Salma toʻgʻoni (rasmiy nomi Afgʻon-Hind doʻstlik toʻgʻoni) — Afgʻoniston gʻarbidagi Hirot shahriningning Chishti Sharif tumanida, Hari daryosi boʻyida joylashgan toʻkmali toʻgʻon. Toʻgʻon 42 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi GESga ega, shuningdek, ekin maydonini suv bilan taʼminlay oladi.
Salma toʻgʻoni 2016-yil 4-iyun kuni Afgʻonistonning sobiq prezidenti Ashraf Gʻani va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan tantanali ravishda ochilgan.
Tarixi Chishti Sharif tumanida toʻgʻon qurish boʻyicha texnik-iqtisodiy loyihalar 1957-yilda tayyorlangan. 1976-yilda toʻgʻon qurish vazifasi afgʻon firmasiga yuklangan. Firma toʻgʻonni qurish uchun Hindiston Suv resurslari vazirligiga qarashli „Water and Power Consultancy Services“ (WAPCOS) kompaniyasini jalb qilgan. Biroq 1979-yilda Sovet qoʻshinlarining Afgʻonistonga kirishi loyiha boʻyicha ishlarni toʻxtatib qoʻygan.
WAPCOS 1988-yilda qurilishni davom ettirishga harakat qildi, ammo mamlakatdagi beqarorlik tufayli loyiha yana tugallanmay qoldi. 2006-yilda Hindiston Salma toʻgʻonini yakunlash uchun taxminan 275 million AQSh dollari miqdorida mablagʻ ajratish majburiyatini oldi.
2013-yil yanvar oyida Hindiston vazirlar mahkamasi loyihani yakunlash uchun qayta koʻrib chiqilgan 273,3 million dollar miqdoridagi byudjetni tasdiqladi va u 2014-yil dekabrda bitishini eʼlon qildi. 2015-yil 26-iyulda toʻgʻon suv omborini toʻldirishni boshladi. Toʻgʻon 2016-yil 4-iyunda Narendra Modi va Muhammad Ashraf Gʻani tomonidan ochib berildi.
Hodisalar Toʻgʻon qurilishi davomida baʼzi afgʻon rasmiylari Eron siyosatchilari daryo suvi oqimining kamayishidan xavfsirab, qurilishni toʻxtatishga urinayotganini daʼvo qilishgan. Mahalliy politsiyaning maʼlumotlariga koʻra, Eron hukumati toʻgʻon qurilishiga qarshilik koʻrsatish uchun mahalliy Tolibon aʼzolarini moliyalashtirgan. 2009-yilda Qobul viloyati deputati Najibullo Kobuliy Eronni Salma toʻgʻoni qurilishiga aralashishda aybladi.
2010-yil yanvar oyi oʻrtalarida Chishti Sharif tumani hokimi Abduqudus Qayam xavfsizlik xodimlari bilan birga oʻldirilganida, afgʻon ommaviy axborot vositalari buni isyonchilar hujumi deb atadi. Tolibon masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan boʻlsa-da, Hirotdagi koʻpchilik buni Eron bilan bogʻliq muammo sifatida koʻrdi, chunki Qayam toʻgʻon qurilishini faol qoʻllab-quvvatlagan edi.
2013-yil mart oyida Afgʻoniston Milliy xavfsizlik boshqarmasi (NDS) Tolibonning „Kvetta Shurosi“ Salma toʻgʻonini 1300 kg portlovchi modda bilan portlatishga uringanini maʼlum qildi. Portlovchi moddalar Pokistonning Balujistonidan Hirotga yashirincha olib oʻtilgan joyida topilgan. Keyingi yillarda ham bir qancha muvaffaqiyatsiz hujumlar qayd etilgan.
Shuningdek qarang Afgʻonistondagi toʻgʻonlar va suv omborlari roʻyxati
Manbalar
Havolalar (Ariana News, 2024-yil 7-noyabr) Hirotning Salma toʻgʻoni ortidagi hayratlanarli Hindiston hikoyasi — thewire.in
Turkum:Afg'onistondagi to'g'onlar Turkum:Afg'onistondagi gidroelektrostansiyalar Turkum:Hirot viloyatidagi binolar va inshootlar Turkum:Afg'oniston-Hindiston munosabatlari Turkum:2016-yilda qurib bitkazilgan to'g'onlar Turkum:To'g'on mojarolari