan bosmaxonalar muhim rol oʻynagan. „Gʻulomiya“ning tashkilotchisi Gʻulom Hasan Orifjonov oʻz faoliyatining dastlabki yillarida oʻrtaosiyolik buyuk mutafakkirlarning mashhur asarlarini nashr etishga eʼti-bor bergan. „Isʼhoqiya“ bosmaxonasida uning tashkilotchisi maʼrifatparvar va rus tilining ilk targʻibotchilaridan Isʼhoqxon toʻra Junaydullo Eshonov koʻpgina asarlarni nashr etgan.
XX asrning 10-yillarida Turkistonda kitob nashr ettirish va omma oʻrtasida tarqatish ishlari bilan shugʻullanuvchi shirkatlar, birlashmalar, firmalar paydo boʻldi. „Russkaya okraina“, „Turkestanskoye tovarishestvo pechatnogo dela“, „Madaniyat“, „Maktab“, „Turkiston kutubxonasi“ noshirlik ishi shirkatlari shular jumlasidandir. Bu shirkatlarga mahalliy aholining badavlat va maʼrifatparvar kishilari, jadidlar, shuningdek, ilgʻor kayfiyatdagi rus kishilari, tatar ziyolilari uyushgan edi.
Oktabr toʻntarishidan soʻng, bosmaxonalar musodara qilinib, davlat ixtiyoriga oʻtkazildi. 1918-yil Turkiston MIK huzurida Milliy ishlar xalq komissariyatida va Matbuot byurosida nashriyot boʻlimlari tuzilib, mahalliy tilda siyosiy adabiyotlar nashr etila boshladi. Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligining nashriyot boʻlimi darsliklar chiqarishga harakat qildi. Shu davrda boshqa turli idoralar ham oz miqdorda bosma mahsulotlar chiqarardi. Kitoblar Turkiston matbuot mar-kaziy boshqarmasi („Turksentropechat“) tomonidan bepul tarqatilardi. 1920-yil martda Turkiston MIK Turkiston davlat nashriyoti (Turkdavnashr) taʼsis etish haqida qaror qabul qildi. Bu Oʻrta Osiyodagi ilk kitob nashriyoti boʻlib, unga oʻlkadagi barcha nashr ishlarini birlashtirish, qogʻoz taqsimoti va bosmaxona jihozlarini nazorat etib, rahbarlik qilish vazifalari yuklandi. Fuqarolar urushi tamom boʻlib, harbiy intervensiya tugatilgandan keyin barcha nashr ishlari yangi iqtisodiy siyosatga muvofiq qay-ta qurildi. XKS ning 1921-yil 28 noyabrdagi qarori bilan nashrlar pulli boʻlib, kitob savdosi joriy qilindi. Nashriyot va poligrafiya korxonalari xoʻjalik hisobiga oʻtdi. 1923-yilda Turkdavnashr Oʻrta Osiyo nashriyoti deb atala boshladi. Bu nashriyot 1921-yildan 1924-yilgacha 1184 nomda 3 mln.dan ortiq nusxada kitob nashr etdi. Turkistonda nashriyot ishini yoʻlga qoʻyishda I. I. Geyer, Gʻulom Hasan Orifjonov, Isʼhoqjon Ibrat, Abdurahmon Sayyoh So-diqov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov va b. salmoqli hissa qoʻshdilar.
Oʻrta Osiyoda milliy-davlat chegaralanishidan soʻng (1925) Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti negizida Oʻzbekiston davlat nashriyoti – Oʻzdavnashr (hozirgi „Oʻzbekiston“ nashriyoti) tashkil topdi. 1925-yil Oʻzbekistonda 334 nomda 1,5 mln.dan ortiq tirajda kitob nashr etildi.
30-yillar nashriyot ishida keskin burilish davri boʻldi. Nashriyotlar mahsulotlarining gʻoyaviy-siyosiy yoʻnalishda partiyaviylik hukmronligi mustahkamlandi. Marksizm-leninizm asarlarini oʻzbek tilida chiqarish maqsadida Oʻzbekiston K.P MK huzurida Partiya nashriyoti (Oʻzpartnashr) tashkil etildi. 30-yillarning 2-yarmida tegishli xalq komissarlari va tashkilotlarining ixtisoslashgan tarmoq nashriyotlari barpo etildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida nashriyotlar front va mamlakat ichkarisidagi ehtiyojga muvofiq qayta qurildi. Oʻzbekistondagi 8 mustaqil nashriyot Oʻzdavnashrga birlashtirilib, matbaa korxonalari ham uning ixtiyoriga berildi. Ayrim muassasalarga qarashli nashriyotlar yopildi. Kitoblar nashri keskin qisqardi.
Urushdan keyingi yillar ixtisoslashgan nashriyotlarni tiklashga harakat qilindi. 1950-yil „Oʻquvpeddavnashr“ (xrz. „Oʻqituvchi“ nashriyoti) tiklandi; 1957-yil Adabiyot va sanʼat nashriyoti; 1959-yil Meditsina nashriyoti; 1960-yil „Yosh gvardiya“, 1964-yil Nukusda „Qoraqalpogʻiston“ nashriyoti, 1968-yilda Toshkentda Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh tahririyati ochildi. Nashriyot ishlariga rahbarlikni yaxshilash maqsadida 1963-yil Oʻzbekiston Ministrlar Soveta huzuridagi matbuot komiteti tashkil etildi (1978-yildan Oʻzbekiston Nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komiteti, keyinchalik, Davlat matbuot qoʻmi-tasi). Nashriyotlar mahsulotlari kommunistik mafkuraga xizmat qilishga qaratildi. Shu maqsadda juda koʻp nomda va nusxada marksizm-leninizm asarlari, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashr etildi. Ayni vaqtda Alisher Navoiyning 15 jildli asarlari, Hamza, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Mirtemir kabi yozuvchilarning saylanma asarlari, jahon mumtoz adabiyoti namunalari chiqarildi.
Lekin, sovetlar tuzumida Oʻzbekistondagi nashriyotlarning moddiy-texnika bazasi rivojlangan mamlakatlar darajasidan ancha orqada edi. Aksariyat bosmaxonalarda hamon qoʻlyozmalar qoʻrgʻoshin bilan quyuladigan harflarda terilardi. Bosish usullari ham eskicha. Shu sababli bosilgan kitoblarning matbaa ijrosi sifatsiz edi. Nashriyotlarda muharrirlar „siyosiy xatolar“ oʻtkazib yubormaslik uchun muk tushib qoʻlyozma, korrekturalarni qayta-qayta oʻqishardi, ayniqsa, diniy, tarixiy adabiyotlarga „ehtiyot“ boʻlishardi. Mana shu ehtiyotkorlik tufayli Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Fan“ nashriyotida nashr etilgan Alisher Navoiyning akademik nashridan (15 jildli) „ilohiy“ va b. mazmundagi sheʼrlar olib tashlandi va hokazo. Nashriyotlarning yillik rejalari markazdan qatʼiy nazorat qilinardi. Ijtimoiy fanlardan mahalliy mualliflar darsliklar yozishlariga imkon qadar yoʻl berilmasdi. Markazda nashr etilgan darsliklar, asosan, tarjima qilinardi.
XX asrning 50-yillaridan keyingi davrlarida Oʻzbekistonda nashriyot ishini, matbaachilikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishda Jalolxon Azizxonov, Fayzulla Yunusov, Vohid Valiyev, Toʻlqin Rustamov, Abdulla Urazayev, Aziz Klebleyev, Vali Rahim, Fayzulla Ergʻoziyev, Meli Joʻra, Yunus Yusupov, Nasrullo Oxundiy, Adham Akbarov, Ziyod Yesenboyev, Abduvosiq Abduvaliyev, Islom Shogʻulomov va b.ning xizmati kattadir.