right|thumb|250px Qoraqalpogʻiston (rasman: Qoraqalpogʻiston Respublikasi) — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi Suveren Respublika. Maydoni 166,6 ming km². Aholisi 2 million (2024). Respublika poytaxti — Nukus shahri. Tarkibida 16 tuman, 12 shahar, 14 shaharcha va 124 fuqarolar yigʻini bor.
Davlat tuzumi Qoraqalpogʻiston — parlament boshqaruv shakliga ega boʻlgan O'zbekiston respublikasi tarkibidagi suveren demokratik respublika. Qonun chiqaruvchi oliy davlat vakolatli organi — koʻp partiyaviylik asosida 5 yil muddatga saylangan deputatlardan iborat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi (QR JK). Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi respublika rahbari hisoblanib, u Joʻqorgʻi Kenges deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylanadi (faqat ketma-ket 2 muddatdan oshmaydi). Davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi-boshqaruvchi organi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumati hisoblanadi. Qoraqalpogʻistonda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Oliy Kengashining 1993-yil 9-apreldagi 12-chaqiriq 12-sessiyasida qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilinadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz davlat ramzlari: gerb, madhiya va bayrogʻiga ega.
Tabiati Qoraqalpogʻiston Qizilqum choʻlining shimoli-gʻarbiy, Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismi va Amudaryo deltasida joylashgan. Orol dengizining janubiy qismi Qoraqalpogʻiston hududida. Qizilqumning shimoli-gʻarbiy qismi Orol dengizi tomon pasayib boruvchi keng yassi tekislik boʻlib, qator tepa va qumli barxanlar (balandligi 75 m dan 100 m gacha) uchraydi. Alohida togʻ massivlari (eng yirigi — Sulton Uvays togʻi, choʻqqilari 473 m va 485 m) bor. Sugʻoriladigan yerlar va sugʻorish kanallari, asosan, deltaning oʻng sohilida. Gʻarbida bir nechta botiqli (Borsakelmas, Asakaovdon botiqlarining balandligi 29–101 m) Ustyurt platosi joylashgan. Plato Orol dengizi va Amudaryo deltasiga tik yon bagʻirli jarlik — chinklar hosil qilib tushgan. Ustyurtdan janubi-sharqda Sariqamish soyligining shimoliy chekkasi joylashgan.
Foydali qazilmalardan osh tuzi va glauber tuzi, mineral xom ashyo hamda qurilish materiallari va boshqalar bor. Iqlimi keskin kontinental, yozi quruq va qishi nisbatan sovuq, qor kam yogʻadi. Yanvar oyining oʻrtacha temperaturasi janubda -4,9°, shimolida -7,6°, iyulda janubida 28,2°, shimolida 26°. Yillik yogʻin 110 mm, asosan, qish va bahor oylarida yogʻadi. Vegetatsiya davri 194–214 kun. Eng yirik daryosin— Amudaryo (quyi oqimi). Amudaryo havzasi qadimdan sugʻoriladigan hudud sifatida maʼlum. Daryo suvidan sugʻorishda foydalaniladi. Nukus shahrida joylashgan suv xoʻjaligi boshqarmasi Taxiatosh gidrouzeli, Qipchoq gidropostidan Orol dengizigacha boʻlgan (283 km) hududdagi daryoning barcha suv chiqarish inshootlarini nazorat qiladi. Oʻrta va yuqori oqimlarda daryo suvi sugʻorishga koʻp sarflanishi natijasida hozirgi Amudaryo Orol dengiziga bevosita quyilmaydi.
Qoraqalpogʻistonning eng yirik koʻli — Orol dengizi, shuningdek, Xoʻjakoʻl — Qora-jar koʻllar sistemasi bilan bogʻlangan Sudochye koʻl sistemasi hamda Orol dengizining qurib qolgan qismida tashkil etilgan sunʼiy suv havzalari ham mavjud. Soʻnggi 40 yil ichida Amudaryo va Sirdaryo havzalarida sugʻoriladigan yerlarning kengayishi natijasida Orol dengizi suv sathi 2005-yil boshida 23 m pasaydi. Qoraqalpogʻistonning barcha suv havzalaridan baliq ovlanadi, ularda baliq xoʻjaliklari tashkil etilgan.
Tuprogʻi, oʻsimlik va hayvonot olami Amudaryo deltasida allyuvial-oʻtloq, allyuvial oʻtloq-toʻqay, qurib qolgan koʻl va botqoqliklarda tipik shoʻrxok, Ustyurt platosida va Qizilqumda taqir tuproqlar, Qiziljar, Toʻqmoqtogʻ va Ustyurt platosida kulrangqoʻngʻir, Orol dengizining qurib qolgan tubida qumli choʻl tuproqlari tarqalgan.
Qoraqalpogʻistonda yuksak oʻsimliklarning 979 turi uchraydi. Ularning 41 tasi madaniy turga mansub. Yovvoyi oʻsimliklarning 176 tasi endemik, 11 tasi qoldiq (relikt) va 33 turi madaniy oʻsimliklarning yovvoyi ajdodlari. 7 turdagi oʻsimlik Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Qoraqalpogʻiston hududi tropik boʻlmagan choʻl zonasida joylashganligi sababli oʻsimlik qoplami zonalar boʻyicha ajralib turadi: Ustyurt platosi, Amudaryo deltasi, Qizilqum shimoli-gʻarbiy va qoldiq past togʻlar tabiiy geografik zonasi. Ustyurt land-shafti gipsli, shoʻrxok va qumli choʻl boʻlib, oʻsimliklari gipsofit, galofit va ozroq psammofitlardan iborat. Bu hududda 400 dan ortiq yuksak oʻsimlik turi mavjud.
Amudaryo deltasida 655 turdagi gulli oʻsimlik oʻsadi. Deltaning suv havzalarida, aksincha, oʻsimlik turi kam, asosan, qalin toʻqay oʻsimliklari va qamishdan iborat. Qizilqumning shimoli-gʻarbiy qismida katta maydonlarda siyrak oʻt-butali choʻlga xos oʻsimliklar (kserofil boshoqlilar, qorabosh, efemerlar, yulgʻun, oq saksovul) oʻsadi.
Qoldiq togʻlarda oʻsimlik turi nisbatan koʻp. Bu yerda 506 turga mansub yuksak oʻsimlik uchraydi.
Hozirgi vaqtda Qoraqalpogʻiston tabiiy oʻsimliklaridan yem-xashak, oʻrmon (toʻqay) xom ashyosi va dorivorlar sifatida, 50 % yer maydonidan (9387,7 ming gektar) yaylov sifatida foydalaniladi. Qoraqalpogʻiston oʻrmon-toʻqay fondi 1129 ming gektar maydonni egallaydi. Toʻqaylar asalarichilikda ham ahamiyatga ega. Respublikada dorivor oʻsimliklarning 364 turi mavjud.
Hayvonot dunyosi ham xilma-xil: umurtqali hayvonlarning 500 ga yaqin, shu jumladan, sut emizuvchilarning 68, qushlarning 300 dan ziyod, sudraluvchilarning 33, suv va quruqlikda yashovchilarning 2, baliqlarning 50 ga yaqin turi maʼlum. Umurtqasiz hayvonlarning 3500 dan ortiq turi aniqlangan. Soʻnggi 10 yil ichida Qoraqalpogʻiston hayvonot dunyosi ancha oʻzgarishlarga uchradi. Koʻpgina turlar soni qisqardi va ular noyob yoki yoʻqolib borayotgan turlar qatoriga kiritildi. Sut emizuvchilarning 10, baliqlarning 12, qushlarning 37, sudralib yuruvchilarning 10 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Choʻlda sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; kemiruvchilardan yumronqoziq, qumsichqon, qoʻshoyoq; yirik sut emizuvchilardan jayron, boʻri, tulki; qushlardan saksovul soykasi, burgut, tuvaloq, soʻfitoʻrgʻay; oʻrgimchaksimonlardan chayon, falanga va boshqalar yashaydi. Toʻqaylarning hayvonot dunyosi nisbatan boy: qirgʻovul, oʻrdak, gʻoz, qoravoy, loyxoʻrak; sut emizuvchilardan chiyaboʻri, toʻqay mushugi, boʻri, tulki, tolay quyon, qobon, ondatra va boshqalar iqlimlashtirilgan. Amudaryo va Oroldan pilmay, sazan, taran, laqqa baliq kabilar ovlanadi. Baʼzi turlar yoʻqolib ketgan va sanoat ahamiyatini yoʻqotgan. Shu bilan birga Qoraqalpogʻiston suv havzalarida baliqning yangi 14 turi iqlimlashtirilgan.
Respublikada 3 maxsus qoʻriqlanadigan tabiiy hudud: „Badaytoʻqay“ davlat qoʻriqxonasi, „Saygʻoq“ va „Sudochye“ buyurtma qoʻriqxonalari tashkil etilgan. Qoʻriqlanadigan hududlarning umumiy maydoni 1056,5 ming ga.
Hududiy boʻlinishi right|thumb|350px Tuman nomi Tuman markazi 1 Amudaryo tumani Mangʻit (shahar) 2 Beruniy tumani Beruniy (shahar) 3 Chimboy tumani Chimboy 4 Ellikqalʼa tumani Boʻston 5 Kegeyli tumani Kegeyli 6 Moʻynoq tumani Moʻynoq 7 Nukus tumani Oqmangʻit 8 Qanlikoʻl tumani Qanlikoʻl 9 Qoʻngʻirot tumani Qoʻngʻirot 10 Qoraoʻzak tumani Qoraoʻzak 11 Shumanay tumaniShoʻmanoy 12 Taxtakoʻpir tumani Taxtakoʻpir 13 Toʻrtkoʻl tumani Toʻrtkoʻl 14 Xoʻjayli tumani Xoʻjayli
Aholisi Aholisi, asosan, oʻzbeklar va qoraqalpoqlar, shuningdek, qozoqlar, qirgʻizlar, turkmanlar, rus, ukrainlar tatar, koreyslar va boshqa oʻtizga yaqin millatlar yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 9,4 kishi. Shahar aholisi 48,5 %, qishloq aholisi 51,5 %. Davlat tillari — qoraqalpoq va oʻzbek tili. Etnik tarkibi — Oʻzbeklar (39,8 %), Qoraqalpoqlar (36,8 %), Qozoqlar (11,6 %) va boshqa millatlar. Dindorlari — musulmon sunniylar. Yirik shaharlari: Nukus (siyosiy ahamiyati boʻyicha Toshkentdan keyin 2-oʻrinda), Toʻrtkoʻl, Taxiatosh, Xoʻjayli, Qoʻngʻirot, Chimboy. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2 milliondan sal koʻproq kishi yashaydi.(2025-yil)
Davlat boshqaruvi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesi oliy davlat vakillik organi hisoblanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng yuqori lavozimli shaxsi hisoblanadi. U bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining oʻrinbosari hamdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi-boshqaruvchi organi hisoblanadi.
Tarixi Qoraqalpogʻiston hududida odam soʻnggi paleolit davridan yashay boshlagan. Miloddan avvalgi 5-ming yillik–2-ming yillik boshlarida aholi, asosan, Amudaryo deltasi va Orol, Kaspiy dengizlari yon atroflaridagi choʻllarda joylashgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik oxirida bu hududda sugʻoriladigan dehqonchilik paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi VI asrlarda Qoraqalpogʻiston hududida qadimgi davlatchilik markazlari yuzaga kelgan. Miloddan avvalgi IV asrda Axomaniylar saltanati tarkibidan ajralib chiqqach, yagona qadimgi Xorazm davlati tashkil topdi. Qoʻyqirilgan-qalʼa, Oyboʻgʻir va Burliqalʼa shaharlari xarobalarini qazish vaqtida qad. yozma yodgorliklar (miloddan avvalgi IV asrga oid), Qoʻyqirilganqalʼa va Oqshoxonqalʼada qadimiy tasviriy sanʼat va haykalta-roshlik yodgorliklari topildi. xorazmshoxdarning Tuproqqalʼa (milodiy 3- IV asr boshlari) saroyi soʻnggi antik dav. rning eng ulkan yodgorliklaridan biri hisoblanadi. VIII asrda arablar olib kelgan islom dini zardushtiylik aqidalarini surib chiqardi. XII–XIIIasrlarda buyuk Xorazmshohlar davlati Gʻarbiy Osiyo va Urta Sharqda eng yirik va kuchli davlat edi. XIII asrda moʻgʻullar isti-losidan soʻng bu davlat parchalanib ketdi. XIV asrda Xorazm Oltin Oʻrdaning eng boy va madaniy viloyatiga aylandi. Qoraqalpogʻiston hududidan Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar, Dashti Qipchoq va Volga boʻyiga muhim savdo yoʻllari oʻtgan va xalqaro savdoda muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Qoraqalpoqlarning eng qadimgi etno-genezi Amudaryo deltasi va OrolKaspiyboʻyi choʻllarida miloddan avvalgi VII–IV asrlarda yashagan sak-massaget qabilalari bilan bogʻliq. VI–VIIIasrlarda mahalliy aholi bilan turkiy qabilalar qisman aralashib ketgan. VIII–Xasrlarda bijanak (pecheneg va oʻgizlar muhitida qoraqalpoq millati shakllana boshladi. Chingizxonning bosqinchilik harakatlari vohani choʻlga aylantirgan, Amudaryo quyi oqimi atroflarida yashagan aholining koʻplab koʻchib ketishiga sabab boʻlgan. Qoraqalpoqlar gʻarbga Oʻzboʻy, Volga va Ural tomonga koʻchib oʻtganlar. U yerda Oltin Oʻrda tarkibida boʻlganlar. Ular Rashiduddin asarida „qavmi kulohi siyoh“ deb atalgan.
Qoraqalpoqlarning aksariyat qismi XVII–XVIIIasrning oʻrtalarida Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimlarida yashagan. XVIII asrning oʻrgalarida siyosiy voqealar, yaʼni qozoq xoni Abulxayrxon qoraqalpoq yerlariga hujum qilishi oqibatida ular Sirdaryo deltasidagi gʻarbiy tarmogʻi — Janadaryo boʻylariga koʻchib oʻtdilar va Amudaryoning quyi oqimida yashovchi qoraqalpoqlar orol oʻzbeklari bilan birlashib, markazi dastlab Qoʻngʻirot, soʻngra Shohtemir (hozirgi Chimboy) boʻlgan davlat (Orol mulkini) tuzdilar. Qoraqalpoklar asosan, chorvachilik, dehqonchilik va baliq ovlash bilan shugʻullanganlar.