Mediapark (rasmiy nomi «MEDIAPARK GROUP» MChJ) — Oʻzbekistondagi yirik maishiy texnika va elektronika chakana savdo tarmog‘i. 2015-yilda tashkil etilgan. Kompaniya O‘zbekiston bozorida zamonaviy savdo (Modern Trade) formatini rivojlantiruvchi yetakchi riteylerlardan biri hisoblanadi. Bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan.

Tarixi

Kompaniya 2015-yilda tashkil etilgan. Birinchi savdo markazining rasmiy ochilish marosimi 2015-yil 14-iyulda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida (Qoratosh mavzesi) bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston chakana savdo bozorini «legallashtirish» va an'anaviy bozorlardan zamonaviy do‘konlarga o‘tish jarayonining bir qismi sifatida baholangan.

Yillar davomida tarmoq Toshkent shahridan tashqari Farg‘ona, Qo‘qon, Qarshi, Samarqand va boshqa viloyat markazlarida o‘z filiallarini ochdi.

Faoliyati Mediapark do‘konlarida muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar, smartfonlar, kompyuter texnikasi va boshqa aksessuarlar sotiladi.

Kompaniya Apple korporatsiyasining O‘zbekistondagi rasmiy hamkori (Authorized Reseller) maqomiga ega. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchi Artel hamda Samsung, LG, Bosch kabi xalqaro brendlarning rasmiy dileri hisoblanadi.

Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida onlayn-do‘kon va mobil ilova orqali muddatli to‘lov (rassrochka) xizmatlari ko‘rsatiladi.

2022-yilda O‘zbekiston Marketing uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan «Yil brendi» tanlovida «Chakana savdo» yo‘nalishi bo‘yicha iste'molchilar ovozi natijalariga ko‘ra sovrindor (3-o‘rin) bo‘lgan.

Egalik tuzilmasi Yuridik shaxs — «MEDIAPARK GROUP» MChJ.

Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar (xususan, Uzbek Investigations va Ozodlik radiosi) ma’lumotlariga ko‘ra, Mediapark tarmog‘i Akfa Group xoldingi va Artel kompaniyalar guruhi bilan o‘zaro bog‘liq yagona biznes-tuzilmaning bir qismi hisoblanadi. Ushbu tuzilmalarning benefitsiari sifatida tadbirkor va Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tilga olinadi. 2024 yilda Jahongir Ortiqxo‘jayev 7 ta kompaniyasini sotganini ma’lum qildi. Hozirda Mediapark Group ta’sischisi Maxmudjan Nadjimidinovich Latipov bo‘ldi.

Manbalar

Havolalar

Rasmiy sayti