Suriyadagi 2025-yilgi oziq-ovqat inqirozi mamlakat zamonaviy tarixidagi eng jiddiy gumanitar favqulodda holat sifatida baholanmoqda. Suriya boʻylab keng tarqalgan oziq-ovqat xavfsizligining yoʻqligi va toʻyib ovqatlanmaslik bu inqirozning asosiy belgilaridir. Hisobotlarga koʻra, 14,5 milliondan ortiq suriyalik oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda, ulardan 9,1 millioni kuchli inqiroz holatida, 5,4 millioni esa qattiq ochlik yoqasida turibdi. Ushbu inqirozga kuchli qurgʻoqchilik, iqtisodiy tanazzul, siyosiy beqarorlik va xalqaro yordam hajmining kamayishi sabab boʻlgan.

Umumiy maʼlumotlar Suriyadagi ocharchilikning ildizlari 2011-yilda boshlangan, oʻn yildan ortiq davom etgan va mamlakat qishloq xoʻjaligi, infratuzilmasi hamda iqtisodiyotini vayron qilib, aholining ommaviy koʻchishiga sabab boʻlgan fuqarolar urushiga borib taqaladi. Bundan tashqari, 2023-yilgi zilzila vayronagarchiliklari hamda Bashar Asad rejimi qulaganidan soʻng suriyalik qochoqlarning qaytishi mamlakatdagi vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Suriyaning yangi hukumati bu inqirozni hal etishga hali ulgurgani yoʻq.

Inqiroz sabablari

Qurgʻoqchilik va qishloq xoʻjaligi tanazzuli 2024-yil oxiridan 2025-yilgacha Suriya soʻnggi 36 yildagi eng kuchli qurgʻoqchilikdan aziyat chekdi, bu esa qishloq xoʻjaligida misli koʻrilmagan tanazzulga olib keldi. Furot daryosi sathining pasayishi, sugʻorish tizimlarining yomon ahvolda ekani va iqlim oʻzgarishi qurgʻoqchilikni yanada kuchaytirib, mamlakatda soʻnggi oʻn yillikdagi eng kam bugʻdoy hosili yigʻib olinishiga sabab boʻldi. Hisobotlarga koʻra, bugʻdoy yetishtirish hajmi 40 foizga kamayib, 2,73 million metrik tonna taqchillikni yuzaga keltirgan. Bu miqdor qariyb 16 million aholini bir yil davomida oziq-ovqat bilan taʼminlashga yetadi. Suriyadagi ekin yerlarining atigi 40 foiziga ishlov berish imkoni boʻldi. Hasaka, Halab va Hims kabi asosiy oziq-ovqat yetishtiruvchi hududlar esa juda katta zarar koʻrdi. Suriya bu yoʻqotishlarning oʻrnini qoplash uchun 2,15 million tonna bugʻdoy import qilishga majbur boʻldi. Bu oʻtgan yilgiga nisbatan 53 foizga koʻp boʻlib, mamlakatning zaiflashgan iqtisodiyotiga tushayotgan yukni yanada oshirdi.

Iqtisodiy tanazzul Koʻp yillik urush va iqtisodiy inqiroz sababli 2025-yilga kelib Suriyadagi aksariyat xonadonlar oziq-ovqat xarid qilishga qiynalib qoldi. Muhim subsidiyalarning bekor qilinishi oqibatida oziq-ovqat va yoqilgʻi narxlari keskin oshib ketdi. Besh kishilik oila uchun bir oylik asosiy isteʼmol savati taxminan 2,5 million Suriya funtini tashkil etgan bir paytda, eng kam ish haqi atigi 280 ming funt, yaʼni zarur miqdorning beshdan biridan ham kamroq edi. Ayrim narxlar oʻsishdan toʻxtaganida ham, koʻpchilik oilalar asosiy mahsulotlarni sotib olishga qurbi yetmasdi. Sanksiyalar, savdodagi muammolar va importga haddan tashqari qaramlik vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi.

Siyosiy beqarorlik 2024-yil dekabr oyida Asad rejimining qulashi va Ahmad ash-Sharaa hukumatining hokimiyatga kelishi zoʻravonlik, talonchilik hamda taʼminot zanjiridagi uzilishlarga olib kelgach, Suriyaning bir qancha hududlarida keskin tartibsizliklar yuz berdi. Suvaydo qamal ostida qoldi, Halab, Hims va Hasaka esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hamda yordamning muntazam yetkazib berilishiga yoʻl qoʻymadi.

Xalqaro yordamning kamayishi 2025-yil oʻrtalariga kelib Amerika Qoʻshma Shtatlar ham, Yevropa Ittifoqi ham Suriyaga ajratiladigan yordamning katta qismini qisqartirdi. Natijada Jahon oziq-ovqat dasturi oʻz faoliyatini davom ettirish uchun mablagʻsiz qoldi. Tashkilot oziq-ovqat yetkazib berishni davom ettirishi uchun qoʻshimcha 335 million AQSh dollari zarurligini maʼlum qilgan edi. Yordam hajmining qisqarishiga asosan xalqaro donorlarning Suriyaning muvaqqat hukumati boshqaruvidagi kelajagiga ishonchi komil emasligi sabab boʻldi. Ushbu moliyaviy tanqislik shundoq ham ochlik bilan yuzlashayotgan millionlab suriyaliklarga oziq-ovqat yordami yetkazishni yanada qiyinlashtirdi.

Yana qarang Suriya fuqarolar urushi Jahon oziq-ovqat dasturi Manbalar

Turkum:Mamlakatlar bo‘yicha ocharchilik Turkum:Suriya fuqarolar urushi