Han Kang (koreyscha:한강) – janubiy koreyalik yozuvchi. „Vegetarian“ asari orqali u xalqaro miqyosda mashhurlikka erishdi. Bu asar 2016-yilda badiiy adabiyot boʻyicha Xalqaro Buker mukofotiga sazovor boʻlgan birinchi koreys tilidagi romanga aylandi. Shuningdek, Han 2024-yilgi Adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan birinchi koreyalik yozuvchi hamda birinchi osiyolik ayol yozuvchi sifatida tarixga kirdi.
Biografiyasi Han Kang 1970-yil 27-noyabrda Janubiy Koreyaning Guanchjou shahrida tavallud topgan. Uning oilasida adabiyot sohasidagi insonlar koʻp boʻlib, otasi yozuvchi Han Seung-won. Shuningdek, akasi Han Dong-rim novelist, ukasi Han Kang-in esa novelist va karikaturachidir.
Han 9 yoshligida otasi Guanchjou qoʻzgʻolonidan toʻrt oy oldin oʻqituvchilikni tark etib, yozuvchilik bilan shugʻullanish maqsadida Seulga koʻchib keladi. Han birinchi marta qoʻzgʻolon haqida 12 yoshida, uyida nemis jurnalisti tomonidan olingan fotosuratlarning yashirin ravishda tarqatilgan xotira albomini topib olgach bilib qoladi. Keyinchalik bu topilma uning insoniyat va adabiy asarlariga boʻlgan qarashlariga oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
1988-yilda u Poongmoon oʻrta maktabini, 1993-yilda Yonsei universitetida koreys tili va adabiyoti yoʻnalishini tamomladi. 1998-yilda u Iowa Universitetining International Writing dasturi boʻyicha tahsil oldi.
Ijodiy faoliyati Yonsei Universitetini tamomlagach, Han qisqa vaqt davomida „Saemteo“ jurnalida muxbir sifatida faoliyat yuritdi. Oʻsha yili uning beshta sheʼri, jumladan, „Seuldagi qish“ sheʼri „Adabiyot va jamiyat“ jurnalining 1993-yil qishki sonida chop etildi. Bir yildan soʻng, u oʻzining ilk badiiy asarini Han Kang-hyun taxallusi ostida yoza boshladi, oʻsha yili uning „Qizil langar“ hikoyasi Seoul Shinmun tomonidan oʻtkazilgan Yangi yil adabiy tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Uning dastlabki hikoyalar toʻplami " Yeosu sevgisi " 1995-yilda nashr etilgan boʻlib, hikoya aniq va izchil tuzilishi bilan insonni oʻziga jalb qiladi. Keyinchalik, Han faqat yozuvchilik bilan shugʻullanish maqsadida jurnaldagi ishini tark etdi " Korean Writers: The Novelists ", Minumsa Publishing p. 78.
Hanga koreys modernist shoiri Yi Sang sheʼriyatidagi Yaponiya istilosi ostidagi Koreyaning mustamlakachilik tarixi zoʻravonligiga qarshi mudofaa gʻoyasi oʻzining eng muvaffaqiyatli asari „Vegetarian“ romanini yozishda ilhom manbayi boʻldi. Uch qismdan iborat romanning ikkinchi qismi Yi Sang adabiy mukofotiga loyiq koʻrildi.
Garchi Debora Smit "Vegetarian" asarini tarjima qilgan paytdayoq butun dunyo eʼtiborini tortgan boʻlsa-da, bu roman Hanning ingliz tiliga tarjima qilingan ilk romani boʻldi. 2016-yilda badiiy adabiyot boʻyicha Xalqaro Buker mukofotiga loyiq koʻrilgan bu asar ushbu mukofotni qoʻlga kiritgan birinchi koreys romani boʻldi. „Vegetarian“, shuningdek, The New York Times Book Review tomonidan „2016 yilning eng yaxshi 10 ta kitobi“ roʻyxatiga kiritilgan.
Hanning „Human acts“ romani 2016-yil yanvar oyida Portobello Books tomonidan nashr etilgan. Han 2017-yil 1-oktyabrda Italiyada Adelphi Edizioni tomonidan „Human acts“, „Atti Umani“ ning italyancha tarjimasi uchun Premio Malaparte mukofotiga sazovor boʻldi. Romanning ingliz tilidagi tarjimasi 2018-yilda Xalqaro Dublin adabiy mukofoti uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritilgan.
Hanning uchinchi romani „Oq kitob“ 2018-yilgi Xalqaro Buker mukofotiga nomzod boʻldi. Avtobiografik roman boʻlib, tugʻilganidan ikki soat oʻtgach vafot etgan opasi haqida hikoya qiladi.
Hanning „Biz ajralmaymiz“ romani 2021-yilda nashr etilgan. Unda yozuvchi 1948-1949-yillardagi Jeju qoʻzgʻoloni va uning doʻsti oilasiga taʼsiri haqida hikoya qiladi. Romanning fransuzcha tarjimasi 2023-yilda Étranger Prizesida gʻolib chiqdi.
2023-yilda Hanning toʻrtinchi romani „Yunon tili darslari“ Debora Smit va E Yaewon tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan.
Shaxsiy hayoti Han Kang adabiyotshunos va Kyung Hee kiber universitetining professori Hong Yong-hee bilan turmush qurgan. 2024-yilda Han u bilan koʻp yillardan beri birga emasligini aytib oʻtgan. Hanning bir oʻgʻli bor, u bilan 2018-yildan beri Seulda kitob doʻkonini boshqaradi.
Mukofotlar 2018-yilda Han „Kelajak kutubxonasi“ loyihasiga hissa qoʻshish uchun tanlangan beshinchi yozuvchi boʻldi. Loyiha tashkilotchisi Keti Patersonning aytishicha, Han „dunyo haqidagi tasavvurimizni kengaytirgani“ uchun tanlangan. Han 2019-yil may oyida Dear Son, My Beloved qoʻlyozmasini taqdim etdi. Topshirish marosimida u oq matoni oʻrmondan sudrab oʻtib, qoʻlyozmaga oʻradi. U buni koreys madaniyatiga ishora sifatida tushuntirdi, unda oq mato ham chaqaloqlar uchun, ham motam liboslari uchun ishlatiladi va voqeani "mening qoʻlyozmamning bu oʻrmonga toʻyiga oʻxshaydi. Yoki yuz yillik uyqu uchun alla.
Han 2023-yilda Royal Society of Literature jamiyati aʼzosi etib saylangan.
„Vegetarian“ 2024-yil iyul oyida The New York Timesning "XXI asrning 100 ta eng yaxshi kitobi" roʻyxatida 49-oʻrinni egalladi.
2024-yilda Han Shvetsiya akademiyasi tomonidan „tarixiy jarohatlarga qarshi turadigan va inson hayotining nozikligini ochib beruvchi nasriy sheʼri“ uchun adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻldi.
Manbalar
Yana qarang Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxati