Emine Mebrure Aksoley (1902-yil 10-avgust – 1984-yil 2-mart) – turk pedagogi, filantrop, siyosatchi, ayollar huquqlari faoli, parlament aʼzosi va senator.
Yoshligi, taʼlimi va oilasi Emine Mebrure 1902-yil 10-avgustda oʻsha paytda Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kiruvchi Saloniki shahrida tugʻilgan. Ota-onasi turk millatiga mansub boʻlgan. Otasi Halit Sezai (Güran) Usmoniylar armiyasi muhandislik korpusining isteʼfodagi mayori, onasining ismi Fotma edi. Mebrure 1912-yilda Bolqon urushlari boshlanguniga qadar Salonikida yashagan. Soʻngra ularning oilasi Onadoʻliga koʻchib oʻtgan va Birinchi jahon urushi boshlanishidan soʻng otasining harbiy xizmat vazifasi sababli Bandırma hamda Alaşehirda yashagan.
Mebrure boshlangʻich maktabni Bandırmada, oʻrta maktabni Izmir qizlar litseyida tamomlagan. Oʻrta taʼlimni Istanbuldagi Üsküdar Çamlıca qizlar litseyida yakunlagan. Otasi Turkiya mustaqillik urushiga (1919–1922) qoʻshilgach, ularning oilasi Anqaraga koʻchib, oʻsha yerga joylashgan.
1923-yilda Mebrure Ahmet Ihson (Aksoley) (1899–1975) bilan turmush qurgan. Eri keyinchalik Turk armiyasida muhandis va ofitser boʻlib xizmat qilgan hamda brigadir unvoni bilan isteʼfoga chiqqan. Ahmet Ihson oliy taʼlimni chet elda olgani sababli Mebrure ham uzoq vaqt Germaniyada yashagan, shuningdek, Fransiya, Angliya va Vengriyada ham bir muddat boʻlgan. Germaniyada boʻlgan davrida ijtimoiy muassasalar boʻyicha tadqiqotlar olib borgan.
Vatanga qaytgach, Mebrure Anqara universiteti huquq maktabida tahsil olib, 1938-yilda u yerni aʼlo baholar bilan bitirdi. U oʻz faoliyatini pedagog sifatida boshladi va Anqaraning Çankaya tumanida xususiy boshlangʻich maktab ochdi.
Ijtimoiy faoliyati 1938-yilda Mebrure Anqaradagi Halkevi tashkiloti „Qishloq ishlari“ boʻlimiga ishga kirdi. Keyingi yili Erjinan zilzilasi qurbonlariga yordam komissiyasi bilan hamkorlik qildi. 1940–1941-yillarda u „Yardımseverler Cemiyeti“ (Xayriyachilar jamiyati) aʼzosi boʻlib, uning bosh kotibi hamda rais oʻrinbosari vazifalarida ishladi.
Aksoley 1949-yil 13-aprelda qayta tiklangan „Türk Kadınlar Birliği“ (Turk ayollar ittifoqi) asoschilari qatorida boʻlgan. Tashkilot 1924-yil 7-fevralda tuzilgan, biroq 1935-yilgi Turkiya umumiy saylovidan soʻng parlamentda 18 nafar ayol siyosatchi qasamyod qilgani bois oʻz-oʻzini tarqatib yuborgan. 1949–1951-yillarda Aksoley tashkilotga raislik qildi.
Siyosatchi Aksoley siyosatga 1928-yilda Respublika Xalq partiyasi (CHP) aʼzosi sifatida kirgan. U Turkiya buyuk millat majlisining (TBMM) 7-chaqiriq (1943–1946) hamda 8-chaqiriq parlamenti (1946–1950) davrlarida Anqara deputati boʻlib ishladi va faoliyati davomida bir nechta parlament qoʻmitalarida xizmat qildi.
TBMMdagi faoliyatidan soʻng Aksoley CHPda bir qator maʼmuriy lavozimlarni egalladi va ijtimoiy faoliyatdagi ishtirokini davom ettirdi.
1961-yilda Aksoley 1960-yilgi Turkiyadagi davlat toʻntarishidan keyin harbiy boshqaruv tomonidan tuzilgan Turkiya Taʼsis majlisiga CHP vakili sifatida tayinlandi. 1964-yilgi Turkiya Senati saylovidan keyingi Senat tarkibining 1/3 qismi yangilanishida u CHPdan Istanbul shahri deputati sifatida Respublika senatiga saylandi va 1973-yilgacha shu lavozimda ishladi. Aksoley 1967-yil sentyabrida Yugoslaviyaga rasmiy tashrif buyurgan parlament delegatsiyasi tarkibida boʻlgan.
Yozuvchi Aksoley CHPga qarashli „Ulus“ gazetasida ayollar huquqlari va Otaturk tamoyillarini himoya qiluvchi maqolalar yozgan. 1970-yilda u CHPdagi 42 yillik siyosiy faoliyati haqida „C. H.P de 42 Yıllık Çalışmalarımdan Bazı Örnekler“ () nomli kitob yozgan.
Vafoti Aksoley 1984-yil 2-martda 81 yoshida vafot etgan.
Manbalar .
Turkum:1902-yilda tugʻilganlar Turkum:1984-yilda vafot etganlar Turkum:Anqara deputatlari Turkum:Turk xayriyachilari Turkum:Turk ayol xayriyachilari Turkum:Turk ayollar huquqlari faollari