Yevropa yoki Ovrupo — Yer sharining shimoliy yarimshari va qisman sharqiy yarimsharida joylashgan qitʼa boʻlib, Shimolda Shimoliy Muz okeani, gʻarbda Atlantika okeani, sharqda Osiyo va janubda Oʻrta dengizi bilan chegaradosh. Yevrosiyo materigining gʻarbiy qismini oʻz ichiga oladi.

Yevropaning maydoni 10,1 million km2, shundan 730 ming km2 ni orollar tashkil etadi. Yevropaning materikdagi chekka nuqtalari: shimolda Nordkin burni, janubda Marroki burni, gʻarbda Roka burni, sharqda Qutbiy Ural togʻining sharqiy etagi. Yevropa hududining 25%ni yarim orollar tashkil etadi, ularning eng yiriklari Kola, Skandinaviya, Yutlandiya, Bretan, Pirenei, Apennin, Bolqon, Qrim yarim orollari hisoblanadi. Yevropaga qarashli orol va arxipelaglardan eng yiriklari Yangi Yer, Frans-Iosif Yeri, Shpitsbergen, Britaniya, Islandiya, Irlandiya, Korsika, Sardiniya, Sitsiliya va Kritdir. Yevropa qirgʻoq chizigʻining umumiy uzunligi 38 ming km. Qirgʻoqlari kuchli yemirilgan, dengiz va qoʻltiqlar quruqlik ichkarisiga kirib borgan. Yevropa aholisining asosiy qismi fransuzlar tashkil etadi.

Tabiati Relyefining aksar qismi pasttekislik va qirlardan, 1/5 qismi togʻlardan iborat. Yevropa oʻrtacha (300 m chamasi) va maksimal (4807 m, Alp togʻlaridagi Monblan choʻqqisi) balandligi jihatdan boshqa qitʼalardan (Avstraliya bundan mustasno) keyinda turadi. Baʼzi rayonlari (Kaspiy boʻyi pasttekisligi — 28 m, Shimoliy va Boltiq dengizlari sohili) dengiz sathidan pastligi Yevropa relyefi tektonik tuzilishi va tarkib topishi tarixi jihatidan xilma-xil. Yevropaning sharqiy qismini Sharqiy Yevropa tekisligi egallaydi. Uning yuzasi toʻlqinsimon, tepalik koʻp, oʻrtacha balandligi 170 metr. Baʼzi joylari 200 m va undan ham balandroq boʻlib, quyidagi qirlar bor: Valroka burni — Yevropaning gʻarbiy eng chekka nuqtasi. Oʻrta Rus, Volga boʻyi, Dnepr boʻyi, Volin, Podolsk va boshqalar. Sharqiy Yevropa tekisligi asta-sekin Oʻrta Yevropa tekisligiga oʻtib boradi. Gʻarbiy Yevropaning katta qismi togʻlardan iborat. Janubda yosh burmali togʻlar koʻtarilib turadi, bular — Pirenei, Alp, Apennin, Karpat, Stara-Planina togʻlari, Dinara yassitogʻpigi. Yevropaning oʻrta qismi qadimgi togʻlar — Sevenna, Yura, Gars, Shvarsvald, Sudet va boshqalardan iborat. Qad. togʻlarga yana Grampian, Pennin, Skandinaviya togʻlari va Uralni kiritadilar. Yevropa relefining taraqqiyotida pleystotsen muz bosishlarining roli katta. Koʻp joylarda muzlik izlari hozirgacha saqlangan. Muzlikning asosiy markazi — Skandinaviya, kichikroq markazlari — Britaniya orollari, Alp va Karpat togʻlari boʻlgan. Muz qalinligi 2,0—2,5 km ga etgan.

Foydali qazilmalari Yevropada neft va gaz konlari paleozoy va mezozoy yotkiziqlari orasidan Alp togʻlari etagi va tog oraligʻidagi bukilmalarda (Ruminiya, Vengriya, Bolgariya, Italiya va boshqalari) neft neogen yotkiziqlari orasidan topilgan. Toshkoʻmir va qoʻngʻir koʻmirning katta konlari (Don, Lvov-Volin, Moskva yoni, Pechora havzalari, Polsha, GFR, Belgiya, Buyuk Britaniya) bor. Temir va marganes rudalari, boksit, rangli metallardan mis, nikel, kobalt, qoʻrgʻoshin, kumush konlari asosan gersinid mintakasida mavjud, kaliy va tosh tuzlari Ukraina, Belarus, Kaspiy boʻyi va Ural oldida hamda perm yotkiziklari orasida uchraydi. Apatit-nefelin rudalarining yirik konlari Kola yarim orolida, katta tuz konlari Daniya, GFR va Polsha hududlarida topilgan.

Iqlimi Yevropaning aksariyat qismi oʻrtacha kengliklarda joylashgan. Yevropada arktika, subarktika, muʼtadil va subtropik mintaqalar iqlim tiplari bor. Yevropaning arktika mintaqasidagi orollarida iqlim sovuq, qish uzoq, yoz qisqa (iyulning oʻrtacha harorati 5 °C dan past). Subarktika mintaqasida (Islandiya, Fennoskandiya, Shimoliy va Sharqiy Yevropa tekisligida) yoz uzoqroq va iliqroq, iyulda oʻrtacha harorat 10—12 °C. Qish gʻarbiy rayonlarda yumshoq, sharqda sovuq; yogʻin 400–1000 mm, bugʻlanish yogʻinga nisbatan kam. Moʻtadil mintaqaning (Yevropaning Oʻrta dengiz boʻyi va Qrimning janubidan boshqa qismi) shimolda iqlim sovuq, janubda iliq, gʻarbida dengiz iqlimi, sharqida esa moʻtadil kontinental, qish sovuq, yoz shimolda salqin, markazida iliq, janubda issiq. Subtropik mintakada iqlim Oʻrta dengiz tipli, qish iliq, seryomgʻir (yanvarning oʻrtacha harorati 4— 12°), yoz issiq va quruq. Qishda eng past oylik tralar Yevropaning shimoli-sharqida Pechora daryosi xavzasida boʻladi (bu yerda eng past harorat — 52 °C qayd qilingan). Umuman qish Sharqiy Yevropada sovuq. Sharqiy Yevropaning janubda qor bir oy, shimolda 7—9 oy erimaydi. Iyulda oʻrtacha harorat Yevropada Oʻrta dengiz atrofida (28—30°) va Kaspiy dengizi boʻyida (24—26°) eng yuqori, Arktika orollarida eng past (2— 4 °C) boʻladi. Eng yuqori harorat (48 °C) Pirenei yarim orolining janubida kuzatilgan. Yevropada yillik yogʻin miqdori gʻarbdan sharqqa tomon kamayib boradi. Atlantika okeaniga yaqin rayonlarda yiliga 1000– 2000 mm yogʻin yogʻadi. Sharqiy Yevropada yillik yogʻin miqdori 300–500 mm, Kaspiy dengizi boʻyida 200 mm va undan kam, Arktika orollarida 300–400 mm. Yevropaning katta qismida yillik yogʻin miqdori bugʻlanishga nisbatan koʻproq.

Ichki suvlari Ichki suvlari oqib turadigan suvning hajmi (2850 km3) jihatidan Yevropa Yer yuzida Janubiy Amerikadan keyin 2-oʻrinda. Yevropada suv oqimi gʻarbdan sharqqa va shimoldan janubga tomon kamayib boradi. Yevropaning katta qismi Atlantika okeani va uning dengizlari havzasiga, oz qismi Shimoliy Muz okeani va ichki havza — Kaspiy dengiziga mansub.

Yirik daryolari Sharqiy Yevropa tekisliklarida joylashgan. Volga daryosi uzunligi (3530 km), havzasining maydoni (1360 ming km2) va oʻrtacha yillik suv sarfi (8000 m/ sek) boʻyicha 1-oʻrinda. Boshqa daryolari: Ural, Dnepr, Don, Pechora, Dnestr, Shimoliy Dvina. Gʻarbiy Yevropadagi eng katta daryolar: Dunay (uzunligi 2850 km, havzasining maydoni 817 ming km2), Reyn, Elba, Visla, Luara, Taxo, Odra. Daryolar Sharqiy Yevropa tekisliklarida kordan, qisman yomgʻirdan, Oʻrta Yevropa tekisliklarida, asosan, yomgʻirdan, Alp togʻlarida kor, yomgʻir, qisman muzliklarning erishidan, Oʻrta dengiz boʻyidagi karst relefli rayonlarda grunt suvlaridan toʻyinadi. Yevropa daryolariga oqimni tartibga solib turuvchi koʻplab suv omborlari va boshqa suv inshootlari qurilgan, ularning koʻpchiligi oʻzaro va koʻllar bilan kanallar orqali bogʻlangan, natijada ularning transport ahamiyati ortgan.

Koʻllar Yevropada notekis taqsimlangan. Ular asosan, toʻrtlamchi davrda muzlik bosgan erlarda joylashgan. Tekisliklardagi koʻllar: Ladoga, Onega, Venern, Balaton, Vettern, Melaren, Imandra; togʻ etagida joylashgan koʻllar: Jeneva, Lago-Majore, Komo, Garda va boshqa Baland togʻ tepalarida „alp“ koʻllari, Apennin yarim oroli va Islandiyada vulqon koʻllari bor. Koʻllarning suvi chuchuk. Janubi-sharqdagi arid rayonlarda koʻl suvi shoʻr va juda minerallashgan (Elton, Bosqunchoq). Yevropaning Osiyo bilan chegarasida dunyodagi eng katta koʻl — Kaspiy dengizi joylashgan. Yevropaning shimoliy va shimoli-sharqida botqoqlik koʻp.

Muzliklari Yevropadagi muzliklarning umumiy maydoni 118 ming km2 dan ziyod. Eng yirik muzliklari Shpitsbergen (58 ming km2), Novaya Zemlya, Frans-Iosif Yeri, Islandiyada va Skandinaviya togʻlarida. Muzliklarning qalinligi 400 – 600 m, ayrim joylarda 1000 m gacha. Alp togʻlari, Uralning shimoliy, Pirenei, Serra-Nevada togʻlarida ham muzliklar bor. Tuproqlari oʻz xususiyatiga koʻra 4 mintaqa (arktika, boreal, subboreal va subtropik) zonalariga boʻlingan. Boreal va subboreal mintaqa tuproqlari katta maydonni egallagan. Tuproqlarining zonallik strukturasi va tiplariga koʻra Gʻarbiy Yevropaning okean iqlimli rayonlari Sharqiy Yevropaning kontinental iqlimli rayonlaridan farq qiladi. Arktika mintaqasida arktika va tundra tuproqlari shakllangan. Boreal mintaqada podzollashgan, sur tusli oʻrmon, chimli torfsimon tuproqlar tarqalgan. Bu zonada introzonal tuproqlardan allyuvial, chimli-karbonatli, torfli botqoq tuproqlari va boshqalari bor. Togʻli rayonlarda togʻtundra, chimli-podzollashgan, sur tusli oʻrmon tuproqlari uchraydi. Subboreal mintaqaning moʻtadil kontinental rayonlarida qora va kashtan, qoʻngʻir chala chul tuproqlari, okean iqlimli rayonlarda qoʻngʻir oʻrmon, chimli-karbonatli, togʻlarda podzollashgan, togʻ-oʻtloq tuproqlari tarqalgan. Subtropik mintaqada qoʻngʻir, qizil, sariq, boʻz-qoʻngʻir, Oʻrta dengiz atrofidagi togʻlarda togʻ qoʻngʻir va jigarrang tuproqlar bor. Qora, qoʻngʻir va sur tusli oʻrmon hamda jigarrang tuproqli yerlardan dehqonchilikda koʻproq foydalaniladi".

Oʻsimliklari Floristik tarkibiga koʻra Yevropa oʻsimliklari Golarktika oblastita kiradi. Yevropa florasida Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerika oʻsimliklariga xos oila, turkum va turlar koʻp, endemiklar esa kam. Yevropada quyidagi oʻsimlik tiplari mavjud: tundra, boreal yoki tayga, dasht, choʻl, subtropik oʻsimliklari. Oʻrmon oʻsimliklari eng katta maydonni egallagan, tundra va choʻl oʻsimliklari u qadar koʻp emas. Yevropa hududida tabiiy landshaftlar deyarli qolmagan, ular oʻrnini oʻzgartirilgan madaniy landshaftlar egallagan. Tundra va togʻlarning landshafti va faunasi kam oʻzgargan. Oʻrta va Janubiy Yevropada keng bargli oʻrmonlar koʻplab qirqib yuborilgan. Tundrada yoʻsin va lishaynik, oʻt, butalar, janubida daraxtlar oʻsadi. Tayga oʻsimliklari keng maydonda tarqalgan, janubiy chegarasi 57— 58 °C sh. k.dan oʻtadi. Tayga zonasida igna bargli oʻrmonlar, oʻtloqlar, botqoqliklar bor. Keng bargli va igna bargli aralash oʻrmonlar taygadan janubda joylashgan va Skandinaviya janubdan Uralgacha choʻzilgan.. Togʻ oraligʻidagi tekisliklar (Chexiya tekisligi, Oʻrta Du-nay tekisligi)da oʻtloqli dashtlar bor. Togʻ yon bagʻrilari (pastdan yuqoriga) keng bargli, igna bargli, subalp butazorlari, alp oʻtloqlari bilan qoplangan. Oʻtloqlardan yaylov sifatida foydalaniladi. Keng bargli oʻrmonlardan janubda oʻrmonli dasht va dasht zonasi boʻlib, bu yerlar asosiy dehqonchilik rayoni. Tabiiy oʻsimliklar faqat qoʻriqxonalardagina yaxshi saqlanib qolgan. Chala choʻl va choʻl zonalaridan qoʻy boqiladigan yaylov sifatida foydalaniladi. Yevropaning subtropik rayonlaridagi tekislik va togʻ etaklarida doim yashil kserofil oʻrmon va butazorlar bor. Oʻrta dengiz atrofidagi oʻrmonlar kesilib, oʻrni ekinzor, tokzor va sitrus oʻsimliklar plantatsiyalariga aylantirilgan.

Geografik tadqiqotlar tarixi