Fraktal – bir-biriga oʻxshash, kichik masshtabdagi tuzilmalarni jamlagan, qismlari ketma-ket kattalashtirishlarda koʻrinadigan geometrik shakl. U aniqlashtirilgan sari kattalashib boradi va oʻziga oʻxshash koʻplab naqshli segmentlarni hosil qiladi. Fraktal umuman aytganda oddiy geometrik shakllarning turli oʻlchovdagi yigʻindisidan iborat. Fraktal oʻlchov esa matematikada geometrik tipdagi murakkab shakllarning miqdor va sifat jihatdan statistikasini koʻrsatishda qoʻllaniladi. Fraktal naqsh oʻzidagi shakllarning harakatiga qarab oʻzgarib boradi. Shu orqali shakllar orasidagi boʻsh joy toʻlib, uzluksizligi taʼminlanadi.
Fraktal tuzilish nazariyasi matematikada uzoq yillar mobaynida oʻrganilgan (taxminan 1600-yillardan boshlab), ammo ilk bor atama sifatida fraktal soʻzi 1967-yil Benoit Mandelbrot tomonidan „The fractal geometry of Nature“ (Tabiatning fraktal geometriyasi) kitobida yoritilgan. U jismlar qismlarining oʻxshashligiga asoslanib fraktal tuzilishidagi qaytalanishlarga alohida eʼtibor bergan. Maqolasida Lewis Fry Richardsonning sohil chizigʻining uzunligi uni oʻlchashda ishlatilgan oʻlchov tayoqchasi uzunligiga monand ravishda oʻzgarayotganini haqida fikr bildirgan. Bunga koʻra, qirgʻoq uzunligi chizigʻining fraktal oʻlchami, oʻlchash uchun zarur boʻlgan masshtabdagi tayoqchalar soni, tayoqqa nisbatan qoʻllanilayotgan shkala bilan birga oʻzgarib borayotganini kuzatgan.
Fraktal boshqa cheklangan geometrik shakllardan oʻlchovi jihatdan farq qiladi. Uning fazoviy oʻlchami butun son boʻlishi shart emas va koʻpincha doimiy oʻchamidan kattaroq son chiqadi. Bu miqdor ham shaklning aynan odatiy oʻlchamidan farqlab olish uchun uning fraktal tuzilishiga asoslanib oʻlchanadi.
XVII asrdan boshlab fraktal rekursiya tushunchasi bilan birga qoʻllanilib boshlandi. XIX asrda Bernard Bolzano, Bernhard Riemann hamda Karl Weierstrasslar uzluksiz, differensiallashmagan bu tuzilmalarni matematik jihatdan oʻrganishga kirishdi. XX asrda fraktal atamasi paydo boʻlishi bilan birga ularni kompyuterga asoslangan modellashtirish tizimi ham kuchaytirildi. Matematiklar fraktal shaklga turlicha taʼriflar berib oʻtishgan. Mandelbrot uni jozibador, qattiq va tobora ommalashmoqda deb taʼriflagan. Keyinchalik oʻzgartirishlar kiritib, bu boʻlaklarga boʻlina oladigan, har bir boʻlak butunning maʼlum bir qismi boʻlgan geometrik shakl ekanligini aytgan. Fraktal atamasining qoʻllanilishi shu tarzda Mandelbrot taʼrifi bilan bogʻlab tushintiriladigan boʻldi, yaʼni fraktal soʻzi umumiy fraktal oʻlchami jihatdan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan barcha variantlar uchun bir maʼnoda ishlatilishi mumkin.
Fraktal bilan birga matematikada fraktal oʻlcham atamasi keng qoʻllaniladi. Fraktal oʻlcham bu fraktal tuzilishga ega, uzluksiz naqshlar va toʻplamlarning taxminiy koʻrsatkichi boʻlib, ularning murakkabligi masshtablaridagi murakkablik bilan ifodalanadi. Fraktal oʻlchamlardan obyektlarning keng spektrik tasvirlari, turbulentlik, daryo tarmoqlari, shaharlar oʻsishi, inson fiziologiyasi, tibbiyot, bozor va tendensiya kabi soha va yoʻnalishlarda foydalanish mumkin. Fraktal oʻlchamlarga ilk marta murakkab geometrik shakllarni oʻlcham jihatdan belgilovchi birlik sifatida qaralgan. Oddiy geometrik shakllar esa nazariy fraktal qiymat shakllar toʻplamining evklid yoki topologik oʻlchami bilan bir xil hisoblab topilgan. Fraktalni toʻplam holida oʻlchash kerak boʻlsa, qiymat uning topologik oʻlchamidan yuqori chiqadi va toʻplam fraktal geometriyaga ega deb hisoblanadi.
Etimologiyasi Fraktal atamasi 1975-yilda Fransuz matematigi Benoît Mandelbrot tomonidan fanga kiritilganBenoît Mandelbrot, Objets fractals, 1975, p. 4. Lotinchada „frāctus“ – buzilgan, singan degan maʼnolarni anglatadi. Nazariy jihatdan fraktal oʻlchovlar tabiatdagi geometrik naqshlarni hisoblashga nisbatan ham ishlatilgan.
Taʼrifi
Matematikada va jamoatchilik talqinida fraktal tushunchasi turli xil maʼnolar kasb etadi. Jamoatchilikda koʻproq bu sanʼat bilan bogʻlanadi. Sanʼat jihatdan qaraganda bir-biriga oʻxshash, nozik tuzilmalarni kattalashtirish uchun obyektiv va boshqa qurilmalar yordamida ularning yana takrorlanishini kuzatish mumkin. Bunda fraktallarda oʻzgarish sodir boʻlmaydi ammo bir xil naqsh qayta-qayta takrorlanadi. Matematik usullarsiz tushinilishi mumkin boʻlgan fraktalning yana bir xususiyati oʻlchamining topografik oʻlchamdan kattaroq boʻlishidir. Fraktal va geometrik toʻgʻri shakllarni solishtirsak, toʻgʻri chiziq odatiy ravishda bir oʻlchovli deb qabul qilingan, agar u asl uzunligidan 1/3 qismga boʻlinsa, unda uchta teng boʻlak hosil boʻladi. Kvadrat shakl ikki oʻlchamli deb qaraladi va ikkala oʻlchamda 1/3 marta kichraytirilsa boʻlaklar soni ortadi. Bunda koʻrib chiqsak, obyektlar qaysidir oʻlchovda boʻlganda uni boʻlaklarga boʻlish, miqdorning ortishiga olib kelyapti. Masshtab faktori kichrayapti. Fraktallar nazariyasida egri chiziqda koʻrilganda uni toʻrtta kichik nusxaga boʻlish mumkin va ularning har biri 1/3 miqyosda koeffitsiyentiga koʻra kichiklashadi. Bunda egri chiziq oʻlchamini 3D=4 formula boʻyicha mos keladi va D sonini fraktal oʻlchamini ifodalaydi. Shunday qilib, fraktallarni obyektning haqiqiy oʻlchamidan farq qiladigan topologik oʻlcham deyish mumkin.
Matematik tenglamalarda fraktallar hech bir joyda farqlanmaydi va ularni odatiy usullar bilan oʻlchab boʻlmaydi. Toʻlqinsimon, fraktal boʻlmagan egri chiziqning uzunligini topishda toʻlqinlar ustida uchlari mos keladigan darajada kichik oʻlchov asbobi oʻrnatiladi. Oʻchov asbobi va chiziq segmentlari ulanadi. Ammo qor parchasi kabi murakkab egri chiziqli, fraktal boʻlgan shakllarda segment topib boʻlmaydi, sababi asbob oʻrnatishga harakat qilinganda, shikastlangan qism oʻz oʻrnini tezda toʻldiradi, kichik masshtablarda qaytadan tiziladi. Natijada butun egri chiziq yuzasini qoplab oʻlchash uchun cheksiz oʻlchov lentasi kerak boʻladi va bundan kelib chiqib qor parchasi kabi fraktal shakllar cheksiz perimetrga ega deb qaraladi.
Tarixi
Fraktallar tarixi dastlabki geometrik nazariy maʼlumotlardan kompyuter grafikasidagi zamonaviy usullargacha boʻlgan rivojlanishni oʻz ichiga oladi. Koʻpchilik olimlar tomonidan fraktallarning yangi koʻrinishlari kashf qilinib kelingan. Sanʼat sifatida Afrika anʼanaviy arxitektura madaniyatida fraktallar masshtablaridan foydalanish keng tarqalgan. Bunda kichik obyektlardan kattalarining hosil boʻlishi, masalan, dumaloq uy-joylardan dumaloq shaklda qishloqlarning qurilishini koʻrish mumkin. Matematik nazariyalari XVII asrda matematik va faylasuf Gottfried Leibnizning strukturalarning bir-birga oʻxshashligi fikrlari asosida shakllanib boshlagan. 1872-yil 18-iyunda Karl Weierstrass birinchi marta bugungi kunda fraktal deb hisoblash mumkin boʻlgan geometrik shaklni ommaga namoyish etgan. U Prussiya Qirollik Fanlar Akademiyasida hamma joyda uzluksiz va hech joyda farqlanmaydigan tuzilmani fraktal ekanligini taʼriflagan. 1883-yilda Weierstrass maʼruzalari boʻyicha tahsil olgan Georg Cantor gʻayrioddiy xususiyatlarga ega boʻlgan, hozirda fraktallar sifatida tan olingan Cantor toʻplamlarini nashr ettirgan.
Felix Klein hamda Henri Poincaré oʻrta asrning soʻngi yillarida oʻziga teskari fraktallar deb nomlanuvchi Poincaré fraktallarini fanga kiritgan. Keyingi muhim burilish, 1904-yilda Helge von Koch tomonidan Poincaré gʻoyalari hamda Weierstrassning mavhumlik va analitiklik taʼrifidan rozoriligi asosida fraktalning qoʻlda chizilgan tasvirini yaratilgan va u Koch qor parchasi deb atalgan.
Oradan oʻn yil oʻtib, 1915-yilda yana bir muhim voqea, Wacław Sierpiński oʻzining mashhur uchburchagi (Sierpiński uchburchagi), bir yildan keyin Sierpiński gilami nomli fraktallarni yaratdi. Sierpiński uchburchagi bu teng tomonli, uchlari bir-biriga koʻp marta qayta ulab hosil qilinadigan uchburchak koʻrinishdagi fraktal. 1918-yilda ikki fransuz matematigi Pierre Fatou va Gaston Julia mustaqil faoliyat yuritib, bir vaqtda murakkab raqamlar va funksiyalarni fraktal usullarda xaritalash ishlarini olib borishgan. 1918-yil mart oyiga kelib Felix Hausdorff fraktallarda oʻlchov tushinchasini kengaytirgan. Bir-biriga oʻxshash egri chiziqlar loyihasini Paul Lévy fanga olib kirgan.
Dizayn sohasida fraktal shakllarning keng yoyilishi dastlabki tadqiqotchilarning qoʻlyozma chizmalari bilan bogʻliq. Zamonaviy kompyuter grafikasi yordamisiz dastlabki naqshlar fraktallar koʻrinishida boʻlgan ammo ularning oʻlcham va qiymatini baholash uchun yetarli vositalar mavjud boʻlmagan. 1975-yilda Mandelbrot tomonidan fraktal tushunchasining fanga olib kirilishi yuzlab yillik fikr va mulohazalarni bir toʻxtamga jamladi. U fraktalning matematik izohini kompyuterda yaratilgan vizualizatsiyalar orqali tasvirladi va tasavvur uygʻotishga erishdi. Bulardan uning Mandelbrot toʻplami mashhurlikka erishgan. Ularning barchasi ham rekursiyaga asoslanib, fraktal atamasini mazmunan ochib berishga qaratilgan. 1980-yilda Loren Carpenter „SIGGRAPH“ (Kompyuter grafikasi va interaktiv texnikalar boʻyicha maxsus qiziqish guruhi)da oʻzining fraktal usulda landshaftlar yaratish boʻyicha dasturiy taʼminotini namoyish etgan.
Turlari
Mandelbrot keltirgan taʼrif boʻyicha fraktal bu oʻz-oʻzini takrorlaydigan qismlardan tashkil topgan, tartibsiz boʻlaklangan shakl. Ularning har biri butunning kichraytirilgan nusxasi. Fraktallarning barchasi umumiy tuzilish qonuniyatiga boʻysungani bilan, maʼlum bir shakllari jihatdan turlarga boʻlinishi mumkin. Falconer takidlashicha, ular quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:
Toʻliq oʻxshash qismli fraktal: barcha qismlari bir xil naqshli, masalan, qor parchasi. Faqat oʻziga oʻxshash fraktal: turli masshtablardagi bir xil naqshlar, masalan, Mandelbrot toʻplami. Statistik oʻziga oʻxshash fraktal: naqshlari tasodifiy takrorlanadi, son yoki statistik koʻrsatkichlari shkalalar boʻyicha saqlanib qoladi. Ularda Koch qor parchasi kabi takrorlanadigan qismni topish mushkul. Tasodifiy hosil boʻladigan fraktallarga Britaniya qirgʻoq chizigʻining oʻlchamlarini kiritish mumkin. Sifatiy jihatdan oʻziga oʻxshash fraktal: Vaqt qismlari kabi. Multifraktal masshtabli fraktal: Bir nechta fraktal oʻlchovli va masshtabli qiyoslashga koʻra aniqlanadi.
Bundan tashqari fraktallarning shunday turlari borki, ularda segmentlar mahalliy va umumiy miqyosda tartibsiz joylashgan boʻladi va ularni geometrik jihatdan osonlikcha tasvirlab boʻlmaydi. Bunday fraktallarni tasvirlash uchun yuzalarini silliqlash, burilishlarini tekislash usullari qoʻllaniladi. Guruh boʻlib joylashganda fraktallar va fraktal boʻlmagan shakllarni ajratish qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Chunki fraktal qismlari orasida ular oʻzaro oʻxshash shakllarda ham uchraydi.
Fraktal hosil qilishning umumiy usullari
Fraktallarni yaratishda fraktal hosil qiluvchi dasturlardan foydalaniladi. Bunda ularga kapalak effekti taʼsir qiladi va bu orqali kichik oʻzgarishlar oldindan aytib boʻlmaydigan natijalarga olib kelishi mumkin. Quyida bir qancha usullar keltirilgan:
Takrorlanuvchi funksional tizimlar – geometrik shakllarning qatʼiy ravishda almashtirilishidan iborat, stokastik (tartibsiz) yoki deterministik fraktallar uchun. Bu usulda Koch qor parchasi, Cantor toʻplami, Haferman gilami, Sierpiński gilami, Peano egri chizigʻi, Harter-Heighway egri chizigʻi, T-kvadrat kabi fraktallar yaratilgan. Atraktorlar (oʻziga xos qism) – fraktal yasashda xarita tuzib olish uchun ishlatiladigan, tartibsizlikni koʻrsatadigan boshlangʻich qiymatli differensial tenglamalar tizimi. L-tizim – satrni qayta yozishda foydalaniladi. Sistemali tuzilmalar, jumladan, biologik hujayralarda (qon tomirlari, oʻpkadagi alveolalar, neyronlar) shoxlanishli naqshlar koʻrinishidagi egri chiziq va segmentlarni grafik chizmalar koʻrinishida yaratadi.