Labirintdagilar: Olov iskanjasida () —– James Dashner tomonidan 2010-yilda yozilgan „The Scorch Trials“ romani asosida 2015-yilda suratga olingan Amerika ilmiy fantastik filmi. Film The Maze Runner kitoblar seriyasining ikkinchi romaniga asoslangan. 2014-yilda suratga olingan Labirintdagilar filmi trilogiyasining ikkinchi qismi. Filmga Wes Ball rejissyorlik qilgan. Film ssenariysi T. S. Nowlin tomonidan yaratilgan. Filmning ilk qismida bosh rollarni Dylan OʻBrien, Ki Hong Lee, Thomas Brodie-Sangster, Patricia Clarkson, Kaya Scodelario, Dexter Darden va Aleksandr Flores kabi aktyorlar ijro etgan. Trilogiyaning ikkinchi qismida aktyorlar tarkibiga yordamchi aktyorlar sifatida Giancarlo Esposito, Aidan Gillen, Barry Pepper va Lili Taylorlar ham kelib qoʻshilgan.

Labirintdagilar: Olov iskanjasida filmining syujetida 1-qismidagi voqealar davom etadi. Filmning birinchi qimi Thomas (OʻBrien) va uning sheriklari Gladerlarni labirintga tashlagan Jahon Halokat Zonasi Departamenti (WCKD) muassasasidan qochib qutilishlari bilan yakunlangan. Filmning bu qismida endi qahramonlar choʻl va vayronaga aylangan shaharlar aro WCKD askarlaridan yashirinib, issiq zonada turli xil xavflarga duch kelishlari kabi voqealar sodir boʻladi. Suratga olish ishlari 2014-yilning 27-oktyabr kuni New-Mexico shtatining Albukerke shahrida boshlanib, rasman 2015-yil 27-yanvarda tugatilgan.

Labirintdagilar: Olov iskanjasida 2015-yil 9-sentyabrdan boshlab xalqaro miqyosda 2D, 3D, 4DX va Barco Escape formatlarida chiqarilgan. 2015-yil 18-sentyabr kuni AQShda 2D va keng formatli premium 20th Century Fox kinoteatrlarida premyera qilingan. Dastlab film IMAXda chiqarilishi kerak rejalashtirilgan, ammo keyinchalik IMAXdagi premyera Yaponiyadan boshqa hududlarda bekor qilingan. Sababi Everest filmi butun dunyo boʻylab IMAX kinoteatrlarini „The Walk“ filmi chiqarilgunga qadar bron qilgan. Labirintdagilar: Olov iskanjasida filmi muxlislar tomonidan turli fikrlarga sabab boʻlgan. Baʼzilar uning voqealar ketma-ketligi va aktyorlar ijrosini maqtagan boʻlsa, boshqalar filmni voqealar rivojida yangiliklar boʻlmagani, syujet avvalgi qismga qaraganda sust boʻlib qolganini aytib eʼtiroz bildirishgan. Ilk qism singari bu film ham premyera haftasida 30,3 million dollar daromad qilib, sentyabr oyidagi toʻqqizinchi eng yuqori daromad keltirgan filmga aylangan. Film butun dunyo boʻylab 312 million dollar daromad keltirgan.

Labirintdagilar: Oʻlimga qarshi nomli yakuniy film 2018-yil 26-yanvarda ommaga taqdim etilgan.

Voqealar rivoji Fleshbekda ona oʻgʻli Thomasni tadqiqotchi Ava Paige va WCKD tashkiloti askarlariga tashlab ketadi. Thomas va boshqa bolalar ilmiy sinovning bir qismi boʻlgan Glade deb nomlanuvchi joyda harakatlanuvchi labirintga joylashtiriladi.

Bir necha yil oʻtib, labirintdan qochishga muvaffaq boʻlishi bilan Thomas va qolgan Gladerlar Janson tomonidan boshqariladigan muassasaga olib ketiladi. Janson bu obyekt ularni Flare virusini yuqtirib zombilashgan Cranklardan himoya qiladigan yagona joy deb ataydi. Gladerlar obyektga borganlarida Jansonning gʻamxorligi faqat ularga emasligini, u yerda yana boshqa labirintlardan chiqqanlar ham bor ekanligini bildilar.

Thomas Jansonning harakatlaridan shubhaga tushib, ular turgan obyektni tekshirishga qaror qiladi. Thomas boshqa bir labirintdan omon chiqib, obyektga kelganiga bir haftadan oshiq boʻlgan Arisning yordami bilan WCKD rahbari Ava Paige hali ham tirik ekanligini aniqlaydi. Janson WCKD uchun ishlab, labirintdan tirik chiqa olganlardan Flare virusiga qarshi immunlar yaratadi. Immunlar ustidagi tajribalarni Paige bilan muhokama qilayotib, ular hali ham togʻli hududlarda yashiringan Right Arm qarshilik guruhini qidirayotganlarini eslatib oʻtadi. Gladerlar Arisni ham yoniga olib, Teresani qutqarishadi va Right Arm qarshilik guruhini topish maqsadida choʻlga qochishadi. Janson ularni WCKD ga qaytarish uchun ortligidan askarlar guruhini yuboradi.

Guruh WCKD askarlaridan qochib, tashlandiq bir savdo markaziga kelishadi. Minho va Thomas u yerda hamon elektr energiyasi bor ekanligini payqab chiroqni yoqishadi. Bu esa muassasada uxlab yotgan Cranklarni uygʻotib yuboradi. Bir amallab Cranklardan qochib qutilishadi, lekin ulardan biri Winstonni zararlashga ulguradi. Keyingi kun uning xolati ogʻirlashib virus tanaga yanada tezroq tarqaladi. Shu sabab boshqalar uni Cranklardan biriga aylanmasidan avval oʻzini oʻzi oʻldirishiga qoʻyib berishadi.

Gladerlar sahroni kesib oʻtayotib ochiq maydon ostida tunashadi. Tong otishiga hali uzoq boʻlishiga qaramay Thomas uygʻonib qolib uzoqda yonib turgan chiroqlarga koʻzi tushadi. Ortidan esa juda kuchli chaqmoq boʻronlari kelayotgan edi. Tezda yoʻlga otlanib chiroqlar yonib turgan tashlandiq binoga kirishadi. Ichkarida ular bogʻlab qoʻyilgan Cranklarlarga duch kelishadi. U tashlandiq joy omon qolgan xavfli guruhni boshqaradigan Brenda va Jorgega tegishli edi. Xavfli guruh aʼzolari Gladerlarni WCKDga qaytarmoqchi boʻlishadi. Brenda va Jorge ularga qarshi chiqib, Gladerlarni Right Arm qarshilik guruhiga olib borishga rozi boʻlishadi.

WCKD askarlari obeyktni topib agar Gladerlar qaytarib berilsa barcha tirik qolishiga vada berishadi. Gladerlar esa yana qochishga muvaffaq boʻlishadi. Thomas va Brenda ortda qolib boshqa yoʻldan ketishga majbur boʻlishadi. Qolganlar esa Jorge bilan qochib ketishadi. Thomas va Brenda tuneldan yurayotib Cranklarga duch kelishadi hamda ulardan qochayotgan vaqtda ulardan biri Brendani zararlaydi. Thomas Teresa bilan birgalikda WCKD uchun ishlayotgani haqidagi baʼzi narsalarni eslaydi. U Teresani WCKD rejalari haqida ogohlantirishga harakat qilgani, ammo uni askarlar qoʻlga olib labirint ichiga joʻnatishganini eslaydi. Thomas va Brenda guruhning qolgan aʼzolarini topishadi. Jorge Right Arm qayerda joylashganini aniqlash uchun WCKD uchun yashirincha ishlaydigan Markusni soʻroq qiladi.

Guruh mashinada Right Arm qarorgohi tomon yoʻlda ketayotib, mashina bilan oʻtib boʻlmaydigan joyga yetib kelishadi. U yerda bir qator qurolli kishilar ularni kutib olib ularni asirga oladi. Ammo ular orasida Harriet va Sonya, Arisni tanib qoladi va xavf yoʻqligini aytib ularni asirlikdan ozod qilishadi. Ular Gleyderlarni, Brenda, Jorge hamda Arisni boshqa labirintdan qochib omon qolganlar mavjud boʻlgan Right Armning qoʻshin qarorgohiga olib boradilar.

Qarorgohda Right Arm rahbari Vince ularni kutib oladi. Shu vaqtga kelib, Brendaning infeksiyasi yanada kuchaygan edi. Vince Brendani otib tashlamqochi boʻlganida WCKDning sobiq olimasi Mary Cooper uni toʻxtatadi. Cooper Thomas Right Armning xabarchisi boʻlgani haqida tashkilot rahbariga maʼlum qiladi. Shuningdek, WCKD doʻstlarini labirintga joʻnatib, oʻlishiga qoʻyib berayotganiga ortiq chiday olmasligi sababli ularni qutqarish maqsadida Right Armga WCKDning eng katta operatsiyasini yoʻq qilishga yordam berganini ham aytadi.

Mary Brendaning infeksiyasini Thomasdan olinayotgan ferment bilan davolayotib, ferment ishlab chiqarilmasligi, uni faqat immun tizimidan yigʻib olish mumkinligini tushuntiradi. Paige bilan davolash yoʻllari ustidagi boʻlib oʻtgan bahslar Maryni WCKDdan ketishiga sabab boʻlib, Mary Right Arm qarshilik guruhiga borib qoʻshiladi. Teresa WCKD qilayotgan ish toʻgʻri deb oʻylagani uchun ularni Right Arm qarorgohiga chaqiradi. Bu esa u yerda katta jang boʻlib oʻtishiga sabab boʻladi.

WCKD askarlari tezda qoʻzgʻolonchilar ustidan gʻalaba qozonib, tirik qolganlarni Bergda kelgan Paige va Janson oldiga bir necha qator qilib saflashadi. Teresa Thomasga Janson sabab WCKDdan xotiralarini qaytarib olganini tushuntiradi. Janson Maryni otib oʻldiradi. Qolganlarni olib ketish paytida Thomas qoʻlida kichik granatani portlatishini aytib tahdid qiladi. Shu vaqtda Brenda va Jorge mashinada kelib, kichik otishma sodir boʻladi. WCKD askarlari immunitetga ega boʻlgan Minho, Aris va Sonyani olib ketishadi. Keyingi kun tongda Vince yoshlarni Right Armning qutqarganlarni joʻnatadigan xavfsiz hududiga joʻnatishini aytadi. Thomas esa Minhoga bergan vaʼdasini taʼkidlab uni yolgʻiz qoldirmasligini, WCKD hech qachon bu ishdan qaytmasligini aytib WCKDni butunlay toʻxtatish uchun Ava Paigeni oʻldirishini aytadi.

Rollarda

Ishlab chiqarilishi 2013-yilning 13-oktyabrida, Labirintdagilar filmi ommaga taqdim qilinishidan deyarli bir yil oldin, Foxning Labirintdagilar: Olov iskanjasida filmi ustida ish boshlashi haqida xabar berilgan. Ssenarist sifatida Qoyilmaqom Toʻrtlik filmiga ssenaristlik qilgan T.S Nowlin tayinlangan. U Noah Oppenheimdan ssenaristlikni oʻz zimmasiga olib, Nowlin yozgan ssenariyni nazorat qilish Wes Ballga topshirilgan.

Labirintdagilar: Olov iskanjasida filmi ustida ish boshlash koʻpchilikka Foxning Labirintdagilar filmining muvaffaqiyatiga ishonchi komil ekanligini koʻrsatgan. 2014-yil 19-noyabrda John Paesano filmga saundtrek ishlash uchun qaytishi tasdiqlangan. Yaratuvchi dizayner Ken Barthelmey filmda Cranklar tashqi koʻrinishi dizaynini yaratish uchun chaqirilgan.

Kasting 2014-yil 26-sentyabrda Rat-man nomi bilan mashhur boʻlgan Aidan Gillen Janson rolini ijro etish uchun chaqirilgan. 2014-yil 30-sentyabrda Rosa Salazar Brenda rolini oʻynash uchun shartnoma imzolagan. Keyingi bir necha kun ichida Loy filmi yulduzi Jacob Lofland Aris Jons roli uchun va Gianlarco Esposito Jorge rolini oʻynash uchun aktyorlar tarkibiga qoʻshilishgan. Nathalie Emmanuel 2014-yil 22-oktyabrda „B“ guruhining yetakchisi Harriet roliga taklif etilgan. Shu yilning 22-dekabrida esa Katherine McNamara yana bir asosiy rollardan biriga chaqirilgan. 2014-yil 3-noyabrida Lili Taylor Mary Cooper roliga va Barry Pepper Right Arm qarshilik guruhi yetakchisi Vince roliga chaqirilgan.

Suratga olish jarayoni 2014-yil 25-iyulda Ball San-Diyegodagi Comic-Conda studiya agar film ilk qismi muvaffaqiyatga erishsa navbatdagi qismni 2014-yil kuzida suratga olishni rejalashtirayotganligini eʼlon qilgan.

2014-yil 31-avgustda Ball filmni suratga olish boshlanishiga yana toʻqqiz hafta qolganini eʼlon qilgan. U shu bilan birga ular oʻsha vaqt New Mexicoda ekanligini, koʻpgina sahnalar deyarli tayyor boʻlib film suratga olish vaqtiga yaqinlashganini va koʻplab aktyorlar (ilk qismda vafot etganlardan tashqari) oʻz rollariga qaytishayotganligini, ssenariy ham deyarli tayyor boʻlganini taʼkidlaygan.

Asosiy suratga olish jarayoni 2014-yil 27-oktyabrda New-Mexicodagi Albukerke hamda unga yaqin bir necha hududlarida boshlangan. Suratga olish jarayoni 2015-yil 27-yanvarda yakunlanib, umumiy hisobda 94 kun davom etgan.

Saundtrek John Paesano tomonidan bastalangan saundtrek 2015-yil 11-sentabrda ommaga taqdim qilingan.

Taqdimoti 2014-yil 31-avgustda Ball film taxminan bir yillardan soʻng katta ekranlarga chiqarilishini taʼkidladi. 2014-yil 21-sentyabr kuni film 2015-yil 18-sentyabrda AQShda premyera qilinishi eʼlon qilingan.

Qabul qilinishi Labirintdagilar: Olov iskanjasida filmi Shimoliy Amerikada 81.7 million dollar daromad keltirgan. Dunyo boʻylab yigʻilgan daromad esa 230,6 million dollarni tashkil etib, jami 312,3 million dollar foyda keltirgan. Film budjeti 61 millin dollarni tashkil etgan.

Shimoliy Amerikada