Yahyo ibn Ali ibn Hammud al-Mu’taliy (; 1035-yilda vafot etgan) – Al-Andalusdagi Hammudiylar sulolasi davrida Kordova xalifasi. Dastlab 1021-yildan 1023-yilgacha, keyinchalik 1025-yildan 1026-yilgacha hukmronlik qilgan. Xalifa Ali ibn Hammudning oʻgʻli.
Hayoti 1016-yilda Seuta gubernatori boʻlgan, bu unvonni otasidan keyin olgan. Otasining vafotidan keyin Yahyo amakisi al-Qosim al-Maʼmunni xalifa sifatida tan olishdan bosh tortdi. Málagaga yetib kelgach, u berber qoʻshini bilan Kordovaga yoʻl oldi. Al-Qosim shaharni tashlab chiqib, Sevilladan boshpana topdi. Yahyo 1023-yilgacha taxtni egallab turdi, soʻngra al-Qosim yana taxtni qayta egallashga muvaffaq boʻldi. Biroq tez orada u ham Umaviylar tarafdorlari tomonidan agʻdarildi va ular Abdurahmon V ni xalifa sifatida taxtga koʻtardi.
Yahyo Málagaga koʻchib oʻtdi va va Jerez de la Fronterada al-Qosimni qoʻlga olib, qatl qildirdi. 1025-yilda u yana bir qoʻshin toʻplab Kordovaga yurish qildi. Bu xabarni eshitgan xalifa Muhammad III esa shaharni tashlab, Saragosaga qochdi. Kordova zodagonlari xalifaning yoʻqligida shaharni boshqarish uchun kengash tuzdilar. Biroq oradan olti oy oʻtgach, ular Yahyoni Kordovaga kelib, xalifalik unvonini qabul qilishga chaqirishdi. Yahyo 1025-yil 9-noyabrda shaharga kirib keldi. Oradan bir necha kun oʻtgach, u hukumatni oʻzining vaziri Abu Jaʼfar Ahmad ibn Musoga topshirdi va oʻzi xavfsiz qoʻrgʻoni boʻlgan Málagaga qaytib ketdi.
Kordovadagi gʻalayonlar Hammudiylar sulolasining tugatilishiga olib keldi. 1026-yil iyun oyida xalq Yahyo tomonidan tayinlangan vazirni quvib chiqardi va hokimiyatga Umaviylardan boʻlgan Hishom III ni sayladi.
Yahyo esa Kordovadan butunlay quvilgach, mustaqil Málaga qirolligini tuzdi va 1035-yilda vafotiga qadar ushbu qirollikni boshqardi.
Adabiyotlar
Turkum:1035-yilda vafot etganlar Turkum:11-asr Kordova xalifalari Turkum:11-asr arab shaxslari