David di Donatello mukofoti — Italiya Uygʻonish davrining ramziy haykali boʻlmish Donatelloning „David“i sharafiga nomlangan boʻlib, har yili Accademia del Cinema Italiano tomonidan topshiriladigan kino mukofotlar. 2023-yil holatiga koʻra, 26 ta mukofot nominatsiyasi mavjud. Soha vakillari tomonidan ovoz berish orqali aniqlanadigan ushbu mukofotlar Amerikadagi Akademiya mukofotining Italiyadagi muqobili hisoblanadi.

Tarixi David di Donatello kinomukofotiga 1955-yilda AGIS (Italiya shou-biznes bosh assotsiatsiyasi) asoschi prezidenti, tadbirkor Italo Gemini tomonidan har yilgi eng yaxshi Italiya va xorijiy filmlarni taqdirlash maqsadida asos solingan. U ilk bor 1956-yil 5-iyulda Rimda topshirilgan.

David di Donatello kinomukofoti Amerikaning Academy Awards mukofoti bilan bir xil mezonlarga amal qiladi.

Italiyada „Nastro d’Argento“ kabi shunga oʻxshash mukofotlar qariyb oʻn yildan beri mavjud edi, biroq ular kinotanqidchilar va jurnalistlar tomonidan ovoz berish orqali aniqlanardi. „Donatello“ mukofotlari kino sanoati vakillari, jumladan, aktyorlar, prodyuserlar, rejissorlar, ssenariynavislar va texnik xodimlar tomonidan beriladi.

Rimdan keyin, 1957-yildan 1980-yilgacha marosim Taormina kinofestivali doirasida Taorminadagi Yunon teatrida oʻtkazildi, soʻngra ikki marta Florensiyada boʻlib oʻtdi va yakunda yana Rimga qaytdi; u hamisha Italiya Respublikasi Prezidenti koʻmagida hamda hozirda Rim shahar kengashining madaniy siyosat departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazib kelinmoqda.

Hozirda Accademia del Cinema Italiano deb nomlanuvchi asoschi tashkilot Italiya Madaniyat vazirligi hamda Turizm vazirligi bilan hamjihatlikda va ularning qoʻshgan hissasi sharofati bilan faoliyat yuritadi.

Mukofotlar asosan Italiya filmlariga topshiriladi, shuningdek, xorijiy tildagi filmlar uchun ajratilgan maxsus toifa ham mavjud.

Prezidentlar Quyida Italiya kino akademiyasi prezidentlari roʻyxati keltirilgan:

Prezident Boshlagan yili Tugatgan yili Izoh Italo Gemini 1955 1970 Eitel Monaco 1971 1977 Paolo Grassi 1978 1980 Gian Luigi Rondi 1981 2016† 2009-yildan buyon umrbod prezident Giuliano Montaldo 2016 2017 Interim Piera Detassis 2018 hozir Bu lavozimni egallagan birinchi ayol

Mukofot David di Donatello mukofoti oltin David haykalchasi shaklida boʻlib, u Donatelloning mashhur haykalining nusxasidir; haykalcha mukofot toifasi, yili va gʻolib nomi yozilgan oltin lavhali toʻrtburchak malaxit poydevor ustiga oʻrnatilgan.

Bulgari tomonidan ishlangan, „Goʻzal, ammo xavfli“ (Beautiful but Dangerous) filmi uchun Gina Lollobrigidaga topshirilgan 1956-yilgi „David“ haykalchasi 2013-yilda Sotheby’s auksionida sotilgan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:David di Donatello Turkum:Italiya kino mukofotlari