Xiva rus-tuzem maktabi – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Xiva xonligining bosh vaziri Islomxoʻja tomonidan 1910-yil yoki 1913-yilda qurilgan. Boshqa manbalarda esa Xiva rus-tuzem maktabi 1884-yilda Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Muhammad Rahimxon II koʻmagida ochilgan. Hozirda Xiva shahri, „Ichan qalʼa“ MFYda joylashgan boʻlib, Xorazm viloyati madaniy meros tasarufida. UNESCOning Oʻzbekistondagi Butunjahon merosi roʻyxatida turadi.

Tarixi 1910-yilda Xiva xonligining bosh vaziri Islomxoʻja tomonidan Islomxoʻja madrasasining qarshisida rus-tuzem maktabi qurilgan. Boshqa manbada 1913-yilda Islomxoʻja tomonidan pishiq gʻishtdan Yevropa meʼmorchiligi uslubida qurdirilgan. Ayrim manbalarda, jumladan tarixchi Nemʼatjon Polvonovga koʻra, Xiva rus-tuzem maktabi Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Muhammad Rahimxon II homiyligida qurilgan, bunga sabab esa 1883-yilda Komil Xorazmiyning Muhammad Rahimxon II bilan Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga qilgan safari, rus madaniyati, taʼlimi va sanʼati bilan tanishishi boʻlgan. 1887-yilda ushbu rus tuzem-maktabida 11 nafar oʻquvchi taʼlim olgan.1891-yilda ushbu rus-tuzem maktabi haqida Turkiston viloyatining gazetida xabar chop etilgan. Begali Qosimovga koʻra, Xiva rus-tuzem maktabi 1891-yilda ochilgan.

Xiva rus-tuzem maktabi ikki qavatli boʻlib, yevropacha uslubda barpo etilgan. Xiva rus-tuzem maktabining meʼmori Matkarim Neʼmatullayevdir. Xiva rus-tuzem maktabining umumiy uzunligi 21,07 metr boʻlib, ikkita dahliz va sakkizta xonadan iborat. Birinchi qavatining balandligi 3,35 metr, ikkinchi qavatining balandligi 2,55 metrni tashkil etgan. Xiva rus-tuzem maktabida xon va amaldorlarning farzandlari oʻqitilgan. Unda ikki yillik dastur asosida tilmochlar (tarjimonlar) tayyorlangan. Xiva rus-tuzem maktabi birinchi oʻqituvchilari Husayn Qoʻshayev va Komila Qoʻshayeva hisoblanadi. Eski maktabdan farqli ravishda ushbu rus-tuzem maktabi doska va partalar bilan jihozlangan. Ular tomonidan tayyorlangan oʻquv dasturida rus tili, ona tili, geografiya, Xiva tarixi hamda uy xizmatchisi vazifalari oʻrgatiladigan fanlar oʻqitilgan. Xiva rus-tuzem maktabi 1920-yildan soʻng dastlabki sovet maktablaridan biriga aylantirilib, unda oʻqituvchi kadrlar tayyorlangan. 1990-yil 18-avgustda Xiva rus-tuzem maktabi binosida „Xalq taʼlimi tarixi“ muzeyi ochilgan. 2004-yilda bino qayta taʼmirlanib birinchi qavatda birinchi oʻzbek foto suratchisi va kino operatori Xudoybergan Devonovning doimiy koʻrgazmasi, ikkinchi qavatda esa „Xalq taʼlimi tarixi“ muzeyi joylashtirilgan. Manbalar

Turkum:Xorazm meʼmoriy yodgorliklari Turkum:Xiva arxitekturasi Turkum:Xiva bino va inshootlari Turkum:Oʻzbekistondagi diqqatga sazovor joylar