Rauan Kenjexanuli (qozoqcha: Rauan Kenjexanұli; 1979-yil 1-mayda tugʻilgan, Sharqiy Qozogʻiston viloyati, Qozogʻiston SSR, SSSR) — qozogʻistonlik jamoat arbobi, jurnalist, diplomat, vikipediyachi va tadbirkor. 2023-yil iyul oyidan buyon „Xalqaro qozoq tili fondi“ jamoat birlashmasi prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Qozoq tilidagi Vikipediya hamjamiyatini rivojlantirish va ommalashtirishga qoʻshgan hissasi uchun 2011-yilda „Vikimedia jamgʻarmasi“ning yillik xalqaro konferensiyasida butunjahon onlayn ensiklopediyasi asoschisi Jimmi Ueyls tomonidan „Yil vikimediachisi“ deb topilgan. Ushbu mukofot tarixda ilk bor topshirilishi edi.
Biografiyasi 1979-yil 1-mayda Qozogʻiston Respublikasining Sharqiy Qozogʻiston viloyatida tugʻilgan. Otasi — Matijanov Kenjexan Slyamjanovich, onasi — Almetova Asipat Sautbekovna, ikkalasi ham mutaxassisligi boʻyicha filolog, fan doktorlari. 2001-yilda Pedagogika universitetini „Xalqaro munosabatlar“ yoʻnalishini tamomlagan. 2004-yilda Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Xalq xoʻjaligi akademiyasida „Strategik menejment va moliya“ mutaxassisligi boʻyicha fan magistri darajasini olgan. 2009—2011-yillarda AQShning Harvard universiteti qoshidagi xalqaro munosabatlar markazida (Weatherhead Center for International Affairs) „Xalqaro munosabatlar“ mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni davom ettirgan). Faoliyati „Debat“ taʼlim dasturi koordinatori sifatida 1998—2001 yillar „Milliy debat markazi“da ishlagan. 2001-yildan buyon jurnalist va „Xabar“ telekanalida tahliliy dastur muharriri boʻlib ishlagan. 2005—2006-yillarda — Qozogʻiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi matbuot xizmati rahbari, madaniy-gumanitar hamkorlik boʻlimi mudiri, ikkinchi va birinchi kotibi boʻlib ishlagan. 2006-2008 yillarda „Qazaqstan“ respublika teleradiokorporatsiyasi direktori boʻlib ishlagan. 2008-2009 yillarda Mangʻistau (viloyat) hokimining ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha maslahatchisi boʻlib ishlagan. 2010—2011-yillarda — Harvard universitetining Tilshunoslik yoʻnalishii oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. 2011-yilda elektron taʼlim sohasida BilimLand kompaniyasiga, shuningdek, „WikiBilim“ jamoat fondiga asos solgan. 2014-yil 23-dekabrdan 2016-yil 24-avgustgacha boʻlgan davrda Qiziloʻrda viloyati hokimi oʻrinbosari lavozimida davlat xizmatida ishlaganligi sababli kompaniyadagi faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan. 2017-yil iyun oyidan buyon „Milliy tarjima byurosi“ jamoat fondi (sobiq WikiBilim) ijrochi direktori hisoblanadi. Qozoq tilidagi maʼrifiy kontentni rivojlantirishga qaratilgan qator taʼlim loyihalarni amalga oshirgan. Xususan, Qozoqcha Vikipediyani rivojlantirish, qozoq tilini Google tarjimon tizimiga joriy etish, TED maʼruzalarini qozoq tiliga tarjima qilish hamda Qozogʻistonning „Kitap.kz“ ochiq kutubxonasini yaratish loyihalariga rahbarlik qilgan. 2011—2013-yillarda Creative Commons erkin litsenziyalarini rivojlantirish loyihasi ustida ishlagan. 2022-yilda Qozogʻiston Respublikasi Milliy sport turlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylangan. 2023-yil iyul oyida „Xalqaro qozoq tili fondi“ jamoat birlashmasi prezidenti etib saylangan. Ijtimoiy loyihalari 2016-yil oktabr oyida „Bilim Foundation“ jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi etib saylangan. Fond oʻsmirlarning ruhiy salomatligi va hayotiy koʻnikmalarini rivojlantirish masalalari bilan shugʻullanadi. 2017-yilda Qozogʻistonda ilk bor Shimoliy Qozogʻiston viloyati hokimligi bilan Peterfeld qishlogʻidagi maktablarni rivojlantirish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolangan. 2017-yilda Coursera va EdX modeli asosida Qozog‘istonning ochiq universiteti notijorat loyihasini ishga tushirgan va Buyuk Britaniya ochiq universiteti loyihaning hamkori sifatida ishtirok etgan. 2023-yilda Coursera onlayn platformasining 600 dan ortiq kurslari qozoq va rus tillariga tarjima qilinib, Qozogʻistonning 25 ta oliy oʻquv yurtiga kirish imkoniyati taqdim etilgan. 2017-yildan 2020-yilgacha ijtimoiy va gumanitar fanlarni rivojlantirish boʻyicha „Yangi gumanitar bilim. Qozoq tilidagi 100 ta yangi darslik“ loyihasi koordinatori boʻlgan. Loyiha doirasida 100 ta darslik tarjima qilindi, nashr etildi va oliy taʼlim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatildi. 2019-yilda Qozogʻiston Madaniyat va sport vazirligi buyurtmasiga binoan, zamonaviy qozoq adabiyoti antologiyasini BMTning 6 ta tiliga — ingliz, fransuz, rus, ispan, arab va xitoy tillariga tarjima qilish boʻyicha „Global dunyodagi zamonaviy qozoq adabiyoti“ loyihasini boshladi. Toʻplam ikki jilddan — proza va sheʼriyatdan iborat boʻlib, har bir jildga 30 nafardan muallifning asarlari jamlangan. Loyihada rus tiliga tarjima qilish boʻyicha M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti nashriyot uyi, ispan tilida Servantes instituti, fransuz tilida „Mishel de Mol“ nashriyot uyi, xitoy tilida Xitoy Xalq Respublikasining Millatlar nashriyoti hamkorlik qildi. Arab tilidagi nashri esa Misr Arab Respublikasi Madaniyat va taʼlim markazi ishtirokida tayyorlanmoqda. Antologiyalarni ingliz tiliga tarjima qilish va chop etish ishlari Kembrij universiteti nashriyoti bilan birgalikda amalga oshirildi. 2020-yilda Abay Qoʻnonboyev tavalludining 175 yilligi tantanalari doirasida uning asarlari dunyoning 10 ta tiliga — ingliz, arab, xitoy, ispan, italyan, nemis, rus, turk, fransuz hamda yapon tillariga tarjima qilindi. Loyiha yakunlari boʻyicha bir qator tarjimon va muharrirlar orden hamda medallar bilan taqdirlandilar. 2018-yildan 2022-yilgacha qozoq tilidagi Oksford lugʻatini yaratish loyihasi rahbari boʻldi. Karyera 2018-yil 20-avgustda Amanat partiyasi raisining birinchi oʻrinbosar maslahatchisi etib tayinlangan. 2019-yildan buyon Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy jamoatchilik ishonchi kengashi (MJIK) aʼzosi. Ijtimoiy rivojlanish va taʼlim masalalari boʻyicha guruh tarkibiga hisoblanadi. 2022-yildan buyon Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy qurultoy aʼzosi. 2022-yilda Qozogʻiston Respublikasi Milliy sport turlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylangan. 2023-yil iyul oyida „Xalqaro qozoq tili fondi“ jamoat birlashmasi prezidenti etib saylandi.
Mukofotlari Yil vikimediachisi (2011) Hurmat ordeni Parasat ordeni „Ostona — 10 yil“ medali
Manbalar
Havolalar
„Men ishonaman“ ijtimoiy loyihalar konferensiyasidagi chiqishi „Rauan Kenjexanuli: taʼlim va yaqinlashib kelayotgan singulyarlik haqida“. Larissa Pakning „Kundalik maʼnolar“ podkasti
Turkum:Qozogʻistonlik jurnalistlar Turkum:1979-yilda tugʻilganlar Turkum:1-mayda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar