Parixon Xonum (; 1548-yil avgust — 1578-yil 12-fevral) — Safaviylar malikasi, Safaviylarning ikkinchi shohi Tahmosb I va uning cherkas kanizi Sulton Ogʻa Xonumning qizi. Tahmosbning eng suyukli farzandi boʻlib, saroy faoliyatida ishtirok etishiga ruxsat berilgan, bora-bora kuchli taʼsirga ega shaxsga aylanib, Qizilboshli qabilalarining nufuzli yetakchilari eʼtiborini tortgan.

Parixon 1576-yilda otasining vafotidan keyin yuzaga kelgan taxt vorisligi inqirozida markaziy rol oʻynagan. Akasi Haydar Mirzo va tarafdorlarining taxtga chiqishga urinishini barbod qilib, oʻzi yoqlagan nomzod — yana bir akasi Ismoil Mirzoni taxtga oʻtqazgan. Buning uchun Parixon akasidan minnatdorchilik kutgan boʻlsa-da, Ismoil uning qudratini cheklab, uy qamogʻiga solgan. 1577-yilda Ismoilning suiqasd bilan oʻldirilishida Parixon bosh tashkilotchi boʻlgani ehtimoli mavjud. Shundan keyin u deyarli koʻr boʻlgan akasi Muhammad Xudobandaning taxtga chiqarilishini qoʻllab-quvvatlagan. Parixon akasi Muhammadning ramziy hukmdor boʻlib qolishini, amalda esa hokimiyatni oʻzi boshqarishini kutgan edi. Biroq Muhammadning rafiqasi Xayriniso Begum Parixonga raqib sifatida maydonga chiqib, uning qariyb 30 yoshlarida boʻgʻib oʻldirilishiga sabab boʼlgan.

Baʼzilar tomonidan Safaviylar tarixidagi eng qudratli ayol deya baholangan Parixon yuqori tabaqaga mansub ayollarga qattiq cheklovlar qoʻyilgan jamiyatda bir muddat sust va samarasiz Safaviy saroyini toʻliq nazorat qila olgan. Zamondoshlari malikani aql-zakovati va layoqati uchun maqtagan, ammo keyingi yilnomalarda ikki akasini oʻldirgan va taxtni egallashni koʻzlagan yovuz qahramon sifatida tasvirlangan. Bundan tashqari, Parixon bir qancha shoirlarga homiylik qilgan, bu shoirlar orasida Muhtasham Koshoniy ham boʻlib, shoir malika sharafiga beshta qasida bitgan. Davr yozuvchilari unga bagʻishlab asarlar yozgan. Bunga Abdibek Sheroziyning asarini misol qilish mumkin. Shuningdek, Parixon islom paygʻambari Muhammadning qizi Fotimaga qiyos qilingan.

Ismi Fors tilidagi qoʻshma soʻzi „pari chorlovchi“ maʼnosini anglatib, fors mifologiyasidagi parilarga ishora qiladi. Qadimgi Eron madaniyatida parilar dastlab yovuz jinlar sifatida qabul qilingan. Biroq keyingi davr, ayniqsa, zamonaviy Eron adabiyotida ularning obrazi tubdan oʻzgarib,  — „bizdan yaxshiroqlar“ deb ataluvchi pok va oliy tabiatli mavjudotlar sifatida talqin etila boshlagan. Koʻplab ayol kishilarning ismlarida unsuri mavjud boʻlib, ular orasida ,  — „parini qoʻlga kiritgan“ kabi ismlar Eron madaniy anʼanalarida qadimiy shomonlik amaliyotlarning barhayot taʼsiridan darak berishi mumkin.

Yoshligi

Parixon Xonum 1548-yil avgustda Ahar shahri yaqinida tugʻilgan. Otasi Safaviylar sulolasining ikkinchi shohi Tahmosb I boʻlgan. Onasi Sulton Ogʻa Xonum dogʻistonlik cherkas zodagoni Shamxal Sultonning singlisi edi. Parixonning Sulaymon Mirzo ismli tugʻishgan akasi boʻlgan. Zamondosh yilnomalar Parixonni aqlli, zukko va sezgir ayol boʻlgan deb tasvirlaydi hamda bu sifatlari orqali otasining eʼtiborini qozonganini qayd etadi. U siyosiy taʼsirga ega boʻlgan ammalari Parixon Xonum I va Mohinbonu Sultonni oʻziga namuna deb bilgan. Parixon ammalariga taqlid qilib, ulardan ham oʻtishni istagan.

Parixon islom huquqi, fiqh va sheʼriyatga nihoyatda qiziqqan va bularning barchasida yuksak natijalarga erishgan. Safaviy tarixchisi Afushtaiy Natanziyning soʻzlariga koʻra, zamondosh yilnomalar uni „ boshqa ayollardan ajralib turuvchi“ shaxs sifatida eʼtirof etgan. Tahmosb I qizining Safaviylar imperiyasi siyosatiga qiziqishini qadrlagan, shuningdek, u ham otasining sevimli qiziga aylangan. Parixon 10 yoshga kirganida shahzoda Badi az-Zamon Mirzo Safaviyga unashtirilgan. Badi az-Zamon Mirzo Tahmosbning kichik ukasi Bahrom Mirzoning oʻgʻli boʻlgan. Biroq Parixon otasining sevimli qizi boʻlgani bois Tahmosb uning poytaxt Qazvindan Badi az-Zamonning maskani va iqtosi boʻlgan Seyistonga ketishiga ruxsat bermagan. Shunday qilib unashtiruv nikoh bilan yakunlanmagan. Tahmosbning qizi Parixonga boʻlgan muhabbati va uning maslahatlariga tayanishi oʻz oʻgʻillariga boʻlgan ishonchidan ham ustun edi. Shu bois Safaviylar qoʻshini safini toʻldirgan turkman qabilalari boʻlgan Qizilboshli yetakchilari Parixonning marhamatiga sazovor boʻlishga intilgan.

Faoliyati Tahmosb I vorisligi atrofidagi nizolar Parixon Xonumning Safaviylar siyosatidagi faol ishtiroki otasi hukmronlik qilgan yillar soʻnggida boshlangan. Tahmosb I ning koʻzida Parixonning mavqei va eʼtibori shu darajaga yetgan ediki, shoh barcha katta-kichik, zaruriy, moliyaviy, chegaraviy, mulkka doir va boshqa muhim masalalarni qizining maslahati va fikri asosida hal qilar, u bilan kengashmasdan hech bir ishni amalga oshirmas edi. Shoh Tahmosb oʻzining hukmdorlik hayotidan charchagan va umidsizlikka tushgan, keng vakolat va ulkan hokimiyatni qizi Parixonning ixtiyoriga topshirgan edi. Shu sababli,Tahmosb betob boʻlib qolgan davrda ham Safaviylar davlatining amirlari va zodagonlari mamlakat ishlarini hal qilish uchun avvalo Parixonga murojaat qilar, malika bilan kengashmasdan hech qanday masalani hal qilmas edilar. Qizilboshlilar esa Parixon tomonidan berilgan buyruqlarini bajarishar edi. Natijada, Parixonga berilgan bunday qonuniy vakolat kelajakda uning jilovlab boʻlmas kuchi va nufuzining yuzaga chiqishiga sabab boʻlgan.

Saroy amaldorlarining qayta-qayta soʻrovlariga qaramay, Tahmosb I hech qachon oʻgʻillaridan birini oʻzining aniq vorisi sifatida tayinlamagan. Otadan keyin toʻngʻich oʻgʻil taxtga oʻtirishi (Tahmosb I ning oʻzi Ismoil I dan keyin taxtga oʻtirgani kabi) odat tusiga kirgan boʻlsa-da, shohning toʻngʻich oʻgʻli Muhammad Xudobanda deyarli koʻr boʻlgani bois hukmronlikdan chetlatilgan edi. Qizilboshli qabilalari va saroy ahli oʻzlari yoqlagan shahzoda masalasida ikki guruhga boʻlingan: Haydar Mirzo Ustojlu qabilasi, Safaviy sulolasiga aloqador Shayxovand qabilasi, ikki Safaviy shahzoda va saroydagi gruzinlar (onasi Sultonzoda Xonumning kelib chiqishi gruzinlardan boʻlgani bois) tomonidan qoʻllanilgan boʻlsa, Ismoil Mirzoni Qizilboshlilarning qolgan barcha turkman qabilalari (masalan, Rumlu va Afshor), cherkaslar hamda Parixonning oʻzi qoʻllab-quvvatlagan. Shuningdek, haram ichida ham fitnalar avj olgan, Sultonzoda Xonum oʻgʻlining taxtga oʻtirishi uchun jiddiy kurash olib borgan. Ismoil Tahmosb I ning ikkinchi oʻgʻli boʻlgan, biroq turli sabablar, jumladan, bachchabozlik tufayli 1557-yildan beri Qahqaha qal’asida qamoqda saqlanayotgan edi. Qamoqda boʻlgan paytida Ismoil Ustojlu mablagʻlarini oʻzlashtirish ishlariga aralashgan va Ustojlu qoʻmondonining xotiniga oshiq boʻlgan. Natijada, Ustojlu yetakchilari Haydar Mirzoni oʻzlari uchun yaxshiroq ittifoqchi degan qarorga kelgan. Haydar Mirzo Tahmosb I ning beshinchi oʻgʻli boʻlib, shohning sevimli kishisiga aylangan va hatto Tahmosb yoʻqligida unga maʼmuriy vakolatlar ham berilgan.

Cherkaslar ham, gruzinlar ham Tahmosb I ustidan siyosiy taʼsirga ega boʻlgani bois ular bir-biriga raqib edilar. Qizilboshlilar uchun eng asosiy tashvish Haydar Mirzoning onasining kelib chiqishi boʻlib, bu narsa koʻplab gruzinlarning qoʻshin safiga kirib kelishi hisobiga saroydagi Qizilboshlilarning taʼsirini cheklab qoʻyishi mumkin edi. Parixonning Ismoilni qoʻllab-quvvatlashi saroyda turk-cherkas hukmronligini saqlab qolish istagidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Uning Ismoilni qoʻllaganiga yana bir ehtimoliy sabab Ismoilning qamoqqa olinishidan oldingi xalq sevgan va jasur shahzoda sifatidagi obroʻsi yoki akasini qoʻllashi orqali oʻz mavqei va taʼsirini saqlab qolish mumkin deb oʻylashi edi. Parixonning onasi Sulton Ogʻa Xonum qizining iltimosiga binoan Tahmosb huzurida Haydar Mirzoni yomonotliq qilib, uni xoin sifatida, Ismoilning tarafdorlarini esa sadoqatli va rostgoʻy shaxs sifatida koʻrsatgan.

Hukmronlik masalalari va taxt vorisi nizolarida faol ishtirok etgan Parixon Xonum oʻzining saroydagi kuchli va mustahkam mavqeini saqlab qolishga harakat qilardi. 1574-yil 18-oktyabrda Tahmosb I ogʻir kasal boʻlib qolgan va 2 oy davomida tuzalmagan. Aynan shu paytda Parixonning turli buyruqlar berish va, ayniqsa, valiahdlik masalalaridagi ishtiroki yanada kuchaygan. Kasallik davomida Tahmosb ikki marotaba oʻlim bilan yuzlashgan. Safaviy tarixchisi Iskandar Munshiyning yozishicha, Parixon otasini parvarish qilishni oʻz zimmasiga olib, uning boshida turgan. Shohning kasalligi guruhlar oʻrtasidagi zoʻravonlik xavfini tezlashtirgan. Ish shu darajaga yetganki, Haydarning tarafdorlari uni doimiy ravishda qattiq qoʻriqlab yurgan. Shu bilan birga ular Qahqaha qal’asi boshligʻi bilan kelishib, Ismoilni oʻldirishni rejalashtirgan. 1574-yilda shoh Tahmosb ogʻir kasal boʻlgan vaqtda Haydar Mirzoning tarafdorlari Qahqaha qal’asiga mas’ul boʻlgan Xalifa Ansor Qoradogʻluga xabar yuborishgan. Ular Qoradogʻludan Haydar Mirzoning Safaviylar taxti vorisi boʻlishini taʼminlash maqsadida Ismoil Mirzoni oʻldirishni soʻrashgan. Parixon esa bu fitnani fosh qilib, otasiga xabar bergan. Natijada, Tahmosb Ismoilni kuzatib turish uchun qal’aga Afshor askarlaridan bir guruhini yuborgan. Ikki oydan soʻng shoh Tahmosb jiddiy kasallikdan qutulib, sogʻayib ketgan. Shundan soʻng Parixon tezda Haydar Mirzo, uning onasi Sultonzoda Xonum va ularning tarafdorlariga qarshi otasining ongini zaharlagan hamda Ismoil Mirzoni yaxshi koʻrsatishga harakat qilgan.

Tahmosb I 1576-yil 14-mayda vafot etgan. Oʻlimi vaqtida uning boshida Haydar Mirzoning onasi hamda Parixon turgan. Oʻsha paytda saroyda shahzodalardan faqat Haydar Miroz boʻlganligi bois u zudlik bilan oʻzini yangi shoh deb eʼlon qilgan. Tahmosb I vafot etgan kechada saroy qoʻriqchilari (anʼanaga koʻra, ular Qizilboshlilarning turli qabilalaridan navbatma-navbat tayinlanar edi) Ismoilning tarafdorlari boʻlgan Rumlu, Afshor, Qojar, Bayot va Varsak qabilalaridan edi. Natijada, Haydar oʻz tarafdorlarining yordamisiz saroy ichida amalda qamalib qolgan.

Fuqarolar urushi Haydar Mirzo oʻzining qanchalik xavfli vaziyatda qolganidan xabar topgach, ehtiyot chorasi sifatida Parixonni qoʻlga olgan. Parixon Sultonzoda Xonumning huzurida akasi Haydar Mirzoning oyogʻini oʻpgan va shu orqali goʻyoki oʻzini uni qoʻllab-quvvatlagandek koʻrsatgan. Soʻngra Qurʼon bilan qasam ichib, agar Haydar Mirzo unga saroydan chiqishga ruxsat bersa, togʻasi Shamxal Sulton va ukasi Sulaymon Mirzoning qoʻllovini taʼminlab bera olishini aytgan. Shundan soʻng Haydar Mirzo uning saroydan chiqishiga ruxsat bergan, ammo Parixon vaʼdasini buzib, saroydan chiqqach, saroy kalitlarini togʻasi va Ismoil Mirzoning tarafdorlariga bergan. Parixon ularga va qizilboshli zobitlarga saroyga hujum qilishni buyurgan. U, shuningdek, Husaynquli Xalifadan shahzoda Ismoilning Qazvinga kelgani haqida mish-mish tarqatishni soʻragan, bu bilan Parixon Haydar Mirzo tarafdorlaning diqqatini chalgʻitmoqchi boʻlgan. Parixonning buyrugʻi bilan askarlar Haydar Mirzo tarafdorlarining uylariga ham hujum qilgan. Shundan soʻng, Parixonning iltimosiga binoan Qahqahaga elchi yuborilib, Ismoil qamoqdan ozod qilingan va poytaxtga olib kelingan.

Haydar Mirzoning baʼzi tarafdorlari uning xavf-xatarga duch kelganidan xabar topgach, uni qutqarish uchun saroyga yoʻl olgan. Ammo saroyni qoʻriqlab turgan zobitlar saroy darvozalarini yopib qoʻygan. Garchi Haydar Mirzo saroy qoʻriqchilariga turli vaʼdalar berib, ularni oʻz tomoniga ogʻdirishga harakat qilgan boʻlsa-da, askarlar aslida Haydar Mirzodan nafratlanishar edi. Shu paytda Ismoil Mirzo va tarafdorlari saroyning ichki qismiga oʻtib olgan.