Yosh buxoroliklar — Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi). Dastlab „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. 1910-20 yillarda „Yosh buxoroliklar“ partiyasi deb atalgan. Unga taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambagʻallari vakillari kirgan. Ular boshida mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar oʻtkazish, konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qoʻyish tarafdori boʻlgan. Abdulvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (Usmonxoʻja), Otaulla Xoʻjayev, Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Homidxoʻja Mehriy, Muso Saidjonov, Mirzo Siroj Hakim Yosh buxoroliklarning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning faoliyatida Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev va Muhiddin Mansurov katta rol oʻynashdi. Yosh buxoroliklar iqtidorli yoshlarni Istanbul, Qozon, Ufa, Boqchasaroyga oʻqishga joʻnatdi. Ular partiyaning moddiy mablagʻi hisobidan taʼlim olishgan. Fayzulla Xoʻjayev va Muhiddin Mansurov partiyaga katta mablagʻ ajratgan. Istanbulda „Buxoro taʼlimi maorif jamiyati“ tashkil qilinib, jamiyat aʼzolari Turkistonda maorif tizimini rivojlantirishda muhim ishlar qilishdi. Jamiyatning koʻmagi bilan Abdurauf Fitrat va boshqalar taraqqiyparvarlarning asarlari Istanbulda nashr qilinib, Turkiston mintaqasiga tarqatildi. Yosh buxoroliklarning maqsadi yangi usul maktablarini ochish, bolalarning savodini tezroq chiqarish, ijtimoiy ongini oʻstirish, maktab, madrasa, oʻquv tizimini isloh qilish edi. Buxoroda boshlangan harakat tezda Shaxrisabz va Karkigacha tarqaldi. 1912-yil Buxoroda dastlabki gazetalar — tojik tilida „Buxoroyi sharif“ va oʻzbek tilida „Turon“ chiqa boshladi. Gazetalarni moddiy jihatdan taʼminlash va nashr ishlarini yoʻlga qoʻyishda Muhiddin Mansurov va Mirzo Siroj Hakim muhim rol õynaydi. Biroq 1913-yil yanvarda bu gazetalarning faoliyati rus maʼmurlari tomonidan taqiqlab qoʻyildi. Istanbulda taʼlim olgan koʻplab buxoroliklarning yurtiga qaytishi bilan maorif ishlari yana jonlandi. 1914-yildan boshlab Yosh buxoroliklar maʼrifatchilikdan siyosat sohasiga oʻtdilar. Yosh buxoroliklar amirlik tuzumini isloh qilish toʻgʻrisida dadil fikrlar bilan maydonga chiqishdi. Ularning ijtimoiy, siyosiy, maʼrifatparvarlik faoliyati partiya mazmunida endilikda yangicha maqsad va yoʻnalish kasb etdi. Buxoroda „Maʼrifat“ kutubxonasi va „Barakat shirkati“ tuzilib, ular kitoblar nashr qilish va xorijda chiqarilgan turli adabiyotlar, gazeta va jur.larni Buxoroda tarqatish bilan shugʻullanadilar. Bu ishlarda Abdulvohid Burhonov, Ahmadjon Hamdiy, Mirzo Siroj Hakim faollik koʻrsatishdi. Biroq ularning maʼrifatparvarlik intilishlari avval amir Abdulahad, soʻngra uning oʻgʻli Olimxon tomonidan katta qarshilikka uchradi. 1917-yil fevral inqilobi Yosh buxoroliklar ichida kuchlar nisbatining qayta guruxlanishini tezlashtirdi. Astasekin isloh qilish tarafdorlari boʻlgan jadidlarga Abdulvohid Burhonov, islohot sohasida faol harakatlarni qoʻllovchi, nisbatan oz sonli yosh jadidlarga Abdurauf Fitrat yetakchilik qildi. Yosh buxoroliklar Petrograddagi Muvaqqat hukumatga amirlikda demokratik islohotlar oʻtkazishni soʻrab, 2 marta telegramma yubordi, Abdurauf Fitrat va Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Petrogradga joʻnatildi. Ular Rossiyadan maxsus komissiya kelayotgani sababli Orenburgdan Buxoroga qaytishdi. Rus rezidenti Aleksander Yakovlevich Miller Buxoroda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulvohid Burhonov va boshqalar bilan uchrashib, Yosh buxoroliklar talablari bilan qiziqdi. Yosh buxoroliklar yangi usul maktablari ochish, matbuotga erkinlik berish, xalq hukumati tuzish talablarini ilgari surdi. Buxoro amiri Olimxon Miller va uning yordamchisi Shulga tuzgan manifest matnini ayrim tuzatishlar bilan farmoni oliy tarzida eʼlon qildi (1917-yil 7 aprel) Amir farmonida nufuzli kishilardan iborat majlis tuzish, davlat xazinasini taʼsis etish va mamlakat byudjetini belgilash, poytaxtda bosmaxona ochish, sanoat va savdoni rivojlantirish, soliklarni tartibga solish, amaldorlar ustidan nazorat oʻrnatish va ularga moyana toʻlash kabilar tilga olingan edi. Yosh buxoroliklarning Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev va Usmon Xoʻjayev boshchiligidagi soʻl qanoti farmon eʼlon qilingan kunning ertasiga Buxoro shahrida katta namoyish uyushtirdi va Registonda miting oʻtkazdi (qarang Buxoroda 1917-yil aprel namoyishi). 14 aprelda amir oʻz farmonini bekor qildi. Yosh buxoroliklar endi amir hokimiyatiga qarshi yashirin kurash yoʻliga oʻtdi. Ular Buxoro shahrini tark etishga majbur boʻldi va Yangi Buxoro (Kogon)ga kelib oʻrnashdi. Kogonda ular safiga Buxorodan avval chiqib ketgan yirik savdogar Muhiddin Mansurov oʻgʻillari (Abdulqodir, Amin, Isom Muhiddinov) va boshqalar bilan kelib qoʻshildi. 1917-yil aprel voqealari Yosh buxoroliklar partiyasi ichidagi boʻlinishni chukurlashtirdi va unda Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi oʻng qanot vaqtinchalik ustun keldi. Keyinchalik Yosh buxoroliklar partiyasidan qisman isloxrtlar oʻtkazish tarafdori boʻlgan jadidlarning ulamolar bilan bogʻlangan Ikrom domla boshchiligidagi guruhi ajralib chiqdi. Yosh buxoroliklar safidan yirik sarmoyadorlar chiqib, unga koʻproq shahar kambagʻallari kirdi.
Źródło i licencja
Na podstawie: Wikipedia — Yosh buxoroliklar · historia autorów.
Tekst: CC BY-SA 4.0.
Informacja o opracowaniu
Usunięto składnię wiki i szablony; dłuższe teksty skrócono.