Montana — AQShning shim.gʻarbiy qismidagi shtat. Togʻli shtatlar guruhida. Kanada bilan chegaradosh. Maydoni 380,8 ming km². Aholisi 909,4 ming kishi (2002), shundan shahar aholisi 52%. Maʼmuriy markazi — Xelina shahri. Yirik shaharlari: Billings va Great Falls. Shtatning gʻarbiy qismini Qoyali togʻlar egallagan, sharqiy qismi Preriy platosidan iborat. Iqlimi moʻtadil, kontinental iqlim. Yanvarning oʻrtacha havo harorati —8°, iyulniki 20°. Yillik yogʻin 350–400 mm. Yirik daryolari: Missuri va uning irmogʻi Yellouston. M. hududida Gleysher va Yellouston milliy parklarining bir qismi joylashgan.

M. iqtisodiyotining yetakchi tarmogʻi — kon sanoati va ekstensiv qishloq xoʻjaligi. Mis, qoʻrgʻoshin va rux eritish, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari: bugʻdoy va qand lavlagi. Milliy parklarga koʻplab turistlar keladi.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

Turkum:AQSh: Tog`li shtatlari Turkum:AQSh shtatlari