Matthew John Cowdrey (1988-yil 22-dekabrda tugʻilgan) — avstraliyalik siyosatchi va paralimpiyachi. Hozirda koʻplab jahon rekordlari sohibi hisoblanadi. Uning chap qoʻlida tugʻma amputatsiya nuqsoni bor. Qoʻli tirsagidan biroz pastda tugaydi. Cowdrey 2004-yilgi Paralimpiya oʻyinlari, 2006-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlari, 2008-yilgi Paralimpiya oʻyinlari, 2010-yilgi Hamdoʻstlik oʻyinlari va 2012-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida qatnashgan. 2012-yilgi London oʻyinlaridan soʻng u oʻn uchta Paralimpiya oltin medali va jami yigirma uchta Paralimpiya medalini qoʻlga kiritib, Avstraliyaning eng muvaffaqiyatli paralimpiyachisiga aylangan. 2015-yil 10-fevralda Cowdrey suzishdagi faoliyatini yakunlaganini eʼlon qilgan.
Cowdrey Janubiy Avstraliyadagi 2018-yilgi shtat saylovlarida Liberal partiya nomidan Kolton okrugi vakilligi uchun kurashib, gʻalaba qozongan. 2025-yil iyun oyida Cowdrey 2026-yilgi shtat saylovlarida Kolton okrugidan qayta oʻz nomzodini qoʻymasligini maʼlum qilgan.
Shaxsiy hayoti
Cowdrey 1988-yil 22-dekabrda tugʻma amputatsiya sababli qoʻlining bir qismi yoʻq holda dunyoga kelgan. U Endeavour kollejida tahsil olgan va yoshligida basketbol oʻynagan. Keyinchalik Kanberra shahriga koʻchib oʻtib, Avstraliya sport instituti sharafini himoya qila boshlagan hamda klublar miqyosida Adelaidaning „Norwood Swimming Club“ jamoasi safida musobaqalarda qatnashishni davom ettirgan. 2011-yilda u „Kawana Waters Swimming Club“ klubi sharafini ham himoya qilgan. U suzishdagi faoliyatini „Marion Swimming Club“ klubida yakunlagan.
2015-yil aprel oyida Cowdrey Adelaida universitetini huquq hamda OAV yoʻnalishi boʻyicha qoʻshaloq mutaxassislik bilan tamomlagan. 2013-yilda u AQSh kongressvumeni Ileana Ros-Lehtinen idorasida uch oylik amaliyot oʻtagan. 2015-yilda suzishdan nafaqaga chiqqan vaqtida u Adelaidadagi KPMG kompaniyasida boshqaruv maslahatchisi boʻlib ishlagan.
Manbalar
Tashqi havolalar
Turkum:1988-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum: Avstraliya sportchilari