Yangi iqtisodiy geografiya (YIG) – iqtisodiyotdagi yangi tahlilning bir turi. Yangi iqtisodiy geografiyaning maqsadi nomukammal bozor sharoitida ortib borayotgan daromad mavjud boʻlgan modellarni yaratish va shu orqali iqtisodiyotning fazoviy tuzilishini tushuntirishdir.Yangi iqtisodiy geografiyaning rivojlanishi iqtisodchilarning iqtisodiy makonini tashkil etish masalalariga boʻlgan qiziqishi natijasidir. Iqtisodiyot fanida yangi yoʻnalishning paydo boʻlishi odatda amerikalik iqtisodchi, iqtisodiy-geograf, Nobel mukofoti sohibi Pol Krugmanning "Increasing Returns and Economic Geography" asarining nashr etilishi bilan bogʻliq. Asar Chikago universiteti matbuoti tomonidan ikki oyda bir marotaba chiqariladigan, iqtisod bo‘yicha eng yaxshi beshta jurnaldan biri hisoblanadigan Journal of Political Economy jurnalida nashr etilgan.
Yangi iqtisodiy geografiyaning vujudga kelishi Yangi iqtisodiy geografiyaning paydo boʻlishi iqtisodiyot fanidagi inqilobning toʻrtinchi toʻlqinini belgilab berdi. Uning mohiyati resurslardan foydalanishdan olinadigan daromadni oshirish imkonini beruvchi raqobat modellarini yaratishdir. Bu burilish nuqtasi XX asrning 70-yillarida, sanoat bozorlari nazariyasi doirasida birinchi bunday modellar yaratilganda sodir boʻlgan deb hisoblanadi. Keyingi tadqiqotlarga Prinston universiteti professori, amerikalik hind iqtisodchisi Avinash Dixit va amerikalik iqtisodchi, Nobel mukofoti laureati Jozef Stiglitzning 1977-yilda The American Economic Review jurnalida chop etilgan "Monopolistic Competition and Optimum Product Diversity" (oʻzb. Monopolistik raqobat va mahsulotlarning optimal xilma-xilligi) maqolasi katta taʼsir koʻrsatdi. Maqolada taklif qilingan modellar amerikalik iqtisodchi Edvard Chemberlin tomonidan ishlab chiqilgan monopolistik raqobat taʼlimotini rasmiylashtirish natijasi edi. 1970-yillarning oxirida bir qator nazariyotchilar xalqaro savdoni oʻrganish uchun sanoat bozorlari nazariyasidan tahliliy usullaridan foydalanganlar. Bir necha yil oʻtgach, xuddi shu tahliliy vositalar ilmiy-texnik taraqqiyot va iqtisodiy oʻsishni oʻrganuvchilar tomonidan oʻzlashtirildi. Shu bilan birga, tahlil qilish uchun asosiy vosita Dixit va Stiglitzning modeli boʻlib qoldi, ularning qoʻllanishi, tabiiyki, mexanik emas edi.
Pol Krugman birinchi boʻlib iqtisodiy geografiya fanlari boʻyicha tadqiqotlar uchun yangi tahliliy vositalardan foydalanishga harakat qildi. Olimning oʻzi butun kasbiy hayotini xalqaro iqtisodiyot sohasida mutaxassis sifatida oʻtkazib, iqtisodiy geografiya muammolari haqida fikr yuritgani, ammo buni anglamaganligini yozgan. Yangi iqtisodiy geografiyaning yakuniy shakli 1999-yilda yapon iqtisodchisi Masaxisa Fudzita, amerikalik iqtisodiy-geograf Pol Krugman va britaniyalik iqtisodchi Entoni Venablesning "The Spatial Economy" (oʻzb. Fazoviy iqtisodiyot) kitobining nashr etilishi bilan bogʻliq. Ushbu asarda xoʻjalik faoliyatini joylashtirishni tahlil qilganligi uchun Krugmanga 2008-yilda Nobel mukofoti berildi. Kitobning kirish qismida mualliflar mintaqaviy fan va shahar iqtisodiyotidan ularni tahlil qilishning eng muhim modellarini taʼriflab berdilar, bu esa yangi iqtisodiy geografiyaning davomiyligini koʻrsatib berdi. Biz nemis iqtisodchisi Iogan fon Tunenning izolyatsiya qilingan davlatining klassik modeli (Tunen modeli), ingliz iqtisodchisi Alfred Marshallning tashqi effekt modeli, shaharlar hajmi ularning ixtisoslashuviga bogʻliqligini tavsiflovchi Xenderson modeli, shuningdek, Kristallerning markaziy joylar nazariyasi va Leshning asosiy multiplikator (ing. base-multiplier analysis) tahlili haqida gapiramiz. Shuningdek, belgiyalik iqtisodchi Jak-Fransua Tiss qor toʻpi effekti deb ataladigan jarayonni keltirib chiqaradigan musbat tekari bogʻlanish tamoyilining YIGning paydo boʻlishidagi rolini taʼkidladi.
Rivojlanayotgan yoʻnalishning mintaqaviy ilm-fan, shahar iqtisodiyoti va joylashuv nazariyasi bilan solishtirganda asosiy afzalliklaridan biri shundaki, shahar (iqtisodiy faoliyat markazi) mavjudligi hisobga olinmaydi – markazning YIG modellarida paydo boʻlishi masofa omilini hisobga olgan holda analitik ravishda tavsiflangan markazlashtiruvchi va markazdan qochma kuchlarning oʻzaro taʼsiri natijasi. Umuman olganda, yangi iqtisodiy geografiya geografiya faniga uzoq vaqtdan beri maʼlum boʻlgan qonuniyatlarni rasmiylashtirish natijasidir.
Yondashuvning analitik tarkibiy qismlari Oksford universitetining iqtisodiyot fani professori Entoni Venables yangi iqtisodiy geografiyaning ikkita analitik tarkibiy qismi mavjudligi haqida yozgan.
Birinchisi, fazoviy oʻzaro taʼsirlar xarajatlar bilan birga kelishini eʼtirof etishdir. Bu shuni anglatadiki, agar ular bir-biriga yaqin boʻlmasa, ishchilar samaradorligi past boʻladi. YIG yakuniy grafigi turli xil tovarlarning harakatchanlik darajasiga va turli joylar orasidagi iqtisodiy faoliyat turlariga qanday bogʻliqligini koʻrsatadi.
Ikkinchi asosiy tarkib – bu ishlab chiqarishni qandaydir maydonda konsentratsiyaga undaydigan markazlashtiruvchi kuchlar mavjudligini taxmin qilishdir. Aslida, markazlashtiruvchi (masalan, ishlab chiqarishdagi toʻgʻridan-toʻgʻri va teskari aloqalar, transportda ortib borayotgan rentabellik) va markazdan qochma (masalan, baʼzi ishlab chiqarish omillarining harakatsizligi, yerni ijaraga olish uchun toʻlov) kuchlarning oʻzaro taʼsiri yondashuvning diqqat markazidir. Bitta modelda voqelikning barcha xilma-xilligini hisobga olish juda qiyin boʻlgani sababli, yondashuv tarafdorlari bir marzaklashtiruvchi va bitta markazdan qochma kuchning oʻzaro taʼsiriga eʼtibor qaratishni taklif qilishadi. Qoida tariqasida, ishlab chiqarishdagi toʻgʻridan-toʻgʻri va teskari aloqalar (xom ashyo yetkazib beruvchilar va qayta ishlash korxonalari oʻrtasida yoki ishchilar va ish beruvchilar oʻrtasida) markazlashtiruvchi kuch sifatida koʻrib chiqiladi. Ingliz adabiyotidagi bunday aloqalar baʼzan market size effects atamasi bilan ataladi. Iqtisodiy faoliyatning fazoviy konsentratsiyasiga qarshi turuvchi kuch odatda ishlab chiqarishning ayrim omillarining harakatsizligi hisoblanadi. Yangi iqtisodiy geografiyaning asosiy vakili Pol Krugman oʻz maqolalaridan biridan bunday tanlov foydasiga ikkita dalil keltiradi:
Taxminlarni xulosalardan ajratish, yaʼni aglomeratsiya effekti taʼsirida aglomeratsiyani tushuntirishdan qochish maqsadga muvofiqdir. Biroq, agar „tashqi effektlar“ (ing. external effects) deb nomlangan qora quti ichidagi kuchlarni markazdan qochma va markazlashtiruvchi kuchlar deb hisoblasak, bunday holatni buzmaslik juda qiyin. Asosiy eʼtibor joy toifasiga qaratilganligi sababli, masofa toifasi tabiiy ravishda kiritilgan modelga afzallik beriladi. Ushbu talab, albatta, transport xarajatlari vositachiligidagi aloqalarning taʼsiri bilan eng yaxshi qondiriladi. Modellashtirish texnikasi Pol Krugman, Masahisa Fujita va Entoni Venablesning "The Spatial Economy" kitobida, ularning fikricha, YIG tarafdorlari tomonidan tahlilning texnik murakkabliklarini hal qilish uchun qoʻllanadigan usullarning mohiyatini ifodalovchi shiorni taklif qilishdi: "Dixit-Stiglitz, aysberglar, rivojlanish va kompyuter". Dixit-Stiglitz-Krugman modeli Dixit-Stiglitz-Krugman modeli – 1977-yilda Avinash Dixit va Jozef Stiglitz tomonidan taklif qilingan model. Bu model monopolistik raqobatni monopol hokimiyat mavjudligini va bu hokimiyat hosil qiladigan daromadning ortib borayotganligini tan olishga urinish sifatida tavsiflaydi. Shu bilan birga, model uzoq vaqtdan beri maʼlum boʻlgan talab va taklif modelining soddaligini saqlashga harakat qiladi. Shunday qilib, model korxonalarning bozor kuchiga ega ekanligini va ular undan foydalanishini nazarda tutadi. Bunday holda, model har qanday kartel yoki narx kelishuvini yaratish imkoniyatini istisno qiladi. Modeldagi har bir korxona maʼlum bir mahsulot boʻyicha monopoliyaga ega, ammo boshqa korxonalar ushbu mahsulot uchun nomukammal oʻrinbosarlarni taklif qilishlari mumkin. Isteʼmolchilarning xatti – harakatlari va ishlab chiqarish texnologiyalari boʻyicha juda gʻalati taxminlarga qaramay, model baribir afzalliklarga ega. Oxir-oqibat model iqtisodiy faoliyatning taqsimlanishining grafikini taklif qiladi, unda daromad ortib boradi, ammo tadqiqotchi haqiqatga yaqin oligopoliyani koʻrib chiqishda duch keladigan qiyinchiliklar yoʻqoladi. Aysberglar modeli „Aysberglar“ 1952-yilda amerikalik iqtisodchi-neokeysianest Pol Samuelson tomonidan transport xarajatlarini hisobga olgan holda savdo nazariyasi boʻyicha bir nechta ishlardan birida taklif qilingan transport modeliga tegishli. Samuelson transport sanoatini iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida tavsiflash oʻrniga, tovarlarni erkin tashish mumkinligini tasavvur qilishni taklif qildi. Ammo bunda yukning bir qismi yoʻlda „eriydi“. Bu monopolist korxonalar oʻz narxlarini qanday belgilashini soddalashtirishga imkon beradi. Rivojlanish modeli Rivojlanish (evolyutsiya) haqida gapirganda, "The Spatial Economy" kitobi mualliflari iqtisodiyotning mumkin boʻlgan geografik tuzilmalardan birini qanday „tanlashi“ haqidagi kontseptualizatsiyani nazarda tutadi. Koʻpgina YIG modellari bifurkatsiya grafiklarida aks ettirilgan muvozanat holatlarining koʻpligini nazarda tutadi. Yangi iqtisodiy geografiyaning oʻziga xos xususiyati ularning qarorlarini qabul qilishda muhim iqtisodiy agentlarning kutishlarining rolini eʼtiborsiz qoldirishdir.Asosiy rol iqtisodiyotni oʻz-oʻzini tashkil etish gʻoyasiga, rivojlanishning ikkita kontseptsiyasi oʻrtasidagi oʻziga xos koʻprikka beriladi: baʼzi modellarda asosiy rol vaziyatga, boshqalarida-joylarning tabiiy potentsialidagi farqlarga beriladi. Kompyuter modeli Kompyuter soʻzi EHMning rolini anglatadi, bu esa murakkab raqamli modellarni yaratishga yordam berdi. Zamonaviy kompyuterlarning imkoniyatlarini inobatga olgan holda, YIG vakillari noqulay matematik apparatdan foydalanmasdan qoniqarli natijalarga erishish mumkinligini tan olishadi. Asosiy modellar „Markaz-Periferiya“ modeli Iqtisodiy geografiya uchun „Markaz-Periferiya“ modeli (ing.The core-periphery model) Krugman tomonidan 1991-yilda taklif qilingan.Bu korxona darajasida ortib borayotgan daromadlarning oʻzaro taʼsiri, transport xarajatlari va ishlab chiqarish omillarining harakatchanligi fazoviy iqtisodiy tuzilishning oʻzgarishiga qanday olib kelishi mumkinligini koʻrsatadi.