Abdulla Oripov (1941-yil 21-mart – 2016-yil 5-noyabr) – Oʻzbekiston xalq shoiri, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni sohibi, oʻzbek shoiri, tarjimoni va jamoat arbobi. XX asr oʻzbek adabiyoti va sheʼriyatining taniqli vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi matni muallifi.

Hayoti Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagida joylashgan. Otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli jamoa xoʻjaligi raisi boʻlgan. Onasi Turdixol uy bekasi boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi. 1958-yilda oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Toshkent Davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetining jurnalistika yoʻnalishiga oʻqishga kirib, oliygohni ham 1963-yilda imtiyozli diplom bilan yakunladi. Universitetdan soʻng 1963-1967-yillarda "Yosh gvardiya" nashriyotida muharrir, 1974-1976-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnali boʻlim mudiri; 1976-1982-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy maslahatchisi; 1982-1983-yillarda uyushmaning Toshkent viloyati boʻlimi mas’ul kotibi; 1983-1985-yillarda "Gulxan" jurnali bosh muharriri; 1985-1996-yillarda Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi; 1996-2009-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi va bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2009-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy raisi lavozimini egallagan. Abdulla Oripov 1990-yilda Oʻzbekiston Oliy Kengashi, 1995-yilda Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylandi. 2005-yilda Senat aʼzosi etib tayinlangan. Abdulla Oripov 2016-yilning 5-noyabrda uzoq vaqt davomidagi kasallikdan soʻng AQShning Texas shtatida vafot etdi. U Toshkent shahridagi Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan.

Ijodi va faoliyati Abdulla Oripov talaba vaqtida respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan ilk sheʼri chiqqan. Shundan keyin Abdulla Oripovning ketma-ket „Munojotni tinglab“, „Birinchi muhabbatim“, „Bahor“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Oltin baliqcha“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“ kabi sheʼrlari oʻsha davrda oʻzbek adabiyotining yorqin namunalaridan biriga aylangan. 1965-yilda Oripovning „Mitti Yulduz“ nomli ilk sheʼriy toʻplami oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan. Bu Oripov ijodining boshlanishi edi. „Mitti yulduz“dan soʻng „Koʻzlarim yoʻlingda“, „Onajon“, „Ruhim“, „Oʻzbekiston“, „Qasida“, „Xotirot“, „Yurtim shamoli“, „Hayrat“, „Najot qal’asi“, „Yillar armoni“, „Ishonch koʻprigi“, „Munojot“, „Haj daftari“, „Saylanma“, „Ishonch koʻpriklari (1989)“ kabi bir qator sheʼriy toʻplamlari bosmadan chiqa boshlagan. Abdulla Oripov juda sermahsul ijodkor boʻlib dostonchilikda ham oʻzini koʻrsatgan. Xususan uning: „Jannatga yoʻl“, „Tabib va oʻlim“, „Ranjkom“, „Sohibqiron“ kabi dostonlari oʻzbek xalqi adabiyot muhlislariga juda manzur kelgan. Abdulla Oripovning Oʻzbekiston oldidagi xizmatlari cheksiz, u mustaqil Oʻzbekistonning madhiyasi muallifi hisoblanadi.

Abdulla Oripov Kaliforniyada joylashgan (AQSh) Fan, taʼlim, sanoat va sanʼat xalqaro akademiyasining chet ellik aʼzosi hisoblanadi. Yaponiyaning Soka universiteti professori. „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ bosh tahrir hay’ati aʼzosi, Hamza nomidagi hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati hisoblanadihttps://kun.uz/uz/news/2016/11/05/marum-soir-abdulla-oripov-aeti-va-izodi.

Abdulla Oripov gʻazal janrida ham ijod qilgan. Jumladan, 2024-yil nashr etilgan „Buyuk soddalik“ nomli toʻplamida 34 ta gʻazali nashr etilgan.

Tarjimalari Abdulla Oripov Dantening „Ilohiy komediya“ asarini, Nekrasov, Lesya Ukrainka, T. Shevchenko, K. Kuliyev kabi dunyoga mashhur yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan

2015-yilda Oripov Italiya yulduzi ordeni bilan taqdirlangan. Ordenni Oripovga Italiya prezidenti Serj Sotarelloning maxsus taklifiga binoan topshirilgan.

Asarlari "Mitti yulduz" (1965) "Koʻzlarim yoʻlingda" (1967) "Onajon" (1969) "Ruhim" (1971) "Oʻzbekiston" (1972) "Xotirot" (1974) "Yurtim shamoli" (1974) "Jannatga yoʻl" (1978) "Hayrat" (1979) "Hakim va ajal" (1980) "Najot qalʼasi" (1981) "Yillar armoni" (1983) "Ranjkom" (1988) Haj daftari" (1992) "Saylanma" (1996) "Sohibqiron (sheʼriy drama)" (1996) "Tanlangan asarlar I-IV" (2000-2001) „Ummon boʻyidagi oʻylar“ (2024)

Tarjimalari Dante „Ilohiy komediya“ Aleksandr Pushkin Lesya Ukrainka, sheʼrlar Taras Shevchenko, sheʼrlar Nikolay Nekrasov, sheʼrlar Qaysin Quliyev, sheʼrlar Rasul Hamzatov, sheʼrlar Mar Bayjiyev, sheʼrlar Mukofotlari 1983-yil – “Oʻzbekiston xalq shoiri” 1994-yil – “Doʻstlik” ordeni “Xalqlar doʻstligi” ordeni 1998-yil – „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni 2015-yil – Italiya yulduzi ordeni 2015-yil – Xalqaro „Oltin yulduz“ ordeni 1994-yilda – Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti

Adabiyotlar Sharafiddinov O. Sheʼriyat – qalb yolqini. „Hayot bilan hamnafas“ kitobida. Toshkent. Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1984. Karimov N. va boshqalar. XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi. -T.: „Oʻqituvchi“, 1999. Qoʻshjonov M., Suvon M.. Abdulla Oripov. Toshkent: „Maʼnaviyat“, 2000. Havolalar

Manbalar

Turkum:Oʻzbekistonlik yozuvchilar Turkum:Alifbo boʻyicha shoirlar Turkum:Adabiyot Turkum:Dramaturgiya Turkum:Oʻzbekistonlik shoirlar Turkum:Oʻzbekiston xalq shoirlari Turkum:Chigʻatoy qabristoniga dafn etilganlar Turkum:Oʻzbekistonlik tarjimonlar Turkum:Oʻzbekiston SSR xalq shoirlari Turkum:Alifbo boʻyicha yozuvchilar