Sex, Lies, and Videotape (Seks, yolgʻon va videotasma) — 1989-yilda rejissyor Steven Soderbergh tomonidan ssenariysi yozilgan va suratga olingan mustaqil dramatik film. Kartina ayollarning jinsiy hayoti hamda yashirin xayollari (fantaziyalari) haqidagi suhbatlarni videotasmaga muhrlaydigan (yozib oladigan) ruhiyati tubsizlikka tomon qulab borayotgan erkakning bir er-xotin va ayolning singlisi hayotiga koʻrsatgan taʼsiri haqida hikoya qiladi. Film 1989-yilgi Cannes kinofestivalida bosh mukofot „Oltin palma novdasi“ni qoʻlga kiritgan, natijada 26 yoshli Soderbergh ushbu mukofotga sazovor boʻlgan eng yosh yakkaxon rejissyorga aylangan.
Syujeti Luiziana shtatining Baton Ruj shahri. Ann Bishop Mullany oʻzining muvaffaqiyatli advokat eri John bilan tashqi tomondan risoladagidek, toʻkis va farovon hayot kechiradi, biroq ularning oilaviy rishtalari ich-ichidan darz ketgan edi. Psixoterapevt huzuridagi samimiy suhbat davomida Ann erining unga yaqinlashishi yoki shunchaki tegishi qalbida chuqur jirkanish uygʻotishini yashirmay tan oladi. Vaholanki, haqiqat Ann oʻylagandan ham chirkinroq edi, eri John uning oʻziga mutlaqo oʻxshamaydigan kichik singlisi, erkin hayot tarzini xush koʻruvchi rassom va bar xodimasi Cynthia bilan yashirincha ishqiy aloqa oʻrnatgan edi. John bu xiyonatiga xotinining sovuq va beparvo munosabatini sabab qilib koʻrsatadi.
Aynan oʻsha kunlarda Baton Ruj shahriga Johnning kollej davridagi yaqin doʻsti Graham Dalton kirib keladi. U uzoq yillar sarson sargardonlikda kun kechirgan, ammo oʻziga yarasha biroz pul jamgʻarishga ulgurgan sirli shaxs edi. John doʻstini uyida qadrdonlardek mehmondoʻstlik bilan kutib oladi. Ajablanarlisi, Graham bilan Ann qisqa fursatda umumiy til topishib, yaqinlashib qolishad, vujudida daxshatli sirlarni yashirgan John mehmon bilan dildan gaplashadigan gapi qolmagan edi. Graham oʻziga alohida kvartira topib koʻchib oʻtgach, Ann uning uyiga kutilmaganda yoʻqlab boradi va u yerda ayollarning ismlari yozilgan videokasseta lentalarining ulkan uyumiga koʻzi tushadi. Graham bu lentalarda turli ayollar oʻzlarining eng maxfiy istaklari haqida uning kamerasiga gapirib berishganini hamda oʻzi ushbu yozuvlarni yolgʻiz qolganda tomosha qilishini tan oladi. Bu gʻalati iqror Annni qattiq choʻchitib yuboradi va Ann uydan shoshgancha chiqib ketadi. Ertasi kuni Grahamning uyiga uchrashuv uchun kelgan Cynthia undan opasining nimadan bunchalik vahimaga tushganini surishtiradi, qiziqishi ustun kelib oʻzi ham intervyu lentasini yozdirishga rozi boʻladi.
Kunlarning birida Ann uyni yigʻishtirayotib, oʻz yotoqxonasidan toʻsatdan singlisi Cynthianing marvarid sirgʻasini topib oladi va shu soniyaning oʻzida erining daxshatli xiyonatini butun borligʻi bilan anglab yetadi. Gʻazab va alamdan butun vujudi qaltirab, u darhol Grahamning xonadoniga yoʻl oladi hamda oʻzi ham kassetaga intervyu yozishini qatʼiyan talab qiladi. Shundan soʻng u uyga qaytib, Johndan ajrashishni soʻraydi va Grahamning kamerasiga bor haqiqatni soʻzlab berganini maʼlum qiladi. Gʻazab otiga mingan John Grahamning uyiga bostirib borib, uni ayovsiz uradi, uyidan haydab chiqaradi va Ann yozdirgan lentani tomosha qila boshlaydi.
Lentada Ann oxirgi paytlarda faqat Graham haqida oʻylayotganini ochiq oydin tan olgan edi. Suhbat davomida u kamerani Grahamning oʻziga qaratadi, Graham esa oʻz navbatida sobiq sevgilisi Elizabethning ogʻriqli xotirasidan hamon qutula olmayotganini, bir paytlar yolgʻonchilikka mubtalo boʻlib, uni butkul yoʻqotganini alam bilan soʻzlaydi. Bu samimiylik qarshisida dosh berolmagan Ann uni ehtiros bilan oʻpadi, Graham esa kamerani oʻchiradi. Buni koʻrib aqldan ozgan John Grahamning ayvonida uning eng nozik nuqtasiga zarba beradi, John bir vaqtlar Elizabeth bilan ham yashirincha aloqada boʻlganini aytib, doʻstining qalbini vayron qiladi. Biroq bu gap uning oʻziga qarshi ishlaydi, Graham oʻz hayotini asir qilib kelgan kamerasini va barcha ayollarning intervyulari yozilgan lentalarni oʻz qoʻllari bilan yoʻq qilib tashlaydi.
Oradan biroz vaqt oʻtadi. Hamma narsasidan ayrilgan Johnni ish boʻyicha boshligʻi shoshilinch ravishda oʻz ishxonaga chaqirtiradi, bu pallada esa opa singil Ann va Cynthia shahar barlarining birida uchrashib, ginalarni unutib qaytadan yarashib olishadi. Filmning goʻzal yakuniy sahnasida Ann endilikda barcha yolgʻonlardan xalos boʻlgan Grahamning yoniga, shinam ayvonga kelib oʻtiradi. U osmonga boqib, yaqin orada yomgʻir yogʻishini ohista aytadi, bunga javoban Graham unga sirli va xotirjam jilmaygancha: „Yomgʻir allaqachon yogʻyapti“, deya javob qaytaradi.
Ishlab chiqarish Steven Soderbergh film ssenariysini mamlakat boʻylab sayohat qilayotgan paytida, bor yoʻgʻi sakkiz kun ichida sariq qogʻozli daftarga yozgan. Soderbergh Ann rolini Elizabeth McGovern uchun moʻljallab yozgan edi. Biroq aktrisaning agenti ssenariyni yoqtirmagani sababli, uning oʻzi matnni oʻqib ham koʻrmagan. Qizigʻi shundaki, aynan shu agentlik bilan ishlovchi Laura San Giacomo esa Cynthia rolini oʻziga berishlarini talab qilgan, aks holda agentlikdan ketishini aytib tahdid qilgan. Soderbergh Andie MacDowellni kastingga chaqirishga (rolga sinab koʻrishga) ikkilangan, biroq aktrisa ikki marotaba sinov sahnalaridan (casting) muvaffaqiyatli oʻtadi va Ann Bishop Mullany ro'lini qoʻlga kiritgan. John rolini dastlab Tim Daly ijro etishi rejalashtirilgan edi, ammo loyihani moliyalashtirish kechikkani sababli u „Almost Grown“ serialida suratga tushishni boshlab yuborgan va natijada rol Peter Gallagherga nasib etgan.
Film byudjeti bor-yoʻgʻi 1,2 million dollarni tashkil etgani sababli, Soderbergh bir haftalik tayyorgarlik (repetitsiya) hamda 1988-yil avgust oyiga belgilangan bir oylik suratga olish jadvali bilan cheklanishga majbur boʻlgan. Shunga qaramay, keyinchalik u ushbu loyihani „oʻzim suratga olgan filmlar ichida, menga kerakli barcha mablagʻ va vaqt yetarli boʻlgan yagona kartina“ deb yodga olgan. Suratga olishning asosiy jarayonlari Luiziana shtatidagi Baton Ruj shahrida boʻlib oʻtgan.
Film premyerasi 1989-yil 20-yanvarda Sundance kinofestivalida boʻlib oʻtdi va u yerda „Tomoshabinlar mehri“ (Audience Award) mukofotini qoʻlga kiritdi. AQShda 4-avgustdan boshlab film faqat toʻrtta kinoteatrda katta ekranlarga chiqdi va dastlabki dam olish kunlarida 155 982 dollar daromad keltirdi. Shundan soʻng studiya kartinani mamlakat boʻylab keng namoyishga chiqardi, eng yuqori choʻqqisida film bir vaqtning oʻzida 534 ta kinoteatrda namoyish etildi va Shimoliy Amerika (AQSh va Kanada) kinoteatrlarida 24 741 667 dollar yigʻishga muvaffaq boʻldi. Butun dunyo boʻylab esa film jami 36,74 million dollar atrofida daromad keltirdi.
Film 1989-yilgi Cannes kinofestivalida bosh sovrin „Oltin palma novdasi“ hamda xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi (FIPRESCI) mukofoti bilan taqdirlandi, James Spader esa „Eng yaxshi erkak roli“ (Eng yaxshi aktyor) nominatsiyasida gʻolib boʻldi. Bundan tashqari, Steven Soderbergh ushbu kartina uchun yozgan ssenariysi tufayli Oscar mukofotining „Eng yaxshi original ssenariy“ nominatsiyasiga nomzod sifatida koʻrsatilgan edi.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
Turkum:1989-yil filmlari Turkum:Ingliz tilidagi filmlar Turkum:AQSh filmlari Turkum:Steven Soderbergh filmlari Turkum:Miramax filmlari Turkum:AQSh dramatik filmlari Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar