Maykl Xanake (; 1942-yil 23-mart, Myunxen) — Germaniyada tugʻilgan avstriyalik kinorejissyor va ssenariynavis. U filmlarida zamonaviy jamiyat muammolari hamda insonning jamiyatdan begonalashuv tuygʻusi yetakchi mavzulardan biri hisoblanadi. Xanake fransuz, nemis va ingliz tillarida film suratga olgan, televideniye va teatrda ham ishlagan, Vena kino akademiyasida rejissyorlikdan dars bergan.

U Cannes kinofestivalining „Oltin palma novdasi“ mukofotiga ikki marta — „Oq lenta“ (2009) va „Muhabbat“ (2012) filmlari uchun sazovor boʻlgan. Ikkinchi film „Oscar“ mukofotini „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasiga loyiq deb topilgan.

Hayoti

Xanake nemis aktyori va rejissyori Fritz Haneke hamda avstriyalik aktrisa Beatriks fon Degenshild oilasida tugʻilgan va Avstriyaning Wiener Neustadt shahrida ulgʻaygan. Yoshlik chogʻida aktyor boʻlishni orzu qilgan, ammo Venadagi Maks Reynxardt seminariyasining kirish imtihonidan oʻta olmagan. Vena universitetida falsafa, psixologiya va dramaturgiyani oʻqigan. Universitetni tark etgach, 1967–1970-yillarda Germaniya janubi-gʻarbidagi „Zyudvestfunk“ telekanalida muharrir va dramaturg boʻlib ishlagan, shu bilan birga kino tanqidchilik bilan shugʻullangan. 1983-yilda Zuzanne bilan turmush qurgan.

Xanake 2026-yil avgustida rejissyorlik faoliyatini tugatgani maʼlum qilingan, bu haqda uning hamkasbi, avstriyalik rejissyor Markus Schleinzer intervyusida aytgan.

Ijodi

Xanake kino faoliyatini televideniyeda boshlagan, 1974-yilda oʻzi yozgan va rejissyorlik qilgan „Liverpuldan keyin“ telefilmi uning debyuti boʻldi. Uzun metrajli kinodagi debyuti — „Yettinchi qitʼa“ (1989) filmi Lokarno kinofestivalida bronza leopard mukofotini olgan. Bu film, shuningdek, „Bennining videosi“ (1992) va „Tasodif xronologiyasining 71 parchasi“ (1994) bilan birga uning birinchi trilogiyasini tashkil etadi, trilogiyada isteʼmolchilik, zoʻravonlik, ommaviy axborot vositalari va insonning jamiyatdan begonalashuv tuygʻusi oʻrtasidagi bogʻliqlikni tahlil qilingan.

1997-yilda u „Qiziqarli oʻyinlar“ filmini suratga oldi, 2007-yilda esa ushbu kartinaning amerikacha remeykini yaratdi. 2001-yilda Isabelle Huppert bosh rolni ijro etgan „Pianinochi ayol“ filmi Cannes kinofestivalining Gran-prisiga (Hakamlar hayʼatining Katta mukofoti) loyiq koʻrildi. Uning keyingi „Yashirin“ (2005) filmi esa Xanakega Cannes kinofestivalida „Eng yaxshi rejissyor“ mukofotini taqdim etdi.1913-yilda Shimoliy Germaniyadagi kichik shaharchada sodir boʻladigan, qora-oq tasvirda suratga olingan „Oq lenta“ (2009) filmi uning birinchi „Oltin palma novdasi“ni olib keldi va „Oltin globus“ mukofotiga ham sazovor boʻldi. „Muhabbat“ (2012) — keksa er-xotinning hayoti haqidagi film — ikkinchi „Oltin palma novdasi“ni va beshta „Oscar“ nominatsiyasini olgan. Shu bilan Xanake bu mukofotni ikki marta olgan yettinchi rejissyor va bunga erishgan yagona avstriyalik rejissyor boʻlgan. 2013-yilda u Asturiya shahzodasi mukofotini (sanʼat yoʻnalishida) olgan. Oxirgi filmi „Baxtli yakun“ (2017) Cannes kinofestivalining asosiy tanlovida namoyish etilgan.

Xanake teatr va opera sahnasida ham ishlagan, 2006-yilda Parij milliy operasida Motsartning „Don Jovanni“ operasini sahnalashtirgan. Uning filmlariga uzun kadrlar, harakatsiz (statik) kamera, ochiq yakunlar va sukunatdan ustalik bilan foydalanish xosdir. Nyu-Yorkdagi Zamonaviy sanʼat muzeyi (MoMA) rejissyor ijodidagi asosiy mavzular qatoriga quyidagilarni kiritgan: insonning begonalashuvi va ijtimoiy parchalanish, fashistik moyilliklarni yuzaga keltiruvchi muhit sifatida burjua oilasi, shuningdek, shaxsiy javobgarlik hamda jamoaviy aybdorlik tuygʻusi..

Filmografiyasi

Yil Film nomi Asl nomi Izoh 1989 „Yettinchi qitʼa“ Der siebente Kontinent Debyut; Lokarnoda bronza leopard 1992 „Bennining videosi“ Benny’s Video Trilogiyaning ikkinchi filmi 1994 „Tasodif xronologiyasining 71 parchasi“ 71 Fragmente einer Chronologie des Zufalls Trilogiyaning uchinchi filmi 1997 „Qiziqarli oʻyinlar“ Funny Games 2000 „Nomaʼlum kod“ Code inconnu Bosh rolda Juliett Binosh 2001 „Pianino oʻqituvchisi“ La Pianiste Kannda Katta mukofot 2003 „Boʻrilar davri“ Le temps du loup 2005 „Yashirin“ Caché Kannda eng yaxshi rejissyor mukofoti 2007 „Qiziqarli oʻyinlar“ Funny Games 1997-yilgi filmning qayta versiyasi 2009 „Oq lenta“ Das weiße Band Kannda „Oltin palma novdasi“; „Oltin globus“ 2012 „Muhabbat“ Amour Kannda „Oltin palma novdasi“; „Oskar“ (eng yaxshi xorijiy film) 2017 „Baxtli yakun“ Happy End Kannda „Oltin palma novdasi“ga nomzod

Manbalar

Havolalar

Mixael Xaneke — IMDb saytida

Turkum:23-martda tugʻilganlar

Turkum:1942-yilda tugʻilganlar

Turkum:Avstriyalik kinorejissyorlar

Turkum:Myunxenda tugʻilganlar