Abdurauf Muhammedov (1908-yil — 1938-yil, 14-oktyabr) — XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlaridan, Oʻrta Osiyo davlat universitetida direktor oʻrinbosari, Namangan shahar soveti raisi boʻlib ishlagan. 1938-yil qatagʻon qurboni boʻlgan.
Tarjimayi holi Abdurauf Muhammedov 1908-yilda tugʻilgan. U ham akasi Abduvosiq Muhammedov kabi „Namuna“ maktabida tahsil oldi. Abdurauf mehnat faoliyatini juda erta boshlab, 1920-yil 13 yoshida meva-choy ishlab chiqarish korxonasida ishlagan. 1924—1926-yillarda esa Toshkentning eski shahar komsomol tashkiloti tuman qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri va kotibi vazifalarida ishlaydi. 1926—1927-yillarda davlat apparatini mahalliylashtirish komissiyasida mas’ul kotib, 1927—1928-yillarda esa Toshkent okrugi chakana ishlab chiqaruvchilar ittifoqi madaniyat boʻlimida mudir lavozimlarida faoliyat koʻrsatadi. Abdurauf Muhammedov 1928—1931-yillarda Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib tashkil etilgan radio markazida direktor oʻrinbosari boʻlgan.
Abdurauf Muahmmedov 1931—1932-yillarda Moskvada tahsil oladi. Moskva va Leningradga ketadiganlar guruhiga yetakchilik qiladi. Moskvada oʻqish bilan bir paytda talabalar stipendiya komissiyasi raisi va Oʻzbekistonning Moskvadagi doimiy vakilining mas’ul kotibi vazifalarida ish olib borgan. Toshkentga qaytgach, 1932-yil sentyabridan 1933-yil 15-apreligacha Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) direktor oʻrinbosari boʻlgan. Keyinchalik Toshkentdan ketkazilib 1933-yil 15-aprelda Namanganning Yangi Qoʻrgʻon tumanida ijroKoʻm raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. Tashabbuskor va intiluvchan rahbar sifatida 1936-yil 26-yanvarda Namangan shahar soveti raisi lavozimiga saylanadi.
1937-yil 2-sentyabr kuni Abdurauf Muhammedov toʻsatdan Namangan partiya qoʻmitasi tomonidan partiyadan oʻchiriladi va ishdan chetlashtiriladi. 1937-yil 14-sentyabr kuni esa qamoqqa olishga order yozib beriladi.
1937-yilning 14-oktyabr kuni oʻtkazilgan birinchi soʻroqda Abdurauf Muhammedovning oʻtmishi bilan qiziqadilar. 1937-yil 1-noyabr kungi soʻrovda Abdurauf Muhammedovning Namangandagi shahar sovetida raisligi davrida olib borgan ishlari „aksilsovet faoliyati“ deb notoʻgʻri talqin qilinadi. Uni mahalliy troitskiychi aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb, OʻZSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan aybdor deb topadilar. Mash’um uchlik Abdurauf Muhammedovnining ishini 1938-yil 14-oktyabr kuni soat 13:55 dan 14:10 gacha koʻrib chiqadi va oʻsha kunning oʻzida hukm ijro etilib otib tashlanadi. Manbalar
Turkum:1908-yilda tugʻilganlar Turkum:1938-yilda vafot etganlar Turkum:Toshkentda tugʻilganlar Turkum:Sovet davri qatagʻon qurbonlari