thumb|Shahardagi Islom Karimov haykali

Qarshi (Naxshab, Navtaka, Nasaf, Behbudiy — 1926—1937-yillarda) — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1926-yildan), viloyat markazi (1943-yildan).

Qashqadaryo vohasining markazida, Qashqadaryo boʻyida, xalqaro temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishgan joyda. Maydoni 8 ming 308,9 gektar (2025-yil). Aholisi 306,3 ming kishi (2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra). Qarshi Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan biri. U turli davrlarda Bolo, Nashebolo, Naxshab, Nasaf, nomlari bilan yuritilib, XIV asrdan boshlab Qarshi deb atala boshlagan.

Qarshi shahrining oʻzbek tarixida oʻziga xos oʻrni bor. Birinchidan, Qarshi — Movarounnahrdagi birinchi yirik turkiy tilli shahar. U payti Xorazmda (Urganch), Fargʻonada (Andijon), Shosh vohasida (Toshkent), Sirdaryo boʻylarida bir qancha yirik shaharlarda turkiy til hukmron edi, lekin Movarounnahrda bunday shahar yoʻq edi. Qarshining qurilishi bilan bu yerda turli-tuman aholi joylashdi, ammo turkiy shaharda hukmron tilga aylandi. U payti moʻgʻullarning oʻzi ham allaqachon turkiy tilda gapirardi. Xususan, Kebakxonning ona tili turkiy til boʻlganini arab sayyohi Ibn Battuta qayd etgan. Chigʻatoy ulusi, undan keyin Temuriylar davrida turkiy til rasmiy yozishmalar tili boʻlib xizmat qildi.

Hozir Qarshi shahrida paxta tozalash, yogʻ-ekstraksiya, sut, motor taʼmirlash, taʼmirlashmexanika, uysozlik, plastmassa buyumlari zavodlari, goʻsht va un kombinatlari, tikuvchilik fabrikasi, qurilish materiallari, temir yoʻl transporti, toʻqimachilik korxonalari bor. Shaharda 6 ta bozor, 17 ta bank filiali aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Qarshi davlat universiteti, Qarshi davlat texnika universiteti, tibbiyot, pedagogika va boshqa jami 13 kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey, 9 litsey va litsey-internat, 2 gimnaziya, 46 umumiy taʼlim, shuningdek, bolalar musiqa maktablari, 4 teatr (shu jumladan, viloyat musiqali drama teatri, viloyat qoʻgʻirchoq teatri va boshqalar), viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, filarmoniya, 13 kutubxona, 3 madaniyat va istirohat bogʻi faoliyat koʻrsatadi. 22 kasalxona, ambulatoriya-poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalar bor. Qarshidan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Termiz kabi shahalarga avtobus, poyezd qatnovlari, Qarshi aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Toshkent Qarshi — Sankt Peterburg yoʻnalishlarida samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Qarshida Koʻk Gumbaz masjidi (XVI asr), qadimiy hammom (XVI asr), Qashqadaryo ustidagi qadimiy koʻprik (1583), Sharafboy madrasasi (XVIII asr boshlarida), Charmgar masjidi (XIX asr oʻrtalari), Bekmir madrasasi (1905), Abdulazizxoʻja madrasasi (XIX asr), Qilichbek madrasasi (XIX asr) va boshqa meʼmoriy obidalar saqlanib qolgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-sentyabrdagi „Qarshi shahrining 2700-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida“gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 26-iyuldagi „Qarshi shahrining 2700-yilligini nishonlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qaroridan keyin shaharda keng koʻlamda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Koʻkgumbaz masjidi, tarixiy koʻprik va boshqalar meʼmoriy obidalar taʼmirlandi.

Shaharda futbol boʻyicha Oʻzbekiston Superligasi chempioni, bir necha karra Oʻzbekiston Kubogi sohibi, 3 karra Oʻzbekiston Superkubogi egasi, 2011-yilgi AFC CUP chempioni, Xalqaro maydonda yurtimiz sharafini doimiy ravishda har yili himoya qilib kelayotgan Qashqadaryo va Oʻzbekiston faxri Nasaf jamoasi bor. Bundan tashqari Ayollar futboli boʻyicha Oʻzbekistonning rekordchi jamoasi: 17 marta Oʻzbekiston chempioni, 15 marta Oʻzbekiston kubogi sohibi, 4 karra Oʻzbekiston Superkubogi egasi (2025-mavsum yakunlari boʻyicha) Sevinch futbol klubi bor. Shuningdek shaharda Nasaf va Geolog stadionlari, va sport majmualari, tennis korti, yopiq suzish havzasi, sport-sogʻlomlashtirish inshootlari, Qarshi „Markaziy“ stadioni (21 ming oʻrinlik), Olimpiya zaxiralari sport kolleji va boshqalar qurilgan. Viloyat teleradiokompaniyasi, Qarshi jamoatchilik va Qashqadaryo kabel televideniyelari ishlab turibdi.

Qarshidan Nasafiy taxallusi bilan koʻplab olimlar, shoirlar yetishib chiqqan. Shulardan Alisher Navoiyning „Majolis un-nafois“ asarida tilga olingan Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy, undan tashqari, Mahmud Nasafiy (musiqa va sanʼat sohasida), Qusam Shayxlar (diniy ilmlar sohasida) shuhrat qozonganlar.

Qadimiy Qarshi shahri 2006-yilda UNESCO shafeligida 2700-yillik yubileyini nishonladi.

Etimologiyasi Qarshi nomining kelib chiqishi toʻgrisida turli fikr va taxminlar mavjud. V. V. Bartold shaharning nomi moʻgʻul xoni Kebekxon qurdirgan Qarshi (qadimiy turkiychada saroy maʼnosini anglatgan) bilan bogʻliq deb taʼkidlaydi. Qutadgʻu bilig (Saodatga eltuvchi bilim) dostonida Qarshi atamasi saroy va qarama-qarshi turish maʼnosida qoʻllangan. Boburnomada ham bu nom moʻgʻul tilidan olinganligi taʼkidlangan. Keltirilgan taxminlarda atamaning qarshi — saroy, qasr maʼnolari koʻproq qoʻllanadi.

Tarixi

Ilk tarixi (miloddan avval VIII-VII asrlar) Qarshi shahrining tarixi miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga borib taqaladi. Yerqoʻrgʻonda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida, ayni shu davrda Qarshi shahar sifatida shakllanganligi va qalin devor bilan oʻralganligi maʼlum boʻldi. Yirik savdo yoʻllariga yaqin joylashgan bu shahar Soʻgʻdiyonaning yirik shaharlaridan biriga aylandi. Shahar tarixining katta qismi soʻgʻdiylar bilan bogʻliq — Qashqadaryo vohasini miloddan avvalgi 1-mingyillikda oʻzlashtirishni boshlagan bu eroniy xalq bugungi Qarshi oʻrnida ilk shaharni qurgan deb taxmin qilinadi. Naxshap (Naxshob, Naqshob — notoʻgʻri shakllar), keyinroq esa Nasaf nomi bilan mashhur boʻlgan bu shahar Iskandar Maqduniy davrida ham, arablar kelganda ham yirik shaharchilik markazi boʻlgan. Miloddan avvalgi 545-539 yillarda Kir II sharqiy Eron viloyatlari va Markaziy Osiyodagi Xorazm, Soʻgʻdiyona, Margʻiyona viloyatlari va sak qabilalarini oʻziga boʻysindirdi. Naxshap ham Soʻgʻdiyonaning bir qismi sifatida Ahamoniylar hukmdorligi ostiga oʻtdi.

Shahar ilk bor miloddan avvalgi 331-yillar, yaʼni aynan Iskandar istilosidan oldingi yillarga oid bir oromiycha hujjatda tilga olinadi. Unda Nikshapiya (Naxshap) va Kisha (Kesh) shaharlari atrofidagi yerlarni chigirtka bosgani bois hosil nobud boʻlgani aytiladi. Shunday qilib, yunonlar bosqini arafasida Qashqadaryo vohasi zaxirasiz qolgan deyish mumkin. Naxshap miloddan avvalgi IV asrda Iskandar Maqduniy tomonidan ishgʻol qilindi. Iskandar, salavkiylar va Yunon-Baqtriya davrida bu yerda yunon madaniyati keng tarqaldi.

Shaharning yana bir nomi Novtak — Navtaka — yangi bino deb talqin qilinadi. Miloddan avvalgi VI asrda shahar kengayib, ichki devor bilan oʻralgan (hozirgacha saqlangan), maydoni 35 gektarni tashkil etgan. Iskandar Maqduniy fathi davrida shahar vayron qilingan. Shundan keyin uning vohadagi yetakchi shahar sifatidagi maqomi pasayib borgan.

Islomgacha boʻlgan davr (miloddan avval II — milodiy VII asr) Miloddan avvalgi III—II asrlarda shahar tashqi qalʼa devori bilan oʻralgan (maydoni 150 gektar boʻlgan). II—I asrlarda (hozirgi temir yoʻl stansiyasi hududida) yangi harbiy-siyosiy markaz maqomini olgan Zahhoki Moron qalʼasi bunyod etildi. Bu qalʼa ham Naxshap nomini olib asta-sekin kengaya bordi (qoldiqlari hozirgi Shulluktepa deb ataladi). Miloddan avvalgi II asrda Naxshap Parfiyona davlati tarkibiga kirdi. Bu davrda shahar ikki qatlamli devor bilan oʻralgan. Ikkinchi himoya devori 150 gektarga yaqin hududni tashqi xavfdan saqlab turgan. Yerqoʻrgʻon tashqi devori asosi 8 metr qalinlikda boʻlib, har 60 metrda yarim doirali minoralar boʻlgan. Devorning tepa qismida devor ichi koridori, oʻq-yoychilar xonalari mavjud boʻlgan.

Xioniylar va eftaliylar davrida Naxshap gullab yashnadi, Soʻgʻd vohasining savdo, hunarmandchilik markazlaridan biriga aylandi. Kidariylar 468-yilda oʻz qarorgohini Naxshapga koʻchirdilar.

V asrda shaharda dahshatli yongʻin yuz berdi. Butun shahar yonib kul boʻldi. Undan keyin Naxshap tiklangan boʻlsa-da, turk hoqonlari va sosoniylar hujumlari natijasida xarobaga aylandi. Faqat VI asr oxiri VII asr boshlaridagina tashlandiq shahar xarobalari ustida kulollar mahallasi bunyod etildi va asta-sekin shahar oʻzini tiklay boshladi.

Islom fathidan keyingi Naxshab VIII asrning boshida Movarounnahrning boshqa shaharlari kabi Naxshap ham fath etildi (710-yil). Shahar esa endi Nasaf deb atala boshladi. Shaharda ilk masjid qurildi. Istaxriy, Ibn Havqal va Muqaddasiy kabi musulmon joʻgʻrofiyunlarining bergan maʼlumotiga koʻra, Naxshap qalin devor bilan oʻralgan va toʻrt darvozaga ega boʻlgan.

Savdo yoʻllarining xavfsizligi, tarixda birinchi chek tizimi yoʻlga qoʻyilishi, islomdan oldingi savdogarlardan olinadigan soliqlarning bekor qilinishi butun xalifalikda boʻlgani kabi Nasafda ham savdo-sotiq va hunarmandchilikning rivojlanishiga olib keldi.

IX asrning boshida Nasaf Somoniylar davlati tarkibiga kirdi. XI asrda qoraxoniylar qoʻliga oʻtdi. Moʻgʻullar bosqini arafasida Nasaf Xorazm sultonligi tarkibiga kirar edi. IX—XIII asrlarda Naxshap (Nasaf) ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan ravnaq topdi. X asrda Nasafda oʻsha davr musulmon olamida ilmiy kongress — majlisi tadris oʻtkazilgan. Oʻrta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Rossiya va Yevropa davlatlari bilan bogʻlagan muhim karvon yoʻllari oʻtgan, savdo-hunarmandchilik rivojlangan.

Moʻgʻullar davrida Nasaf (XIII-XIV asrlar) 1220-yillarda Nasaf Chingizxon qoʻshinlari tarafidan vayron etildi. Aholining koʻpchiligi qirib yuborildi. Masjid va madrasalar vayron etildi. Shundan keyin shaharda hayot deyarli toʻxtab qoldi. Undan keyingi davrda (XIV asrda) voha markazi 3-marta hozirgi Qarshi shahrining eski shahar qismi oʻrnida qayta tiklandi.

XIV asrning boshlariga kelib Nasaf oʻzining mavqeini birmuncha tiklay boshladi. 1320-yilda Chigʻatoy ulusini qoʻlga kiritgan Kebekxon (1318—1326) moʻgʻul elitasi oʻtroq hayotga oʻtishi borasida qatʼiy siyosat yuritgan, hatto buni majburiy qilib qoʻygan. U poytaxtni Qashqadaryo vohasiga koʻchirgan, buzilib ketgan Nasafdan 2 farsax (12–14 km) uzoqlikda qasr qurdirib, poytaxtni Qarshi deb atalgan bu qalʼaga koʻchirgan hamda uning hayotini taʼminlash uchun zarur boʻlgan bozorlar, karvonsaroylar, tomoshagohlar, yashash kvartallaridan iborat shaharcha qurdirgan. Shahar hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, bino qoldiqlari Qarshida XIV asrning 1-yarmida bir qancha koshinkor imoratlar mavjud boʻlganligidan dalolat beradi. XIV asrning 2-yarmida shahar qoʻrgʻoni atrofi gʻisht va paxsa devor bilan oʻralgan, shaharda Odina masjidi qurilgan. Qalʼa atrofida 2,5-3 metr chuqurlikda xandaq qazilgan Xandaq ustida 4 ta koʻtarma koʻprik boʻlgan. Shahar qoʻrgoni hududi 40gektarni tashkil etgan. Keyinchalik bu shaharcha kengayib, Movarounnahrning markaziga aylangan. Shahar esa shu saroy nomi bilan Qarshi deb atala boshlagan (turkiy „qarshi“ soʻzi forscha „saroy“ soʻzining sinonimidir. Bu soʻz Qoshgʻariyda uchraydi). Nasaf aholisi sekin-asta Qarshi atrofiga koʻchib oʻta boshladi. Mana shu paytdan boshlab Qarshi Nasafning ikkinchi nomiga aylandi va XIX asrga kelib Nasaf nomini isteʼmoldan chiqardi.

Kebakxon pul islohoti oʻtkazgan. Uning davrida Buxoro, Samarqand, Termiz shaharlarida hayot qayta jonlandi. Shu shaharlarda zarb qilingan tangalar „kepakiy“ nomini olgan. Qizigʻi shundaki, rus tilidagi „kopeyka“ soʻzi bilan bu soʻz talaffuz jihatdan juda yaqin. Kebekxon davrida moʻgʻullarning Rusya ustidagi taʼsirini hisobga oladigan boʻlsak, „kopeyka“ning „kepaki“dan olingani unchalik ajablanarli emas.

Temuriylar davrida Nasaf (XIV-XVI asrlar) Amir Temur strategik ahamiyatga molik boʻlgan Nasafni himoya devori bilan oʻratdi. Ammo, Amir Temurning vatani boʻlgan Keshning mavqei koʻtarilishi natijasida Nasaf biroz eʼtibordan qoldi. Shuning uchun temuriylar davridan biron koʻzga koʻrinarlik yodgorlik qolmagan.

Buxoro xonligi (Shayboniylar, ashtarxoniylar) davrida Qarshi (XVI-XVIII asrlar)