Abu Ali al-Mansur ibn al-Mustaʼliy ((); 1096-yil 31-dekabr – 1130-yil 7-oktyabr), Al-Amir bi-ahkamillah () nomi bilan tanilgan, 1101-yildan 1130-yilda yaʼni vafotigacha hukmronlik qilgan oʻninchi Fotimiylar xalifasi va shia tariqatining Mustaʼliy ismoiliy yoʻnalishidagi 20-imom.
Al-Amir besh yoshida otasi al-Mustaʼliyning oʻrniga oʻtiradi. Hukmronligining dastlabki yigirma yilida al-Amir oʻzining amakisi va qaynotasi, Fotimiylar davlatini boshqargan va avvalgi al-Mustaʼliy kabi al-Amirni saroyga qamab qoʻygan vazir al-Afdal Shahanshohning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻladi. 1121-yil dekabrda al-Afdal ismoillikning Nizoriy yoʻnalishi tarafdorlari tomonidan oʻldiriladi. Oʻrta asrlarga oid baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu oʻlimda al-Amir va al-Afdalning bosh kotibi al-Maʼmun al-Batoyihiy ayblangan. Al-Amir va al-Batoyihiy al-Afdalning oʻgʻillaridan biri merosxoʻrlikka daʼvogar boʻlishining oldini olish uchun tezda harakat qiladilar. Al-Afdal va uning oʻgʻillarini qamoqqa tashlaydilar, u toʻplagan barcha xazinalar xalifa saroyiga olib kelinadi. Al-Batoyihiy yangi vazir etib tayinlanadi, ammo al-Amirning hukumatdagi roli ortib boradi va ommaviy marosimlarda doimiy ishtirok eta boshlaydi. Nihoyat, 1125-yilda al-Amir al-Batoyihiyni ishdan boʻshatib, qamoqqa tashlaydi va shunday keyin vazirsiz hukmronlik qiladi.
Al-Afdal va al-Batoyihiyning Falastindagi salibchilarga qarshi bir necha bor amalga oshirgan harbiy harakatlariga qaramay, al-Amir hukmronligi davrida Ashkelondan tashqari Levantdagi Fotimiylarga tegishli qirgʻoq qal’alarining barchasi qoʻldan keta boshlaydi. Al-Amir Yamanning Sulayhid podsholigi bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qiladi va 1122-yilda Mustaʼliy yoʻnalishi bayonotida Nizoriyning qonuniylik daʼvolarini rad etadi. Uning 1130-yilda Nizoriy tarafdorlari tomonidan oʻldirilishi va faqat goʻdak oʻgʻli at-Toyyibni merosxoʻr qilib qoldirilishi, Fotimiylar orasida merosxoʻrlik uchun kurash rivojlanishiga sabab boʻladi. Bu davrga kelib, Fotimiylar sulolasi parokanda boʻlishni boshlaydi. 1132-yilda al-Amirning amakivachchasi al-Hofiz voris sifatida eʼlon qilinishi bilan Fotimiylar hukmronligi qayta tiklanadi, bu esa Mustaʼliy ismoiliyligiga qarama-qarshi Hofiziy va Toyyibiy tarmoqlarining alohida ajralib chiqishiga sabab boʻladi.
Hayoti Boʻlajak al-Amir 1096-yil 31-dekabrda Fotimiylarning toʻqqizinchi imom-xalifasi al-Mustaʼliy () xonadonida tugʻilgan. Uning onasi 1094-yilda al-Mustaʼliyni taxtga koʻtargan va Fotimiylar davlatining amaldagi hukmdori boʻlgan qudratli vazir al-Afdal Shahanshohning singlisi boʻlgan.
Al-Afdal qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlishi Al-Mustaʼliy 1101-yil 11-dekabrda vafot etadi va shu kuni besh yoshida al-Amir al-Afdal tomonidan xalifa deb eʼlon qilinadi. Al-Afdal al-Amirning togʻasi boʻlib, yosh xalifaga oʻz qizini turmushga bergan va bu orqali u bilan oilaviy aloqalarni yanada mustahkamlashga erishgan. Bu shu vaqtgacha amalga oshirilgan holatga zid edi, chunki Fotimiy xalifalari oʻsha vaqtgacha kanizaklaridan farzand koʻrishgan va hech qachon qonuniy ravishda oila qurishmagan. Rasmiy nikoh orqali al-Afdal xalifaning har qanday kanizagidan boʻlgan boshqa bolalari ustidan rasmiy nikohdan boʻlgan farzandning merosxoʻrlikka munosibroq ekanligini taʼminlashga harakat qilmoqchi boʻlgan. Al-Afdal tomonidan buyurilgan farmon uning koʻplab vakolatlarga ega vazir etib tayinlanishi va yosh xalifadan ustunligini taʼminlagan. Al-Amir hukmronligining dastlabki yigirma yili shu tariqa al-Afdal tomonidan boshqarilish bilan oʻtgan. Vazir hukumatni toʻlaqonli nazorat qilgan va al-Amirni bir nechta marosimdagi vazifalarini ham cheklab qoʻygan. Oʻzidan oldingi otasi singari, al-Amir ham asosan xalifalik saroylarida yashagan, al-Afdal esa koʻplab tantanali, ommaviy chiqishlarni oʻz zimmasiga olgan.
Al-Afdal hukmronligi davrida Fotimiylar davlati asosan Quddus qirolligi salibchilari bilan ziddiyatli vaziyatda edi. Bu muqaddas urush, shuningdek, al-Afdal hukmronligi va sulolaning qonun-qoidalarini qonuniylashtirishning asosiy vositasi boʻlib xizmat qilgan. Oxirgi oʻn yil ichida Fotimiylar davlati () ham, Fotimiylarning Ismoiliy missiyasi () ham bu janglarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan: Levantning katta qismi sunniy saljuqiy turklar qoʻliga oʻtib ketgan. Al-Mustaʼliy taxtga oʻtirgach, al-Afdal tomonidan toʻntarilish oʻtkazilganligi natijasida nizoriy ismoiliylar Fotimiylar bay’atidan ajralib chiqishadi. Tarixchi Michael Brett yozganidek, salibchilarga qarshi kurash „sulola oldiga yangi maqsadlar qoʻygan“. Al-Afdalning salibchilarga qarshi uzluksiz yurishlariga qaramay, Falastinning katta qismi, shuningdek, Levantin qirgʻoq shaharlari Tartus (1102), Akka (1104), Tripoli (1109) va Sidon (1111) ham dushman qoʻliga oʻtib ketadi. Misrning oʻzi 1117-yilda Quddus qiroli Bolduin I tomonidan qisqa muddatga bosib olingan. Fotimiylar muqaddas urushning asosiy qal’asiga () aylangan qirgʻoq boʻyidagi Ashkelon shahrinigina oʻz qoʻllari ostida ushlab qolishga muvaffaq boʻlishgan. Ular uchun Ashkelon Falastindan Misrga boradigan asosiy va yagona yoʻl boʻlib qolgan. Oʻrta asr musulmon tarixchilari bu magʻlubiyatlar uchun al-Amirni ayblashadi, lekin aslida u oʻsha yillarda Fotimiylar hukumatida hech qanday muhim ahamiyatga ega boʻlmagan. Xalifa saroy va ommaviy marosimlarni oʻtkazish bilangina chegaralanib qolgan, al-Afdal esa oʻz kotiblari, avval Muxtor Toj al-Maʼali, keyin esa al-Qoid al-Batoyihiy bilan birgalikda deyarli „sulton“ sifatida hukmronlik qilgan. 1115-yilda kasalliklardan zaiflashib qolgan al-Afdal oʻzining oʻgʻli Samo al-Mulk Husaynni noibi va merosxoʻri etib tayinlaydi, ammo 1118-yilda amalga oshirilgan suiqasdda vazirning oʻgʻillari ishtirok etganligi gumon qilinib, ulardan barcha imtiyozlar olib qoʻyiladi.
Al-Afdalning oʻldirilishi Al-Afdalning vasiyligi uning 1121-yil 11-dekabrda, Ramazon hayiti arafasida oʻldirilishi bilan nihoyasiga yetgan. Bu ishda Nizoriy tarafdorlari ayblangan, ammo oʻrta asr tarixchilari va zamonaviy olimlar bunga shubha bilan qaraydilar. Ularning fikricha, al-Amir suiqasdning haqiqiy tashabbuskori boʻlishi mumkin.
Oʻz vaziri va qaynotasining vafotidan qaygʻurgan xalifa, saroyda ommaviy dafn marosimini oʻtkazish davomida tezda al-Afdalning oʻgʻillarini qamoqqa tashlab, ularning barcha boyliklarini musodara qildiradi. Barcha koʻchma buyumlarni esa vazir saroyidan oʻz saroyiga olib keltirishga farmon beradi. Misr ustidan uzoq vaqt hukmronlik qilgan sultonlar davrida al-Afdal va uning otasi Badr al-Jamoliy juda katta xazina toʻplagan edilar. 13-asr ensiklopedik tarixchisi Ibn Xallikon yozib qoldigan maʼlumotlarga koʻra, ularning boyligi qancha ekanligini „Xudodan boshqa hech kim bilmas edi“. Uning jami mol-mulkini saroyga koʻchirish uchun qirq kun kerak boʻlgan.
Maʼmun al-Batoyihiyning vazirlik davri Al-Amir koʻp yillar davomida hukumat ishlaridan chetda qolib ketgandi. Shu sababli, uning nozik jihatlaridan bexabar boʻlganligi sababli, al-Afdalning uzoq yillik bosh xizmatchisi al-Qoid al-Batoyihiyni vazir etib tayinlaydi. Al-Afdalning xazinalarini davlat hisobiga musodara qilishni nazorat qilgach, al-Batoyihiy 1122-yil 13-fevralda rasmiy ravishda vazir deb eʼlon qilinadi va unga taniqli al-Maʼmun („ishonchli“) unvoni beriladi.
Al-Batoyihiyga ham rasman al-Afdal ega boʻlgan vakolatlar taqdim etiladi va qobiliyatli boshqaruvchi sfatida tariflanadi. Lekin uning mavqei avvalgi bosh vazirnikidan ancha quyiroq boʻlib, al-Amir koʻplab davlat ishlarni oʻzi amalga oshirgan. Tarixchi Michael Brett yozganidek, „oradagi munosabatlar ittifoqchilik munosabatlari boʻlib, bunda vazirga avvalgidek hukumat mas’uliyati ishonib topshirilgan va buning evaziga xalifa oʻzining asosiy humkdor ekanligini keng ommaga namoyish etishda qarshiliklarga uchramagan“. Eng muhimi, al-Amir barcha soliq daromadlari va qimmatbaho matolarning xalifa saroyida saqlanishini va ayni shu yerda taqsimlanishiga eʼtibor qaratgan. Hukmdor sifatida al-Amir manbalarda „gʻayrioddiy tarzda aqlli va bilimdon“ sifatida tasvirlangan va Qur’onni yod olgani aytilgan. Avvalgi vazir va xalifa orasidagi vakolatlar muvozanatining oʻzgarganligi al-Batoyihiyga ayon boʻladi, u oʻz mavqeida uzoq vaqt qolishlikni taʼminlash uchun al-Amirga nisbatan qoʻyilgan ayblovlarni toʻgʻridan-toʻgʻri oshkor qilmaslik uchun xalifadan yozma vaʼda olishga harakat qiladi. Hujjat al-Batoyihiy vafotigacha amal qilishi kerak edi.
Al-Afdalning oʻlimidan soʻng, al-Amir va uning otasi hukmronligiga azaliy dushman boʻlgan nizoriylarning tahdidi kuchayadi. Qohirada olingan xabarlarga koʻra, bosh Nizoriy rahbari Hasan ibn Sabboh al-Afdalning oʻlimidan sevingan, hamda al-Amir va al-Batoyihiyni ham xuddi shunday taqdir kutishini aytgan. 1122-yil dekabr oyida al-Amir Qohirada amaldorlar yigʻilishini oʻtkazgan, unda nizoriylar xalifa al-Mustansirni () omma oldida qoralashgan va al-Mustaʼliy vorisligining qonuniyligi Nizoriyning yagona singlisi sifatida koʻrsatilgan shaxs tomonidan tasdiqlangan. Shu munosabat bilan „“ eʼloni keng ommaga maʼlum qilingan, va bu xabar masjid minbarlarida, jamoat joylarida oʻqib eshittirilgan. Keyin Forsdagi Nizoriy jamoalariga yuborilgan.
1122-yil bahorida Fotimiylar floti Damashqning sunniy turk hukmdori Togtekin tomonidan tayinlangan turk gubernatoridan Levantin port shahri Tir ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq boʻladi. Bu gʻalaba uzoqqa choʻzilmaydi, chunki Domenico Michiel boshchiligidagi Venetsiya floti koʻp oʻtmay Levantning salibchilar davlatlarini qoʻllab-quvvatlashni boshlaydi. Venetsiyaliklarning Nil deltasiga bosqinlari muvaffaqiyatislikka uchragan boʻlsa-da, 1123-yilda venetsiyaliklar Ashkelon yaqinidagi Fotimiylar flotini magʻlub etishadi va Yaffani egallash uchun yuborilgan Fotimiylar qoʻshini Yibne jangida salibchilar tomonidan tor-mor etiladi. Tir bilan aoqa yana uzilib qoladi va hududni salibchilar qoʻliga tushib qolishidan qoʻrqqanliklari uchun, Fotimiylar yangilangan turk nazoratini qabul qilishga majbur boʻladilar. Tir shahri 1124-yil iyulida Quddus Qirolligi qoʻl ostiga oʻtib ketadi. 1123-yilda Luvata berberlari Misrga bostirib kirishadi. Xuddi shu yili Ifriqiyaning Zirid amiri Abul-Hasan al-Hasan ibn Ali ham Fotimiylar hukmronligini tan olish maqsadida Qohiraga elchilar yuboradi va Norman istilosini toʻxtatish uchun Fotimiylardan yordam soʻraydi.
Al-Amir Sulayhid malikasi Arva boshchiligidagi Yamanda qolgan Fotimiylar tarafdorlari, Mustaʼliy ismoiliy jamoalari bilan yaqin aloqalar oʻrnatishga eʼtibor qaratadi. Al-Afdal 1119-yilda Yaman ismoiliylarini Qohira bilan aloqalarini yaxshilash uchun Ali ibn Ibrohim ibn Najib ad-Davla ismli elchi yuborgan edi. Al-Afdalning oʻlimidan soʻng, Yamandagi fotimiy tarafdorlarning harbiy harakatlari yanada kuchayib ketgan. Bu ibn Najib ad-Davlaga qirolicha Arvadan erkin holatda oʻz siyosatini yuritish imkonini beradi, biroq u 1124-yilda Zabidni qoʻlga olishga urinayotganda omadsizlikka uchraydi, Fotimiylar tomonidan unga taqdim etilgan qoʻshindagi askarlarning koʻpchiligi halok boʻladi. Uning mustaqil faoliyati va takabburligi Yaman boshliqlarining noroziliklariga sabab boʻladi, ular unga qarshi fitna uyushtira boshlaydilar. Uni Nizoriy targʻiboti bilan shugʻullanaganlikda ayblaydilar, buning uchun hatto Nizor ibn al-Mustansir nomidagi soxta tangalar ham ishlab chiqarilgan. Yana bir harbiy otryad 1125-yilning oxirida (al-Batoyihiy vazirlikdan ketgach) Yamanga yuboriladi va sharmanda boʻlgan elchini zanjirband holatda qaytarib olib keladi. Ibn Najib ad-Davla Qohira koʻchalarida sazoyi qilinganidan keyin qamoqqa tashlanadi.
Shaxsiy qarorlari alt=Map of the Middle East showing the Christian states of c. 1135 in colour|right|thumb|344x344px|Levantning siyosiy xaritasi -yil