Grand Theft Auto: Vice City 2002-yilda chiqarilgan jangari-sarguzasht janridagi videooʻyindir. Rockstar North kompaniyasi tomonidan ishlangan va Rockstar Games kompaniyasi tomonidan tarqatilgan. Ushbu oʻyin „Grand Theft Auto“ seriyasining toʻrtinchi asosiy oʻyini boʻlib, 2001-yildagi „Grand Theft Auto III“dan keyin chiqarilgan. Oʻyin voqealari 1986-yilda Miami va Miami Beach shaharlari asosida yaratilgan xayoliy Vice city shahrida sodir boʻladi. Yakka oʻyinchi rejimidagi syujet qamoqdan chiqqanidan soʻng muvaffaqiyatsiz narkotik moddalar kelishuviga aralashib qolgan mafiya aʼzosi Tommy Vercettining hokimiyat choʻqqisiga koʻtarilish jarayonini tasvirlaydi. Aybdorlarni qidirar ekan, Tommy asta-sekin shahardagi boshqa jinoiy tashkilotlardan hokimiyatni tortib olib, oʻzining jinoiy imperiyasini barpo etadi.
Oʻyin uchinchi shaxs nuqtai nazaridan oʻynaladi va ochiq dunyoda piyoda yoki transport vositasi yordamida harakatlanish mumkin. Ochiq dunyo dizayni oʻyinchiga ikki asosiy oroldan iborat Vice Cityni erkin kezish imkonini beradi. „Grand Theft Auto: Vice City“ oʻyini 1980-yillar Mayami shahri muhitini juda aniq aks ettirgan. Oʻyinda davr pop-madaniyati, musiqasi va uslubiga katta eʼtibor qaratilgan. Oʻyin syujeti Mayamidagi haqiqiy odamlar va voqealar, jumladan, kubaliklar, gaitiliklar va baykerlar guruhlari, 1980-yillardagi krek epidemiyasi (inglizcha: Crack epidemic), Mayamidagi mafiya narkobaronlari va glem-metal musiqasining hukmronligi kabi hodisalarga asoslangan. Shuningdek, oʻyinga oʻsha davr filmlari va televideniyesi, ayniqsa Scarface va Miami Vice katta taʼsir koʻrsatgan. Ishlab chiqish jarayonining asosiy qismi ilhomlanilgan manbalarga va vaqt davriga mos keladigan oʻyin dunyosini yaratishdan iborat edi. Ishlab chiquvchilar jamoasi dunyoni yaratish jarayonida Mayamida keng qamrovli tadqiqotlarni amalga oshirgan. "Grand Theft Auto: Vice City" 2002-yil oktyabrida PlayStation 2 uchun, 2003-yil mayida Windows uchun va 2003-yil noyabrida Xbox uchun chiqarilgan.
Chiqarilishi bilan „Vice City“ tanqidchilar tomonidan yuqori baholanadi. Ayniqsa uning musiqasi, oʻyin jarayoni, syujeti va ochiq dunyo dizayni maqtovga sazovor boʻladi. Biroq, oʻyin zoʻravonlik va irqiy guruhlarning tasvirlanishi tufayli bahslar keltirib chiqargan, bu esa sudlarga murojaat qilish va norozilik namoyishlariga sabab boʻladi. „Vice City“ 17.5 million nusxadan ortiq sotilgan va 2002-yilning eng koʻp sotilgan video oʻyiniga aylangan. U oltinchi avlod video oʻyinlarining eng muhim namunalaridan biri va barcha davrlarning eng buyuk video oʻyinlaridan biri sifatida tan olinadi. Koʻplab oʻyin nashrlari uni „Yil oʻyini“ mukofotiga loyiq koʻrishgan.
Chiqarilganidan soʻng, oʻyin koʻplab oʻyin platformalariga moslashtirilgan. 2012-yilda oʻyinning oʻn yilligi munosabati bilan mobil platformalar uchun yaxshilangan versiyasi chiqarilgan. 2021-yilda esa yanada takomillashgan versiyasi (Grand Theft Auto: The Trilogy – The Definitive Edition) taqdim etiladi. Uning davomchisi „Grand Theft Auto: San Andreas“ 2004-yil oktyabrida chiqarilgan, davomi sifatidagi prikveli „Grand Theft Auto: Vice City Stories“ esa 2006-yil oktyabrida chiqarilgan.
Oʻyinning borishi "Grand Theft Auto: Vice City" – bu uchinchi shaxs nuqtai nazaridan oʻynaladigan jangari-sarguzasht oʻyini. Oʻyinchi bosh qahramon jinoyatchi Tommy Vercettini boshqaradi va syujetni rivojlantirish uchun missiyalarni – aniq maqsadlari boʻlgan chiziqli senariylarni bajaradi. Oʻyinda bir vaqtning oʻzida bir nechta missiyalar mavjud boʻlishi mumkin, chunki baʼzi missiyalar oʻyinchidan keyingi koʻrsatmalar yoki voqealarni kutishni talab qiladi. Missiyalardan tashqari, oʻyinchi oʻyinning ochiq dunyosini erkin kezishi va ixtiyoriy qoʻshimcha topshiriqlarni bajarishi mumkin.. Oʻyin dunyosi ikki asosiy orol va bir nechta kichik hududlardan iborat boʻlib, maydoni jihatidan seriyaning avvalgi qismlariga qaraganda ancha kattaroq. Orollar syujet rivojlanishi davomida oʻyinchi uchun ochiladi.
Oʻyinchi oʻyin dunyosida yugurishi, sakrashi yoki transport vositalarini boshqarishi mumkin. Dushmanlarga qarshi kurashish uchun yaqin masofadagi hujumlar, oʻqotar qurollar va portlovchi moddalardan foydalanadi. Oʻqotar qurollarga Colt Python revolveri, M60 pulemyoti va Minigun kabi qurollar kiradi. Oʻyinning uch oʻlchovli muhiti snayper va raketali quroldan nishonga olishda birinchi shaxs koʻrinishidan foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, oʻyindagi jang tizimi oʻyinchiga transport vositasida harakatlanayotganda yon tomonga qarab otish imkoniyatini beradi. Oʻyin keng koʻlamli qurol tanlovini taqdim etilgan – ularni mahalliy qurol-yarogʻ sotuvchilaridan sotib olish, yerdan topish, halok boʻlgan dushmanlardan olish yoki shahar boʻylab topish mumkin.
Jang paytida dushmanlarga qarshi avtomatik mo'ljal olish (inglizcha: auto-aim) yordamchi vosita sifatida ishlatilishi mumkin. Agar oʻyinchi zarar koʻrsa, uning sogʻligʻi sogʻliqni tiklash vositalari yordamida toʻliq tiklanishi mumkin. Oʻq va portlash zarbalarini yutish uchun zirhdan foydalanish mumkin, lekin bu jarayonda zirh taʼsiri tugashi mumkin. Sogʻliq toʻliq tugaganda, oʻyin toʻxtaydi va oʻyinchi eng yaqin kasalxonada qayta paydo boʻladi, bunda barcha qurollari va zirhini, shuningdek, pulining bir qismini yoʻqotadi. Agar oʻyinchi oʻyin davomida jinoyatlar sodir etsa, oʻyinning huquqni muhofaza qilish organlari ekranning yuqori qismidagi „qidiruvdagi“ koʻrsatkich orqali koʻrsatilganidek javob berishi mumkin. Bu koʻrsatkich oʻyinchi koʻproq jinoyat sodir etgan sari oshib boradi. Koʻrsatkichdagi yulduzchalar joriy qidiruv darajasini koʻrsatadi va daraja qanchalik yuqori boʻlsa, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan koʻrsatiladigan javob shunchalik kuchli boʻladi (masalan, eng yuqori oltinchi daraja boʻlgan holda, politsiya vertolyotlari va harbiylar oʻyinchilarni yoʻq qilish uchun toʻplanadi).
Syujet davomida Tommy turli toʻdalardan boʻlgan personajlar bilan uchrashadi. Oʻyinchi ular uchun topshiriqlarni bajarganida, oʻsha toʻda aʼzolari koʻpincha oʻyinchini himoya qiladi, raqib toʻda aʼzolari esa oʻyinchini tanib, darhol otishni boshlaydi. Oʻyin dunyosini erkin kezish paytida, oʻyinchi qonun himoyachisi mini-oʻyini, oʻt oʻchirish faoliyati, tez yordam xizmati va taksi xizmati kabi faoliyatlar bilan shugʻullanishi mumkin. Bu faoliyatlarni yakunlash oʻyinchiga kontekstga xos mukofotlar beradi. Tommi oʻzining jinoiy imperiyasini qurganida, oʻyinchi shahar boʻylab joylashgan bir qator koʻchmas mulklarni sotib olishi mumkin. Ularning baʼzilari qoʻshimcha yashirinish joylari vazifasini bajaradi, u yerda qurollarni yigʻish va transport vositalarini saqlash mumkin. Shuningdek, pornografik film studiyasi, taksi kompaniyasi va bir nechta koʻngilochar klublar kabi turli bizneslarni ham sotib olish mumkin. Har bir tijorat koʻchmas mulkiga bir qator topshiriqlar biriktirilgan, masalan, raqobatchilarni yoʻq qilish yoki jihozlarni oʻgʻirlash; barcha topshiriqlar bajarilgandan soʻng, koʻchmas mulk oʻyinchi uchun doimiy daromad keltira boshlaydi.
Syujeti 1986-yilda, mafiya aʼzosi Tommy Vercetti (Ray Liotta ovoz bergan) qotillik uchun oʻn besh yillik qamoq jazosini oʻtab, ozodlikka chiqadi. Uning bossi Sonny Forelli (Tom Sizemore ovoz bergan), janubda narkotik biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlib, Tommyni muhim narkotik kelishuvi ustidan nazorat qilish uchun Vice Cityga yuboradi. Biroq kelishuv nomaʼlum hujumchilar tomonidan buziladi va Tommy hamda uning hamkori, poraxoʻr advokat Ken Rosenberg (William Fichtner) zoʻrgʻa qochib qutuladi. Bu xabarni eshitib gʻazablangan Sonny, Tommiga narkotiklarni va unga bergan pullarini qaytarib olishni, aks holda oqibatlari ogʻir boʻlishini aytadi. Ken kelishuv paytida kimlar hujum qilganini izlash maqsadida maʼlumotlar olish uchun Tommyni isteʼfodagi armiya polkovnigi Juan Garcia Cortez (Robert Davi) bilan tanishtiradi. Cortez hujum uchun hamdardlik bildirib, uni kim uyushtirganini aniqlashga vaʼda beradi. Tergov davomida Tommy shahar jinoiy dunyosi bilan aloqalari bor musiqa direktori Kent Paul (Denni Dayer), kelishuvda ishtirok etgan va hujumda akasidan ayrilgan Lance Vance (Philip Michael Thomas), yordami evaziga Tommydan bir nechta kelishuvlarda yordam soʻraydigan texaslik biznes magnati Avery Carrington (Burt Reynolds) va keyinchalik Tommy hamda Lanceni ishga oladigan narkobaron Ricardo Diaz (Luis Guzmán) kabi bir nechta yordam taklif qiluvchi shaxslar bilan uchrashadi. Vaqt oʻtishi bilan Kortez hujumni Diaz uyushtirganidan shubhalanayotganini bildiradi. Qoʻshimcha tergov natijasida Lance bu haqiqat ekanligini aniqlaydi va Tommyning maslahatiga quloq solmay, Diazni oʻldirmoqchi boʻladi, lekin oʻzi asirga tushadi. Tommy Lanceni qutqargach, ular Diaz qasos olishga urinishidan oldin uni oʻldiradilar.
Diaz oʻlganidan soʻng, Tommy uning mulklarini qoʻlga kiritadi va Averyning maslahati bilan oʻzining yangi jinoiy imperiyasini kengaytirishga kirishadi. U bizneslarni himoya puli toʻlashga majbur qiladi va bankrot boʻlishga yaqin kompaniyalarni sotib olib, ularni noqonuniy operatsiyalar uchun niqob sifatida ishlatadi. Tommy oʻz bizneslarini raqiblardan himoya qilish uchun shaxsiy toʻda tuzadi va bir nechta nufuzli toʻda yetakchilariga yordam beradi, ular oʻz navbatida uning kengayishini qoʻllab-quvvatlashiga umid qiladi. U Kortezga oʻgʻirlangan harbiy jihozlar bilan shahardan qochishga yordam beradi. Vaqt oʻtib, Sonny Tommyning Vice Citydagi narkotik savdosini toʻliq nazoratga olganini va Forellilarni bu ishga aralashtirmaganini bilib qoladi. Uning mustaqilligidan gʻazablangan Sonny, Tommyning bizneslaridan zoʻrlik bilan pul yigʻish uchun oʻz odamlarini yuboradi. Javob tariqasida, Tommy Sonnining odamlarini oʻldiradi va u bilan aloqalarni uzadi.
Keyinroq, Sonnyning shaxsan Vice Cityga kelib, oʻziga tegishli deb bilgan pullarni yigʻmoqchi ekanligini aytganda, Tommy unga soxta pullar bilan toʻlov qilishga urinadi. Biroq, Sonny oʻn besh yil oldin Tommyning qamalishiga oʻzi sababchi boʻlganini ochib tashlaydi. Shuningdek, Tommining hokimiyatga koʻtarilishi paytidan beri oʻzini yetarli darajada qadrlmaganini his qilgan Lance Tommyga xiyonat qilib, Forellilar bilan ittifoq tuzganini maʼlum qiladi. Tommining saroyida otishma boshlanadi. Tommi Forellilarning pullarini oʻgʻirlashiga yoʻl qoʻymaydi va xiyonati uchun Lanceni oʻldiradi, soʻngra Sonnyni ham oʻldiradi. Ken qirgʻin sahnasiga yetib kelganda, Tommy unga hamma narsa endi joyida ekanligini, chunki u oʻzini Vice Cityning soʻzsiz jinoiy qiroli ekanligini aytadi.
Ishlab chiqish
Rockstar North kompaniyasining 50 kishilik asosiy jamoasi „Grand Theft Auto: Vice City“ oʻyinini 18 oy davomida ishlab chiqishgan. Toʻliq ishlab chiqish 2001-yil oxirida, „Grand Theft Auto III“ yakunlanayotgan paytda boshlanadi. Dastlabki ishlab chiqish faqat 3D modellarni yaratishni oʻz ichiga olgan boʻlsa-da, ijrochi producer Sam Houser jarayon 2002-yil boshida chinakamiga boshlangani va taxminan toʻqqiz oy davom etganini aytdi. „Grand Theft Auto III“ning Windows versiyasi chiqarilgandan soʻng, ishlab chiqish jamoasi oʻyinga yangi missiyalar, qurollar va transport vositalari qoʻshadigan missiya toʻplami yaratishni muhokama qiladi. Keyingi muhokamalar natijasida jamoa bu gʻoyani mustaqil oʻyin sifatida ishlab chiqishga qaror qiladi va bu „Vice City“ nomi ostida chiqariladi.
Oʻyin 2002-yil 22-mayda Electronic Entertainment Expo davomida eʼlon qilingan. U Rockstar North uchun oʻsha paytdagi eng qimmat oʻyin boʻlib, byudjeti 5 million AQSh dollarini tashkil etgan. 2002-yil 5-sentyabrda kompaniya mahsulotga boʻlgan talabni qondirish uchun chiqarilish sanasini 22-oktyabrdan 29-oktyabrga surilganini eʼlon qilgan. 2002-yil 15-oktyabrga kelib, „Vice City“ yaratilish jarayoni toʻxtatildi va oʻyin ishlab chiqarishga topshiriladi. Oʻyin 2002-yil 29-oktyabrda Shimoliy Amerikada va 8-noyabrda Yevropada PlayStation 2 uchun chiqarildi. Capcom oʻyinni Yaponiyada 2004-yil 20-mayda PlayStation 2 va Windows uchun chiqargan. Oʻyin 2019-yil sentyabrida Rockstar Games Launcherga qoʻshiladi.