Shahzoda Mehmed Abdulqodir afandi (; 1878-yil 16-yanvarda tugʻilgan – 1944-yil 16-martda vafot etgan) – Usmoniylar shahzodasi, sulton Abdulhamid II va uning xotini Bidar Sultonning oʻgʻli.

Yoshligi Shahzoda Mehmed Abdulqodir 1878-yil 16-yanvarda Yıldız saroyida tugʻilgan. Otasi sulton Abdulhamid II sulton Abdulmajid I va Tirimüjgan Kadınning oʻgʻli boʻlgan. Onasi Bidar Sulton ota tomondan cherkes, ona tomondan esa gruzinlardan boʻlib, Lortkipanidze oilasiga mansub edi. Shahzoda Mehmed Bidar Sultonning ikkinchi farzandi boʻlgan. Uning oʻzidan 2 yosh katta Naime Sulton ismli opasi bor edi.

Abdulqodirning sunnat toʻyi 1891-yilda uning oʻgay ukalari Shahzoda Ahmad Nuri va Shahzoda Mehmed Burhoniddin bilan birga boʻlib oʻtgan.

Taʼlimi va faoliyati Abdulqodir dastlabki taʼlimini Yıldız saroyidagi Shahzodalar maktabida akasi Shahzoda Mehmed Salim va sulton Abdulazizning ikkinchi oʻgʻli Abdulmajid II bilan birga olgan. Murabbiyi – Halil ogʻa. Shahzoda bir necha tillarni bilgan, pianino va skripka, shuningdek, kemanche ham chalgan. Skripka chalishni Vondra bey ismli skripkachi oʻrgatgan boʻlsa, klassik musiqa taʼlimini ustozi Aranda poshodan olgan.

Shahzodalar maktabini tamomlagach, Abdulqodir harbiy taʼlim olish maqsadida Germaniyaga yuborilgan. Usmoniylar armiyasida otliq polk mayori unvoniga ega boʻlgan. Soʻngra polkovnik, keyin esa brigadir darajasiga koʻtarilgan.

Shaxsiy hayoti Abdulqodir voyaga yetgach, otasi uni sulton Abdulaziz va Nesrin Kadınning qizi Emine Sultonga uylantirmoqchi boʻldi. Biroq Emine bu qarordan norozi edi va uni rad etdi. Garchi sulton bu nikohni maʼqul topgan boʻlsa ham Emine oʻzidan yoshroq erkakka turmushga chiqishni istamadi. Abdulhamid II taxtdan agʻdarilgach, Emine va Abdulqodirning nikohi Mehmed V tomonidan bekor qilindi.

Abdulqodirning birinchi xotini Mislimelek xonim boʻlgan. U 1883-yilda tugʻilgan. Asl ismi – Pokiza Marshania. Otasi shahzoda Abdulqodir Hasan bey Marshania (1862–1917), Kavkazdan koʻchib kelib, Usmoniylar armiyasida xizmat qilgan abxaz ofitseri edi. Onasining ismi – Mevlude xonim. 1890-yilda Pokiza 7 yoshida qarindoshi Nemika Sultonga xizmat qilish uchun saroyga berildi. Shundan soʻng 1898-yil 10-iyunda Abdulqodirga turmushga chiqdi. Nikoh tantanasi sultonning bosh imomi Hofiz Roshid afandi tomonidan oʻtkazildi. Ularning nikohiga Javhar ogʻa, Esvabchiboshi Ismet bey, Sinan posho masjidi imomi Mustafo Asim afandi hamda imperiya harami chiqish boʻlimi boshligʻi Ali Rizo afandi guvohlik bergan. Toʻy 1898-yil 21-iyunda boʻlib oʻtgan. Mislimelek xonim Shahzoda Ahmad Orhan ismli oʻgʻil farzand dunyoga keltirgan, biroq bola 1901-yilda vafot etgan. 1924-yilda imperiya oila aʼzolari surgun qilinganda Mislimelek avval Vengriyaga, soʻngra 1933-yilda Bolgariyaga, undan keyin 1943-yilda Albaniyaga borgan. U yerda 1944–1945-yillar oraligʻida natsistlar konslagerida qamoqda saqlangan. Ikkinchi Jahon urushi tugagach, 1946-yilda Bayrutga ketgan. Mislimelek xonim 1950-yillarda oʻz xotiralarini qogʻozga tushirgan va 1955-yilda Tripolida vafot etgan.

Ikkinchi xotini Suhendan xonim edi. U 1882-yilda tugʻilgan. Suhendan xonim tokatlik boʻlib, kelib chiqishi abxazlardan edi. Ular 1902-yilda turmush qurishgan, biroq farzand koʻrishmagan. 1908-yilda ular ajrashishgan. Suhendan xonim 1929-yilda vafot etgan.

Uchinchi xotini Mihribon xonim 1890-yilda tugʻilgan. U Adapazarining Kayalar Memduhiye mahallasida tugʻilgan boʻlib, uning ham kelib chiqishi abxazlardan edi. Mihribon xonimning bir akasi boʻlgan. Mihribon xonim nozik, chiroyli, sargʻish sochli ayol edi. Shahzoda Abdulqodir bilan 1907-yilda turmush qurgan. 1909-yilda Shehzoda Mehmed Orhanni dunyoga keltirgan. 1913-yilda ular ajrashgach, Mihribon xonim yashash uchun akasining yoniga ketgan. 1955–1956-yillar oraligʻida Misrda vafot etgan.

Abdulqodirning toʻrtinchi xotini Parvin xonim 1880-yilda tugʻilgan. Ular 1908-yilda turmush qurib, oʻsha yili ajrashishgan. Parvin xonim 1917-yilda vafot etgan.

Beshinchi xotini Hatice Macide xonim 1899-yilda tugʻilgan. U Usmoniylar armiyasi polkovnigi Mustafo Sharif beyning qizi boʻlgan. 1913-yilda Abdulqodir Macidega uylanish niyatini bildirgan, biroq parlament uning oilasining ijtimoiy mavqeiga asoslanib bu nikohga qarshi chiqqan. Shahzodaning istagi rad etilganiga qaramay, u Macide xonimga uylangan. Natijada, Abdulqodir va Macidening unvonlari olib qoʻyilgan. Abdulqodirning maoshi yarmiga qisqartirilgan, bu nikohdan tugʻilgan bolalar esa unvon va merosdan mahrum qilingan. Macide xonim 1914-yilda oʻgʻli Shahzoda Ertugʻrul Najibni, 1917-yilda ikkinchi oʻgʻli Shahzoda Alouddin Qodirni dunyoga keltirgan. Usmoniylar sulolasi oila aʼzolari surgun qilinganda Macide Vengriyaga borgan, u yerda er-xotin 1925-yilda ajrashgan. Macide xonim 1934-yilda Avstriyaning Vena shahrida vafot etgan.

Shahzodaning oltinchi xotini Meziyet Fotima xonim edi. U 1908-yilda Kritda tugʻilgan. Fotima xonim Usmoniylar armiyasi polkovnigi Mecid beyning qizi boʻlgan. 1922-yilda Shahzoda Abdulqodir unga oshiq boʻlgan. Ularning nikohi Kadıköydagi Usmon ogʻa mahallasida oʻqilgan, tomonlar vakillari hamda guvohlar ishtirokida imom Sulaymon afandi Abdulqodir va Fotima xonimni nikohlagan. Koʻp oʻtmay, bu voqea kengashga yetkazilgan. Boshqa tomondan, Salim Sipahi ismli bir kishi Meziyet uning xotini ekanini daʼvo qilgan. Biroq uning daʼvosi rad etilgan, chunki nikohdan avval ular Heybeli Ada imomi Shavkat afandi va Qartal tumanidagi shariat sudi noibidan ruxsat olishgan edi. Shunga qaramay, nikoh parlament ruxsatisiz tuzilganligi sababli tan olinmagan. Meziyet va bu nikohdan tugʻilgan bolalar maqomdan mahrum boʻlgan. Meziyet 1924-yilda Bidar Sulton ismli qizini, 1925-yilda Safvet Neslişah Sulton ismli ikkinchi qizini dunyoga keltirgan. „Familiya toʻgʻrisidagi qonun“ga muvofiq, Meziyet „Osmanoğlu“ familiyasini olgan. U 1989-yil 13-noyabrda vafot etgan va Istanbuldagi Karacahmet qabristoniga dafn qilingan.

Yettinchi xotini – Irene Imer. Ular 1925-yilda turmush qurishgan. Oʻsha yil u Shahzoda Usmonni dunyoga keltirgan, biroq er-xotin 1926-yilda ajrashishgan.

Keyingi hayoti va oʻlimi 1909-yil 27-aprelda Abdulhamid taxtdan agʻdarildi va Salonikiga surgun qilindi. Shahzoda Abdulqodir esa Istanbulda qoldi. 1912-yilda Saloniki Yunoniston qoʻliga oʻtgach, Abdulhamid Istanbulga qaytarilib, Beylerbeyi saroyiga joylashtirildi. Abdulhamid 1918-yilda shu yerda vafot etdi. Abdulqodirga Yıldız saroyi hududida villa ajratilgan edi. 1909–1924-yillar oraligʻida u Kızıltoprak saroyi va Büyükdere sohil saroyida yashagan.

1924-yil mart oyida Usmoniylar sulolasi oila aʼzolari surgun qilingach, Abdulqodir va uning oilasi Vengriya qirolligining Budapesht shahriga joylashdi. 1925-yil 14-yanvarda u mashhur turk yahudiy yuristi Sami Günzbergga ishonchnoma berdi hamda unga otasi Abdulhamid tomonidan Turkiya hududi va boshqa joylarda qoldirilgan binolar, yerlar, konlar va imtiyozlarni bosqinchilardan qaytarib olish vakolatini berdi. Soʻngra Abdulqodirning Feneryoludagi saroyini sobiq Xediva Iqbol xonimga sotdi. Biroq Sami Günzberg shahzoda Abdulqodirga hech qanday pul yubormadi. Günzberg, shuningdek, shahzodaning Mosul neftidagi ulushini Amerika neft kompaniyasiga oʻtkazgan va 10 yil davomida shahzodaga oz miqdorda pul yuborib turgan.

Keyinchalik Abdulqodir va uning oilasi 1933-yilda Bolgariyaning Sofiya shahriga koʻchib ketdi. 1943-yilda u Sofiyadagi Boli afandi maqbarasini taʼmirladi. Shahzoda 1944-yil 16-martda Amerika samolyotlari tomonidan uyushtirilgan havo hujumi paytida bunkerda yurak xurujiga uchradi. Ommaviy qochish paytida olomonning oyogʻi ostida qolgan, uning ustidan bosib oʻtishgan va shuning oqibatida vafot etgan. Vafotidan soʻng Sofiyada dafn etilgan.

Mukofotlari Javohirlar bilan bezatilgan Usmon uyi ordeni; Javohirlar bilan bezatilgan Shuhrat ordeni; Javohirlar bilan bezatilgan Imtiyoz ordeni; Javohirlar bilan bezatilgan Usmoniya ordeni; Javohirlar bilan bezatilgan Mejidiye ordeni; Kumush Imtiyoz medali; Oltin Imtiyoz medali; Oltin Liakat urush medali; Hijoz temir yoʻli oltin medali; Iftixor sanoat oltin medali; Yunon urushi oltin medali; Dengiz flotidagi xizmatlari uchun oltin medali.

Harbiy tayinlovlari Harbiy unvonlari va armiyadagi lavozimlari Usmoniylar armiyasi otliq polki mayori; Usmoniylar armiyasi otliq polki polkovnigi; Usmoniylar armiyasi otliq polki brigadiri.

Farzandlari Ismi Tugʻilgan Vafoti Izohlar Mislimelek xonimdan (nikohi: 1898-yil 10-iyun; 1883–1955) Shahzoda Ahmad Orhan 1901 1901 Yıldız saroyida tugʻilgan va goʻdakligida shu saroyda vafot qilgan. Yahyo afandi qabristoniga dafn etilgan. Mihribon xonimdan (nikohi: 1907; ajrimi: 1913; 1890 – 1955/1956) Shahzoda Mehmed Orhan 1909-yil 12-oktyabr 1994-yil 13-mart 3 marta uylangan, bir oʻgʻil va ikki qizi boʻlgan. Hatice Macide xonimdan (nikoh: 1913; ajrimi: 1925; 1899–1934) Shahzoda Ertugʻrul Najib Ali Qodir 1914-yil 27-mart 1994-yil 7-fevral Shifokor. 1946-yil 14-avgustda Venada avstriyalik Gertrude Emilia Tenglerga (Vena, 1926-yil 25-mayda tugʻilgan) uylangan. Bir oʻgʻil (Roland Salim) va bir qiz (Margot Leyla) koʻrgan. Venada vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Shahzoda Alouddin Qodir 1917-yil 2-yanvar 1999-yil 21-noyabr Lidia Dimitrovaga uylangan, bir oʻgʻil (Plamen) va bir qizi (Iskra) boʻlgan. Bolgariyaning Sofiya shahrida vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Meziyet Fotima xonimdan (nikohi: 1922; 1908–1989-yil 13-noyabr) Bidar Sulton 1924-yil 3-yanvar 1924-yil 8-mart Istanbulda tugʻilgan. Vengriyaning Budapesht shahrida vafot etgan va Gul Baba ziyoratgohiga dafn etilgan. Safvet Neslişah Sulton 1925-yil 25-dekabr 2014-yil 30-may 2 marta turmush qurgan, ikki oʻgʻil koʻrgan. Irene Imerdan (nikoh 1925 – ajrashgan 1926) Shahzoda Usmon 1925 1934 Vengriyaning Budapesht shahrida tugʻilgan. Oʻsha yerda vafot etgan va Gul Baba ziyoratgohiga dafn etilgan.

Ommaviy madaniyatda 2017-yilgi „Payitaht: Abdülhamid“ teleserialida Shahzoda Mehmed Abdulqodirning obrazini turk aktyori Can Sipahi gavdalantirilgan.

Nasl-nasabi

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

Shajare, sulton Mahmud II avlodlari. Olingan sana: 2011-02-28.

Turkum:Abdulhamid II Turkum:Usmoniylar shahzodalari Turkum:1878-yilda tugʻilganlar Turkum:1944-yilda vafot etganlar Turkum:Ikkinchi jahon urushi davrida Amerika havo hujumlarida halok boʻlganlar Turkum:Sultonlarning oʻgʻillari Turkum:Xalifalarning oʻgʻillari Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari