McKenzie Coan (1996-yil 14-iyunda tugʻilgan) – amerikalik suzuvchi. 2012-yilda Londonda boʻlib oʻtgan Yozgi paralimpiada oʻyinlarida S8 toifasida ayollar oʻrtasida 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida ishtirok etgan. Oʻsha musobaqalarda sportchi AQSh terma jamoasi safidan tanlab olingan toʻrt nafar S8 toifasida ishtirok etuvchi suzuvchilardan biri edi. Oradan toʻrt yil oʻtib, 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Coan katta yutuqlarga erishdi. S7 toifasida 50, 100 va 400 metrga erkin usulda suzish boʻyicha 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, ayollar oʻrtasida 4×100 metrga erkin usulda estafeta bahslarining 34 ochkolik toifasida kumush medalga ham sazovor boʻldi. Coan 50 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishida oltin medalini qoʻlga kiritgan holda yangi paralimpiya rekordini ham oʻrnatdi.

Yoshlik yillari va taʼlimi Coan 1996-yil 14-iyunda Jorjiya shtatining Toccoa shahrida tugʻilgan. U Jorjiya shtatining Clarkesville shahrida ota-onasi bilan ulgʻaygan. Otasi Marc ichki kasalliklar shifokori, onasi Teresa Coan esa suzish jamoasiga egalik qiladi. Coanning ikki nafar aka-ukalari bor. Sportchi „Osteogenezis imperfecta“ deb nomlanuvchi bogʻlovchi toʻqimalar kasalligiga duchor boʻlgan, bu kasallik bilan chalingan bemorlarda toʻqimalar, ayniqsa, suyaklarda muammo yuzaga keladi va moʻrtlashib qoladi. Coan hayoti davomida 50 tadan ortiq suyaklarini sindirgan. Suzishdan tashqari, Coan yoshligida skaut qizlar, yengil atletika va sahnalashtirilgan sud jarayonlari mashgʻulotlarida ishtirok etgan. Oʻrta maktabda oʻqib yurgan yillarida Georgia Swimming LSC tashkiloti boshqaruv kengashi tarkibida boʻlgan, shuningdek, Georgia olimpiyachilar assotsiatsiyasida kotiblik qilgan. Bundan tashqari, u oʻz fondiga ham ega boʻlib, mahalliy bolalar shifoxonalarida koʻngilli sifatida faoliyat yuritgan.

Coan oʻrta maktabni maxsus dastur orqali oʻqigan boʻlib, haftaning bir qismini oddiy sinfda, qolgan qismini esa uyda oʻqigan. Bu holat unga mashgʻulot jadvalini ancha erkin va qulay tarzda tashkil qilishga yordam bergan. Coan 2014-yilda oʻrta maktabni tamomlagan va oʻz sinfida akademik jihatdan eng yuqori oʻrinda boʻlgan.

Coan hozirda Loyola University Marylandda tahsil oladi va ushbu universitetda suzish bilan shugʻullanadi. U siyosatshunoslik yoʻnalishida tahsil olmoqda. Coan bakalavriat bosqichini tamomlagach, keyingi taʼlimini yuridik fakultetda davom ettirishni va kelajakda davlat masalalari boʻyicha rasmiy lavozimda faoliyat yuritishni xohlashini bildirgan. U ijtimoiy adolat masalalari, ayniqsa, nogironlar huquqlari va himoyasi bilan faol shugʻullanadi.

2016-yilgi Paralimpiya oʻyinlari Coan 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 50 metrga erkin uslubda suzish bahslarining final bosqichida Paralimpiya rekordini oʻrnatgan. Sportchi 2016-yilgi oʻyinlarda jami 6 ta, jumladan, 50 metr, 100 metr va 400 metrga erkin uslubda, 100 metrga chalqancha uslubda, 100 metrga butterfly hamda erkin uslubda 4×100 metrga estafeta bahslarida ishtirok etgan. Coan 50, 100 va 400 metrga erkin uslubda suzish yoʻnalishi boʻyicha oltin medallarni qoʻlga kiritib, musobaqada bir uslub boʻyicha barcha masofalarda gʻolib chiqqan juda kam sonli sportchilardan biriga aylandi. Shuningdek, erkin uslubda 4×100 metrga estafeta bahslarida kumush medalga sazovor boʻlgan.

2020 Coan AQShning Olimpiya va Paralimpiya milliy jamoasi murabbiyi Nathan Manley boshchiligida mashgʻulot oʻtkazish va yashash uchun Colorado Springsga koʻchib oʻtgan. 2021-yil iyun oyida AQSh 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan 34 nafar Paralimpiya suzuvchilarining nomini eʼlon qildi. Ayollar jamoasi tarkibidan Coan, Jessica Long, Elizabeth Marks, Rebecca Meyers va Mallory Weggemann oʻrin olgan.

2022 2022-yil 14-aprel kuni Coan 2022-yilgi para suzish boʻyicha Jahon chempionatida AQSh nomidan ishtirok etuvchi jamoa tarkibiga kiritildi.

2023 2023-yil 29-aprel kuni esa u yana AQSh terma jamoasi tarkibida 2023-yilgi para suzish boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etish uchun tanlab olindi.

Manbalar

Havolalar Coan Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasida

Turkum:21-asr amerikalik sportchi ayollar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1996-yilda tugʻilganlar Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Amerikalik chalqancha suzuvchi ayollar