Dünýägözel Akmuhammedowna Gulmanowa (; 1989-yil 14-yanvar, Ashxobod, Turkmaniston SSR, SSSR) — turkmanistonlik davlat arbobi, 2023-yil 6-apreldan boshlab Turkmaniston parlamentining spikeri. Dunyodagi eng yosh parlament spikeri. Turkmaniston demokratik partiyasi aʼzosi.

Tarjimayi holi Dünýägözel Gulmanowa 1989-yil 14-yanvarda Ashxobodda tugʻilgan. Gulmanowa 1995—2004-yillarda Ashxobod shahridagi 27-ixtisoslashtirilgan oʻrta maktabda oʻqigan. 2007-yilda Turkmaniston davlat universitetiga oʻqishga kirib, 2012-yilda universitetni huquqshunoslik mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.

Shaxsiy hayoti Dünýägözel Gulmanowa oilali, 2 nafar farzandi bor.

Faoliyati Gulmanowa 2004—2006-yillarda Axal viloyatining sobiq Bagyr qishlogʻidagi „Bagyr“ fermer xoʻjaligi ijarachi fermeri, 2007—2007-yillarda Axal viloyati Ruhabat etrapi kasalxonasida kichik tibbiyot xodimi boʻlib ishlagan. 2012—2014-yillarda Turkmaniston Adliya vazirligi, Qonunchilik boshqarmasi, Konstitutsiyaviy qonunchilik boʻlimi, Huquqiy axborot markazi boʻlimi bosh maslahatchisi, 2014—2015-yillarda Turkmaniston Adliya vazirligining Kadrlar va ijro intizomini nazorat qilish boʻlimi bosh maslahatchisi, 2015—2016-yillarda Ashxobod shahar davlat notarial idorasi stajyori, keyinroq esa davlat notariusi. 2016—2018-yillarda Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u bilan bog‘liq bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatining Ashxobod shahar boshqarmasi, Berkararlik tumani bo‘limida davlat ro‘yxatichisi, so‘ngra ushbu xizmatning davlat hisobini yuritish bo‘limida bosh ro‘yxatichisi. 2018-—2021 yillarda Turkmaniston Adliya vazirligi, Qonunchilik boshqarmasining Iqtisodiy qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlimi bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yil 14-aprelda prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning farmoni bilan Dünýägözel Turkmaniston Xalq Maslahati aʼzosi etib tayinlangan. 2021-yil 14-apreldan 2023-yil 21-yanvargacha Turkmaniston Milliy kengashining Xalq maslahati raisining oʻrinbosari, soʻngra Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish qoʻmitasi raisi boʻlgan. Bir palatali parlament qayta tiklanganidan soʻng Gulmanowa Turkmaniston Adliya vazirligi, Huquqiy yordam boshqarmasining notariat va fuqarolik holati dalolatnomalarini roʻyxatga olish boʻlimining katta maslahatchisi boʻladi.

Parlament raisi sifatidagi faoliyati 2023-yil mart oyida Gulmanowa Ashxobod shahridagi 5-sonli saylov okrugidan nomzod sifatida Turkmaniston parlamentiga boʻlgan saylovda ishtirok etadi. 2023-yil 6-aprelda parlamentning birinchi yigʻilishida Dünýägözel bir ovozdan parlament spikeri etib saylangan. 2023-yil 26-may kuni Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan 6-Neva xalqaro ekologik kongressida Dünýägözel Rossiya Federatsiyasi parlamentining federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashadi. Uchrashuvda tomonlar Rossiya—Turkmaniston munosabatlarini mustahkamlash va ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qilishgan. Gulmanowa 2023-yil sentyabr oyida respublika delegatsiyasi boshchiligida Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, „Markaziy Osiyo—Koreya Respublikasi“ 1-parlamentlararo uchrashuvida ishtirok etgan. Yana uchrashuvda bosh vazir Han Duck-soo va Milliy assambleya raisi Kim Jin-pyo bilan muzokaralar olib borgan. Tomonlar savdo, yoqilgʻi va kimyo sanoati, madaniyat, fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlik jihatlarini muhokama qilishgan. Dünýägözel Tojikistonning Turkmanistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo Niyatbekzoda bilan ham uchrashuv oʻtkazgan. Tomonlar mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va parlament diplomatiyasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashishgan.

Mukofoti Dünýägözel Gulmanowaga 2024-yil 10-dekabrda Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan „Magtymguly Pyragynyň 300 ýyllygyna“ esdalik nishoni berilgan.

Manbalar

Turkum:Turkmaniston davlat universiteti bitiruvchilari Turkum:Turkmaniston ayol siyosatchilari Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar